Ta’limda diskriminatsiya
Diskriminatsiya — kamsitish, tahqirlash va huquqiy jihatdan teng ko‘rmaslik, degan ma’noni anglatadi. Bu doim qoralangan va biz uni yomon deb o‘rganganmiz. Ammo ta’lim sohasida diskriminatsiyadan o‘rinli foydalanilsa, ijobiy natijaga olib keladi.
Ko‘pgina o‘qituvchilar o‘zlari bilib-bilmay faoliyati davomida turli darajadagi diskriminatsiyaga yo‘l qo‘yadi. Masalan, dars davomida biror foydali o‘yin o‘tkazish orqali sinfdagi a’lochi va faol o‘quvchilar uchungina yutish imkonini yaratib beradi. Yoki o‘zlashtirishda qiynalayotgan biror o‘quvchini kuchliroq o‘quvchi bilan birga o‘tirishga majburlaydi. Bu holatda eng to‘g‘ri usul jamoaviy musobaqa tashkillashtirish orqali turli qobiliyatli o‘quvchilarga birdek imkoniyat taqdim etishdir. Shunda barcha imkoniyati darajasida g‘oliblikka hissa qo‘sha oladi.
Diskriminatsiyaning yana bir ko‘rinishini maktab formasi masalasida ham uchratish mumkin. Albatta, forma talabi kattaroq diskriminatsiyaning oldini olishning eng yaxshi usuli bo‘lishi mumkin, ammo buning ham salbiy tomonlari bor. Ba’zida o‘quvchi boshqalardan ajralib turishni istaydi va buni, eng avvalo, tashqi ko‘rinishidan boshlashga harakat qiladi. Bir xil talabdagi forma bilan o‘quvchining erkinligi qisman bo‘lsa-da to‘siqqa uchragach, keyinroq erkinlikka intilmay, bir xil qolipda yashashga ko‘nika boshlaydi. E’tibor bersak, bugun bizda hamma sohada boshqalardan yaqqol ajralib turadigan yetakchilarni topish qiyin. Bir kishi muvaffaqiyatga erishdimi, hamma uning yo‘lidan yursagina yutuqqa erishish mumkin degan xulosaga keladi. Bunda ham, albatta, ta’lim tizimining “hissasi” katta. O‘quvchi-yoshlarga tashqi ko‘rinishda, imkoniyatlarda va bilim olishda ham hamma farqli ekanini, kimdir matematika va aniq fanlarni yaxshi o‘zlashtirsa, boshqasi tasviriy san’at, xorijiy tillarni o‘rganish, musiqa yoki sportga qobiliyati bilan ustunligini tushuntirish kerak. Mayli, forma masalasi maktabda birmuncha foydali bo‘lishi mumkin, ammo akademik litsey, kasb-hunar kolleji va oliy ta’lim muassasalarida bundan voz kechish zarur. Hamma o‘zi istaganicha uslub yaratsin, boshqalardan farqlanib turishni o‘rgansin. Chunki tashqi ko‘rinishdagi qoliplar fikrlashdagi qoliplarni keltirib chiqaradi.
Diskriminatsiyaning undanda katta ko‘rinishi imtiyozlardir. Ya’ni bir hududga taalluqli bo‘lish yoki biror kasb egasining farzandi bo‘lgani biror maktab bitiruvchisi, biror musobaqa g‘olibi bo‘lgani uchungina imtiyozga ega bo‘lish mumkin. Imtiyoz xalqaro olimpiadalar g‘oliblariga berilsa o‘rinli, albatta, ammo boshqa holatlarda.... Hatto nogiron shaxslarga ham imtiyoz berilayotganda shunchaki shu guruh talabgorlariga bir-birlari bilan raqobat qilish imkoni yaratilishi kerak. Ammo yaqqol ustunlik berib diskriminatsiyaga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Ravshan MATMUSAYEV