“Revizor” maktab darsligiga qaytsa…
Mustaqillikkacha maktab adabiyot darsliklarida zamonasozlik ruhidagi, o‘tmishni qoralab, sotsializmni ulug‘lovchi, badiiy jihatdan nochor asarlar ham ko‘p bo‘lgani haqiqat. Shu bilan birga o‘sha davr adabiyot darsliklaridan jahon mumtoz adabiyotining eng go‘zal, sara asarlari ham joy olganini e’tirof etish kerak.
Bundan ko‘z yumish shu davr adabiyotiga nisbatan hurmatsizlik, adolatsizlikdir. Ana shunday durdona asarlardan biri — Gogolning “Revizor” komediyasi. Bu asar nafaqat rus, balki jahon mumtoz adabiyotining ham eng go‘zal namunalaridan. Muallif asarda o‘z davridagi rus jamiyatini bor bo‘y-basti bilan tasvirlaydi, rus chinovniklarining umumlashma portretini chizadi, jamiyatdagi jirkanch va yaramas illatlar ustidan achchiq istehzo bilan kuladi, o‘z ishiga noloyiq amaldorlarni ayovsiz fosh etadi; poraxo‘rlik, laganbardorlik, tamagirlik kabi jamiyatni tanazzulga eltuvchi illatlar va ularning tomirlariga chuqur nazar solib, bularning barchasini o‘quvchi, kitobxon ko‘z oldida yaqqol gavdalantirib beradi. Bunday illatlarga uchragan, xastalikka chalingan jamiyatning kelajagi yo‘qligi, bunday tuzumning oxiri voyligi haqida teran xulosa chiqaradi. Buning oqibatida oddiy mehnatkash xalq jabr ko‘rishi haqida o‘quvchini ogoh etadi.
“Revizor”da qalamga olingan muammolar bugungi kunda ham mavjud. Shu sabab maktab darsliklariga “Revizor” kabi real, aktual, hayotiy asarlarni nohaq “surgun”dan qaytarish vaqti allaqachon yetib keldi. Gogol kabi ijodkorlarning asarlari maktab darsliklaridan chiqarilishi adolatdan emas. Agar maktab darsliklariga “Revizor” komediyasi qaytarilsa, adolatli ish bo‘lar edi. Shunda bu asarni o‘qigan o‘quvchi hozirgi zamonamizdagi, real hayotimizdagi, kundalik turmushimizdagi Anton Antonovich, Luka Lukich, Xlestakov, Dobchinskiy, Bobchinskiy, Ammos Fyodorovich, Ivan Kuzmichni tanib oladi, ularning ustidan kuladi, ularga qarshi, shunday illatlarga qarshi kurashish kerakligini anglaydi. Shundagina ta’lim tizimiga majburan tiqishtirilgan va faqat qog‘ozda bajarilayotgan “kompetensiya” amalda bajarilgan bo‘ladi.
Adabiyot — so‘z san’ati, hayotning aksi deymiz. Adabiyotning vazifasi badiiy so‘z yordamida real hayotni haqqoniy aks ettirish ekanini yaxshi bilamiz. Badiiy asarni o‘qigan o‘quvchi, kitobxon undan estetik zavq, ruhiy lazzat olishi, ma’nan boyishi kerak deymiz. Ammo deylik “Qadimiy bitiktoshlar” hamda “Revizor” komediyasini o‘qigan o‘quvchi qaysisidan yuqoridagi maqsadga erishishi, BKMni hayotda qo‘llay olish iqtidoriga ega bo‘lishi haqida xulosa chiqaradigan bo‘lsam, tarozining Gogol asari turgan pallasi o‘n baravar ko‘proq tosh bosishi kunday ravshan.
Mansur QURBONOV, Xonqa tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi