“O‘zbek tili” darsliklari affiksal o‘zbek tiliga xos metodik tuzilishga ega emas
O‘zbek tili – affiksal til, rus tili esa – flektiv. Rus tilida so‘zlovchi o‘quvchilarga o‘zbek tilini o‘rgatish uchun mo‘ljallangan «O‘zbek tili» darsliklari bugungi kun talablariga javob beradimi?
Davlat tilini o‘rgatishda, aniqrog‘i, o‘qituvchining dars strukturasini va mazmunini rejalashtirishida darslik asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Shuning uchun uni yaratishga mas’uliyat va javobgarlik hissi bilan yondashmoq lozim. Afsuski, ana shu o‘ta jiddiy masalaga kutilganidek yondashilmayapti!
2015–2018-yillar mobaynida 2–9-sinflar uchun chop etilgan «O‘zbek tili» darsliklari ta’lim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, asosan, rus tilida so‘zlovchi o‘quvchilar doirasida cheklanib qolgan. Darslik affiksal o‘zbek tiliga xos metodik tuzilishga ega emas: u flektiv tillarni, jumladan, rus tilini o‘qitish mazmuni hamda usullaridan andoza olish yo‘li bilan tayyorlangan. Bunday deyishimizga mavzular asosida rejalashtirilgan dars materiallari asos bo‘ladi. Mavzular so‘zga avval bitta, keyin ikkita, so‘ng uch va undan ortiq qo‘shimcha qo‘shishni o‘rganish uchun moslab tanlanmagan.
Birinchidan, rus tilida so‘zlovchi o‘quvchi ko‘pincha so‘zga ikki va undan ortiq qo‘shimcha (affiks) qo‘shilgan holatlarda tarkibni tahlil qilmaydi. Bunday yo‘l tutish uchun zarur bilim olmaydi. Natijada so‘z shaklining ham lug‘aviy, ham grammatik ma’nolarini anglay olmaydi. Masalan, bola ish so‘zini bilsa-da, ishlarida so‘zi nima ekanini o‘qituvchidan so‘raydi. Tushunmaslikning asl sababi ish so‘ziga -lar, -i, -da qo‘shimchalarining qo‘shilganidir. Bunday holatlar esa o‘zbek tili darslarida deyarli maxsus o‘rgatilmaydi!
Ta’kidlash joizki, o‘quvchi 2-sinfda o‘zbek tilini o‘rgana boshlar ekan, dastlabki «Oila» matnidayoq ikki va undan ortiq qo‘shimchali so‘z shakliga (oilamizda kabi) to‘qnash keladi, lekin matnga doir lug‘atda ularning tarjimasi keltirilmagani, o‘qituvchi ba’zan ularni e’tiborsiz qoldirgani uchun lug‘aviy va grammatik ma’nolarini anglamaydi. Bu gap mazmunini tushunmaslikka sabab bo‘ladi. Darsliklardagi matnlarda, savol-javoblarda, mashq materiallarida bunday so‘zlar son-sanoqsiz. Bunday vaziyatda quyidagi savollar tug‘ilishi tabiiy: o‘quvchilar aksariyat so‘z shakllarining ma’nosini anglamasa, matn mazmunini qanday qilib to‘g‘ri tushuna olsin?!
2–4-sinflarda grammatik materiallar deyarli o‘rganilmaydi, deylik. Ammo 5-sinfda yashayotganimdan, mahallamiz obodligi uchun, shaharlarida, katta bo‘lganimizda kabi so‘z shakllari va birikmalarining tarjimasi dars lug‘atida berilmagan holda ishlatilgan. 5-sinfda grammatik shakllardan (fe’lning zamon, mayl shakllarini hisobga olmaganda) so‘roq yuklamalari, -lar qo‘shimchasi, egalik qo‘shimchalari, kelishik qo‘shimchalari, bilan, uchun ko‘makchilari, va, hamda bog‘lovchilari haqida nazariy bilimlar berilgan, xolos. Birgina egalik va qaratqich kelishigi qo‘shimchalarining birgalikda kelishi tushuntiriladi. Lekin 6-sinf «O‘zbek tili» darsligidagi matnlarda, mashq materiallarida hali shu sinfgacha o‘rganilmagan morfologik shakllar ko‘plab ishlatilgan. Masalan, qishloqlarimizda, shahridanman, moliyaviy, hisoblab chiqar ekanlar, oromgoh etagidagi, ajratilib, hayqirar (darslik lug‘atida hayqirmoq bor, hayqirar esa yo‘q), tog‘ bag‘ri, o‘rmon yoqasida kabi ko‘makchili so‘z birikmalar, tutay boshladi kabi ko‘makchi fe’lli birikuvlar qo‘llangan. Bunday misollarni yuqori sinflar darsliklarida ham ko‘plab uchratish mumkin. Rusiyzabon o‘quvchilarning imkoniyatlarini nazarda tutmagan bunday so‘z shakllari va birikmalarini o‘qituvchi yordamisiz tushunish qiyin. Bizningcha, darslik tuzayotganda tilni maktabga kelib o‘rganayotgan bolalarni o‘ylamaslik oqibati bu!
