“Hashak”mi yoki “xashak”?
Maktab darsliklarida uchraydigan xatolar o‘quvchilarning ustozlar bilimiga shubha bilan qarashiga sabab bo‘lmoqda. Chunki o‘quvchilar darslikda xato bo‘lmaydi deb hisoblaydi.
Ular bu xatolarni ko‘p hollarda to‘g‘ri deb qabul qiladi. Ammo darslikdagi imloviy, ishoraviy va uslubiy xatolar diktant, bayon yoki insho yozishda jumla qurilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi tufayli o‘quvchilarning savodxonligiga ta’sir etmoqda. Taassufki, ona tili va adabiyot fani darsliklarida uchraydigan “X” va “H” harflari imlosi hatto ayrim mutaxassis o‘qituvchilarni ham ikkilantirmoqda. Quyida maktab darsliklaridagi bir necha xatoliklarni keltiramiz.
1. 2-sinf “Matematika” darsligida (Mualliflar: N.Abdurahmonova, L.O‘rinboyeva. Toshkent, “Yangiyo‘l poligraf servis” nashriyoti, 2018-yil) “Shakllarni taqqoslash va bo‘yash. Bo‘laklari bo‘yicha shaklni yasash va bo‘laklarga ajratish” mavzusi bor. Kitobning 147-betida 6-misol uyga vazifa sifatida berilgan. Quyidagi 28 - 41: 3 misolida 41 raqami xato yozilgan. Sababi 41 soni 3 ga bo‘linmaydi. Qoldiqli bo‘lish haqidagi mavzu esa bu misoldan keyin berilgan.
2. 5-sinf “Adabiyot” darsligi 2-qismining (Mualliflar: S.Ahmedov, V.Qosimov va boshqalar. “SHARQ” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2015-yil) 3-sahifasida Oybekning “Qutlug‘ qon” romani 1940-yil, “Navoiy” romani esa 1944-yilda yozilgan, degan ma’lumot berilgan bo‘lsa, 9-sinf “Adabiyot” darsligining 2-qismi, 38-sahifasida (Mualliflar: Q.Yo‘ldoshev, V.Qodirov, J.Yo‘ldoshbekov. “Yangiyo‘l poligraf servis” nashriyoti, 2014-yil) “Qutlug‘ qon” romani 1938-yil, “Navoiy” romani esa 1942-yil yozilgani qayd etilgan.
3. 9-sinf “Adabiyot” darsligining 47-sahifasi (Oybekning “Qutlug‘ qon” romani) 3-xatboshi 27-qatorida keltirilgan “hashak” so‘zidagi h bo‘g‘iz undoshini chuqur til orqa x undoshi bilan almashtirish kerak. to‘g‘risi xashak aslida.
4. 9-sinf “Adabiyot” darsligining 82-sahifasida (O.Yoqubovning “ Ulug‘bek xazinasi” romani) 16-qatorda keltirilgan “xushing” so‘zidagi x chuqur til orqa undoshini h bo‘g‘iz undoshi bilan almashtirilsa, gap mazmuni to‘g‘ri anglashiladi: “Bu vafosiz toj-u taxt, insonlar ustidan hokimlik qilmoq lazzati o‘zingni ham aql-u hushingdan ayirmagan edimi?”. Xuddi shu mavzuda “shahzoda” so‘zi “shaxzoda” tarzida yozilgan.
6. 8-sinf “Ona tili” darsligining (Mualliflar: M.Qodirov, H.Ne’matov va boshqalar. Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2014-yil) 67-sahifasida “Mustaqil va nomustaqil kesim shakllari” mavzusi berilgan. Undagi 141-mashqda “Tuyog‘iga ursang, shoxi zirqiraydi” jumlasi aslida “Shoxiga ursang, tuyog‘i zirqiraydi” tarzida bo‘lishi kerak. Bu o‘rinda o‘zbek xalq maqoli mantiqan noto‘g‘ri qo‘llanilgan. Ushbu darslikning 98-sahifasida “Qaratqichli aniqlovchi” mavzusi bor. 211-mashqning 1-gapi — “Avlodlarimizning yaxshi udumlarini saqlab qolaylik” jumlasi aslida “Ajdodlarimizning yaxshi udumlarini saqlab qolaylik” deb yozilganda maqsadga va mantiqqa muvofiq bo‘lar edi.
7. 10-sinf “Ona tili” darsligida (Mualliflar: N.Mahmudov, A.Sobirov va boshqalar. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2017-yil) “Gapdagi kirishlar uslubiyati” mavzusi keltirilgan. Darslikdagi 92-mashqning 5-gapida “Hayriyatki, yana ko‘rishishga muyassar bo‘ldik” deb yozilgan. “Hayriyatki” kirish so‘zi “Xayriyatki” tarzida yozilishi kerak edi.
9. 6-sinf “Adabiyot” darsligi 2-qismining (Mualliflar: S.Ahmedov, R.Qo‘chqorov, Sh.Rizayev. “Ma’naviyat” nashriyoti, 2017-yil, qayta ishlangan 4-nashr) 135-sahifasida E.Vohidovning vafoti sanasi 2016-yil deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, 11-sinf “Adabiyot” darsligining (“O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2018-yil, 2-qism) 63-betida 2017-yil deb yozilgan. Hech bo‘lmaganda darslik mualliflari yaqin yillarda bo‘lgan voqealarga bunchalik e’tiborsizlik qilmasa yaxshi bo‘lardi.
O‘ylaymizki, yangi o‘quv yilida bunday kamchiliklarga barham berilishi ona tilimizga hurmat ifodasi sifatida savodxon o‘quvchiga ta’lim berishda samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Muhayyo AHMEDOVA, Bulung‘ur tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi