Eng yaxshi rus tili o‘qituvchilari taqdirlandi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalq ta’limi vazirligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi, Rossiya Federatsiyasining insonparvarlik dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha nodavlat notijorat tashkiloti — “Rossiya insonparvarlik missiyasi” va “Sharq ayoli” xalqaro xotin-qizlar jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Eng yaxshi rus tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik-tanlovning birinchi bosqichi shu yilning 17—19-aprel kunlari tashkil etilib, ishtirokchilar “Mening kasbga bo‘lgan yo‘lim” mavzusida esse yozishdi. Ijodiy ishlar orasidan 36 nafar pedagogning essesi namunali deb topilib, ular tanlovning ikkinchi bosqichida qatnashishdi. Bu bosqichda pedagoglar dars o‘tish metodi, darsning borishi, o‘quvchilar ishtiroki tasvirlangan videomateriallarni hakamlar hay’atiga taqdim etdi. Pedagoglarning kasb mahorati aks etgan videodarslar hakamlar hay’ati tomonidan o‘rganib chiqilib, yakunda o‘n nafar o‘qituvchi g‘olib deb topildi.
— Tanlov bizga o‘z ustimizda ishlashimiz, mamlakatimizning turli hududlaridagi hamkasblar bilan o‘zaro tajriba almashishimiz uchun imkoniyat yaratdi, — deydi Amudaryo tumanidagi 16-IDUMning rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Nodirjon Tojimov. — O‘ylaymanki, tanlov davomida pedagog sifatida tajriba orttirdim. Ikkala bosqichda ham muvaffaqiyatli qatnashib, g‘oliblar safidan o’rin egallaganimdan xursandman.
G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom va Rossiya Federatsiyasiga 5 kunlik sayohat yo‘llanmasi taqdim etildi.
Sardor MUSTAFOYEV