Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida xalqaro va donorlik tashkilotlari taklif etildi
Xalq ta’limi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligida xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), YuNISEF, Britaniya Kengashi, O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi va Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashi vakillari ishtirok etdi, deb xabar berdi vazirlik axborot xizmati
Ushbu uchrashuv Xalq ta’limi vazirligi va donorlik tashkilotlari ishchi guruhining xalq ta’limi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha birinchi yig‘ilishidir. Ishchi guruhning maqsadi yurtimizda xalq ta’limi sohasida amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalarni bir birini takrorlanishini oldini olishdan iborat.
Uchrashuvning ochilish marosimida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov mamlakatimiz Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan tanishtirdi. Shuningdek, hamkorlarni ushbu farmon asosida tasdiqlangan 2030-yilgacha xalq ta’limini rivojlantirishning maqsadli parametrlarini amalga oshirish jarayonida ko‘maklashib borishda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Ta’kidlash joizki, asosiy maqsadga erishish uchun rivojlangan mamlakatlarning tajribasini o‘rganish va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun xalqaro donorlar yordami zarur.
Donorlik tashkiloti vakillari ishchi guruh a’zolariga Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlarini tanishtirib o‘tdi.
Xalq ta’limi sohasida AKTni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Qayumov o‘quvchilarni baholash tizimi, qizlarni kasbga yo‘naltirish va salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalarni taqdim etdi.
Ishchi guruh yig‘ilishida xalqaro tashkilot vakillari konsepsiyaning strategik ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.