Har qanday noqonuniy pul yig‘imlari taqiqlanadi, ammo...
Ayni kunlarda maktablarda o‘quv yili yakunlanishi bilan ota-onalardan ta’mir uchun pul yig‘ish mavzusi kun tartibiga chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham shu mavzu eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘lmoqda.
Misol uchun, Nodir Safarov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) ismli foydalanuvchi “Facebook” sahifasida shu mavzuda post qoldirgan:
“Uzunquloq gap emas. Hamkasblarimning farzandlari maktabga boradi. Ularning aytishicha, sinf remonti uchun yana pul yig‘ish boshlanibdi. Shu haqda bir o‘qituvchiga aytgandim, “Ota-onalar kengashi shunday qarorga keldi, biz aralashganimiz yo‘q”, dedi. To‘g‘ri, ota-onalar homiylik qilishi mumkin. Lekin bu hamma o‘quvchilar 20 yoki 30 ming so‘mdan olib kelishi kerak, degani emasku?”.
Ushbu postga ko‘plab yurtdoshlarimiz fikr bildirgan. Bir foydalanuvchi ”Bu ixtiyoriy-majburiy jarayonku. Sinf rahbarlariga bu pul umuman kerak emas. Uning chiroyli nomi bor — homiylik”, degan.
Boshqa bir yurtdoshimiz maktabda “yig‘-yig‘” tugamas ekan, o‘qituvchining maoshiga ko‘z olaytirish ham tugamasligini, buni o‘qituvchilar tushunib yetmayotgani, aniqrog‘i, ularga tushuntirib bo‘lmayotganini ta’kidlagan. “Facebook”ning yana bir foydalanuvchisi Sharifa Madrahimovaning yozishicha, pulni ota-onalar yig‘yapti. O‘qituvchi bu jarayondan o‘zini xolis qilib olgan. O‘qituvchiga yaxshi ko‘rinish ilinjidagi bir-ikki ona yoki o‘zi o‘sha maktabda ishlaydigan boshqa o‘qituvchi bosh bo‘lib olgan. O‘sha yig‘ib beryapti.
Gulixon Fathullayeva ismli foydalanuvchi yuqoridagi fikrlarga aks munosabat qoldirgan:
“Bizning maktabda kim yordam beradi yoki homiylik qila oladi, deb so‘raladi. Majburiy yig‘imlar yo‘q bo‘ldi”.
Yuqoridagi fikr-mulohazalarni o‘qib, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni nafaqat ota-onalar, balki maktab rahbarlari, hatto ayrim hududiy xalq ta’limi boshqaruvi idoralari mutaxassislari ham to‘liq tushunib yetmaganiga amin bo‘ldik. Bu o‘rinda, avvalo, davlat tomonidan ta’lim sohasiga ajratilgan mablag‘lar nimalarga sarflanishi ko‘zda tutilganiga to‘xtalish kerak. Ana shu rejada yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonidagi joriy ta’mir ham nazarda tutilganmi?
Ushbu savolga javob olish maqsadida Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qildik.
— Ta’lim muassasalarida har qanday pul yig‘imlari noqonuniy bo‘lib, taqiqlanadi, — deydi Xalq ta’limi vazir-ligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov. — Bunday holatlarning oldini olish uchun kuzatuv kengashlari tashkil etilgan. Kengashning asosiy vazifalaridan biri noqonuniy pul yig‘imlarining oldini olishdir. Sinfxonalarni ta’mirlash yoki o‘quv yili yakunida boshqa maqsadlarda o‘quvchilardan pul yig‘ish asossiz. Qaysidir maktabda bunday holat aniqlansa, qonun doirasida tegishli chora ko‘riladi. Bu kabi salbiy holatlarning oldini olishda ota-onalardan ham amaliy yordam kutib qolamiz.
Darhaqiqat, Kuzatuv kengashlari to‘g‘risidagi nizomning 5-bobida kengashning huquq va vakolatlari belgilangan. Unga ko‘ra, kengash o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda ta’lim muassasasi direktori va direktor o‘rinbosarlarining boshqaruv faoliyati, ta’lim-tarbiya jarayonining sifatli tashkil etilishi hamda o‘quvchilar, ularning ota-onalaridan noqonuniy pul yig‘imlari undirilmasligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi, ta’lim muassasasining umumiy yig‘ilishlarida qatnashadi, o‘quvchilar va ota-onalarning manfaatlarini himoya qiladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: qonuniy pul yig‘ish qay tartibda amalga oshiriladi?
Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, agar ota-onalar maktabga homiylik yordami ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, shartnoma tuziladi. Shundan keyin ota-onalar tegishli bankka borib, maktab hisobraqamiga belgilangan mablag‘ni o‘tkazadi. To‘lov xabarnomasini maktab ma’muriyatiga keltirib beradi.