Ikkinchidan, so‘zni so‘zga bog‘lovchi (shakl hosil qiluvchi) qo‘shimchalar muayyan gap konstruksiyalari namunalari orqali nutqda faollashtirilishi yuqori samara beradi. Afsuski, darsliklarda o‘quvchilarga mustaqil ravishda gap tuzishni o‘rgatish mutlaqo yo‘lga qo‘yilmagan! Rus tilida so‘zlovchi o‘quvchi o‘zbek tilida jumla tuza olmasa, nutqi qanday qilib o‘sadi!?
Gap tuza olmagan bola qanday qilib matn mazmunini gapirib beradi? So‘zlab bera olmagach, oson yo‘lni qidirib topadi, mazmunini tushunsa-tushunmasa, matnni yod oladi. Holbuki, o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi ilmida gap konstruksiyalari namunalari asosida o‘quvchilarni gap tuzishga o‘rgatish masalalari allaqachon o‘z yechimini topgan! Ammo nima uchundir darslik mualliflari ushbu yechimlarni darsliklarning metodik tuzilishiga joriy etishmayapti.
Uchinchidan, matn ustida olib boriladigan ishlar jarayonida o‘quvchilarga grammatik shakllarni mustaqil ravishda gap tuzish bilan bog‘lab o‘rgatish noqulay. Matndan nutqqa qarab borish o‘tgan asrning 60-yillaridan beri amalda qo‘llangan, lekin samara bermagan usul! Buni qarangki, 2–9-sinflarning «O‘zbek tili» darsliklari bir xil: matndan nutqqa qarab borish tartibida tuzilgan va shu bilan katta metodik xatoga yo‘l qo‘yilgan. Bu masala ham metodika ilmida har tomonlama ilmiy va amaliy asoslangan. “Matndan nutqqa” tartibida yozilgan darsliklarda nutq o‘stirish vazifalari matn yuzasidan o‘tkaziladigan mashqlar zimmasiga yuklanadi. Bunda avval matndagi yangi so‘zlar, grammatik shakllar ustida ishlanadi, so‘ng matn mazmunini tushunishga qaratilgan o‘qib tarjima qilish mashqi bajariladi, savol-javob o‘tkaziladi. To‘g‘ri, matnni o‘qib, rus tiliga tarjima qilish matn mazmunini rus tiliga o‘girilgan tarjima orqali qisqa fursatda anglash imkonini beradi, lekin bu ishlar nutq o‘stirishni ta’minlay olmaydi! Sababi, ushbu jarayonda o‘quvchilar mustaqil ravishda gap tuzishni o‘rganmaydilar.
To‘rtinchidan, o‘zbek tilini o‘qitishdan asosiy maqsad shunchaki o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirish, ularga grammatikaga oid nazariy ma’lumotlarni shunchaki o‘rgatish emas, balki nutq o‘stirishdir. Amaldagi 2–4-sinf darsliklari asosan so‘z boyligi, talaffuz va imlo ustida ish olib borishga qaratilgan, ya’ni so‘z shakllarini tarkiban anglash va grammatik qo‘shimchalarni ongli ravishda amaliy o‘zlashtirish ko‘zda tutilmagan. 5–9-sinflar «O‘zbek tili» darsliklarida esa morfologiya va sintaksisning tizimli kursi o‘tiladi. Darsliklarda nutq o‘stirish uchun xizmat qilmaydigan, keraksiz nazariy ma’lumotlar juda ko‘p, aksariyat bilimlar aslida nutqiy kompetensiyani shakllantirishdan yiroq, ularda nazariy chalkashliklar ham oz emas. Eng yomoni, 5—7-sinf darsliklarida o‘zbek tilidagi terminlar ham, nazariy ma’lumotlar ham faqat o‘zbek tilida keltirilgan. O‘quvchilar ularning ruscha muqobili, tarjimasini bilmasa, berilayotgan bilimlar mazmunini tushunmasa, qanday qilib lingvistik kompetensiyaga ega bo‘ladi-yu, qanday qilib nutq o‘stiradi?!
Beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plamida (2017-yil, 14-son) e’lon qilingan «Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti»da o‘zbek tili o‘qitishning maqsad va vazifalari sirasida shunday deyiladi: «o‘quvchilarning o‘zbek tilida og‘zaki va yozma nutq savodxonligini rivojlantirishga qaratilgan lingvistik kompetensiyalarini shakllantirish» (148-bet). Bu degani o‘zbek tili ta’limi mazmunida o‘quvchilarga o‘zbek tili grammatikasidan sistemali kurs emas, balki nutqiy kompetensiyani hosil qilishning lingvistik asoslarini o‘rgatish ko‘zda tutilishi kerak. O‘quvchilarga 6-sinf darsligida berilganidek sifatning ma’no turlarini (maza-ta’m, hajm-shakl) bilishdan ko‘ra so‘zning morfologik jihatdan murakkablashib borishini sinfdan sinfga ma’lum tadrijiylik asosida o‘rganish muhim emasmi? Shunday yo‘l tutilganda edi, affiksal o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari ta’lim mazmunini tashkil etgan darsliklar maydonga kelgan bo‘lardi!
R.YO‘LDOSHEV, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi,
pedagogika fanlari nomzodi