Fan olimpiadasi g‘oliblari aniqlandi
8-iyun kuni Toshkent qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida akademik litseylar, kasb-hunar kolleji va umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida umumta’lim fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadasining IV bosqichi boshlangan edi. Bugun respublika fan olimpiadasi jarayonlari yakunlandi. G‘oliblar aniqlanib, ularga diplom va oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari va qo‘shimcha imtihonlarsiz kirish imtiyozini beruvchi guvohnomalar topshirildi.
Respublika fan olimpiadasining IV bosqichida 1059 nafar (341 nafari akademik litsey, 107 nafari kasb-hunar kolleji, 611 nafari maktab o‘quvchilari) o‘quvchi ishtirok etdi. Jarayonlarning haqqoniy va shaffofligini ta’minlash maqsadida hakamlar hay’ati va appelyatsiya komissiyasi tarkibi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari takliflari asosida Davlat test markazi vakili, Fanlar akademiyasi institutlarining yetakchi pedagog-olimlari, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va umumta’lim maktablarining yetakchi professor-o‘qituvchilaridan shakllantirildi.
IV bosqich yakuniga ko‘ra, jami 18 ta fandan 53 nafar o‘quvchi (20 nafar 1-o‘rin, 18 nafar 2-o‘rin va 15 nafar 3-o‘rin) g‘olib deb topildi. Jamoalar hisobida Toshkent shahri 11 ta sovrinli o‘rin bilan 1-o‘rinni, Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi 5 ta o‘rin bilan 2-o‘rinni, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari 4 ta o‘rin bilan 3-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimi g‘oliblar va ularning ustozlari ishtirokida ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi. Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Dilnoza Berdiyeva “Yil o‘qituvchisi — 2017” ko‘rik-tanlovida respublika g‘olibi bo‘lgan edi. Bugun uning o‘quvchisi Dilnoza No‘monova respublika fan olimpiadasida ona tili va adabiyot fanidan 2-o‘ringa munosib deb topildi.
— Fan olimpiadasida g‘olib bo‘lish oson va yengil ish emas, — deydi Dilnoza Berdiyeva. — O‘quvchim bilan buning uchun har kuni darslardan keyin chuqur shug‘ullandik. U juda ko‘p badiiy adabiyotlar o‘qidi, o‘z ustida ishladi. Bugun niyatiga yetganidan, g‘oliblar safidan joy egallaganidan behad xursandman.
Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Murodilla Xolmuhamedov, Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov ishtirok etib, olimpiada sovrindorlarini qutlab, ularga kelajakda ulkan zafarlar tiladi.
Fan olimpiadasining Respublika bosqichi 18 ta fan bo‘yicha o‘tkazildi va mazkur fanlarning har biridan 3 nafardan g‘olib o‘quvchilar aniqlanadi hamda ularga Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 10-oktabrdagi 226-sonli qaroriga muvofiq tegishli fan yo‘nalishida oliy o‘quv yurtiga kirishda imtyozlar beriladi.
Fan olimpiadasining Respublika bosqichi g‘oliblari ro'yxati bilan gazetamizning telegramdari rasmiy kanali (@marifatziyo) orqali tanishishingiz mumkin.
Zilola MADATOVA