Yaqinda bu masalaga Xalq ta’limi vazirligi yana bir bor to‘xtalib, ayrim OAVlarda umumta’lim muassasalari ta’miriga yetarli mablag‘ ajratilishi, shunga qaramay, ota-onalar tomonidan maktabga yordam berish uchun pul yig‘ilishi noto‘g‘ri ekanligi mazmunida maqolalar e’lon qilingani aytildi.
Shu munosabat bilan vazirlik tomonidan maktab xarajatlari bo‘yicha smetalarni ochiq e’lon qilib borish bo‘yicha ish boshlangani, asosiysi, maktab kuzatuv kengashi a’zolari ushbu smetalarda ko‘rsatilgan mablag‘larning qanchaligi va nima uchun sarflanishini yaxshi tushunib olishi kerakligi, shundagina haqiqiy holatga adolatli baho berilishi ma’lum qilindi.
Bunda Olmaliq shahri misolida maktablarga davlat tomonidan mablag‘ ajratilishi tahlil etilgan va bu yetarli emasligi ko‘rsatib berilgan.
Olmaliq shahridagi maktablarga budjetdan ajratilgan jami mablag‘ning 95,5 foizi xodimlarning ish haqi va u bilan bog‘liq xarajatlarga, 2 foizi kommunal to‘lovlarga va qolgan 2,5 foizi esa boshqa maqsadlarga (joriy ta’mirlash, kanselyariya va xo‘jalik mollari xarid qilish, qog‘oz, kutubxona fondi, telefon va internet xarajatlari, jihozlash va hokazo) yo‘naltiriladi.
Ajratilgan mablag‘ni maktab ma’muriyati muassasani joriy ta’mirlash va obodonlashtirish hamda yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorlashga sarflashi lozim. Albatta, bu mablag‘ maktablarni to‘liq va sifatli ta’mirlashga yetarli emas. Shu tufayli maktab rahbariyati yillar davomida pul yig‘ishga majbur bo‘lgan.
Hozir Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mazkur holatni bartaraf etish uchun maktablar tizimini moliyalashtirish va qo‘shimcha mablag‘ topish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, maktablarda “vaucher” (bola soniga qarab moliyalashtirish) tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu tizimga asosan maktablarga o‘quvchilar soniga qarab budjetdan mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, respublika bo‘yicha budjet mablag‘lari adolatli va shaffof taqsimlanib, xarajatlar budjetdan ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun pullik xizmat(bo‘sh xona va maydonlarni ijaraga berish, pullik to‘garak)lar tashkil etish yo‘lga qo‘yiladi. Maktablarga qo‘shimcha mablag‘ topgan holda xodimlarni rag‘batlantirish va muassasaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash imkoni beriladi.
Maktablarga qo‘shimcha mablag‘ topishning yana bir yo‘li homiylarni jalb etishdir. Homiylar turli korxonalar, sobiq bitiruvchilar, o‘quvchilarning ota-onalaridan iborat bo‘lishi mumkin.
Homiylik ixtiyoriy tarzda va qonuniy tashkil etilishi lozim. Ya’ni, pul mablag‘lari maktab hisobiga tushishi va homiylarga mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha ma’lumot olish uchun imkoniyat yaratilishi kerak.
Budjetdan ajratilgan va qo‘shimcha ishlab topilgan mablag‘larning samarali va maqsadli sarflanishini nazorat qilishda maktablarda tashkil etilgan kuzatuv kengashlari va ota-onalarning o‘rni katta. Ota-onalar kuzatuv kengashi orqali mablag‘larning sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ko‘maklashishlari lozim.
Ayni shu tartibda ish olib borib, ijobiy natija qayd etayotgan maktablar ham bor. Misol uchun, Olmazor tumanidagi 224-maktab rahbariyati ota-onalar bilan yaxshi hamkorlik o‘rnatgan. Natijada homiylik orqali yig‘ilgan mablag‘ hiso-bidan maktab nafaqat ta’mirlandi, balki yangidan qurildi.
Bir jumla bilan aytganda, maktablar bugun har qachongidan-da, siz-u bizning ko‘magimizga muhtoj. Faqat bu jarayon Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan yangi mexanizmlar asosida tashkil etilsa, jamoatchilik o‘rtasida turli gap-so‘zlar ko‘payishining oldi olinadi. Bunda, avvalo, maktab direktorlarining ishni to‘g‘ri tashkil etishi muhim ahamiyatga ega.
Xayrullo ABDURAHMONOV,
“Ma’rifat” muxbiri