Bitta maktabdan 12 o‘quvchi oltin medal oldi
Samarqand shahridagi yoshlar markazida bu yil viloyatdagi umumtaʼlim maktablarini aʼlo baholarga bitirgan, xulqi va odobi bilan tengdoshlariga namuna boʻlgan 141 nafar bitiruvchiga oltin va kumush medallar tantanali ravishda topshirildi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatidagi 1 ming 200 dan ortiq umumtaʼlim maktabida 678 ming 600 nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya olmoqda. 2018-2019-oʻquv yilida ushbu taʼlim muassasalarini 30 ming 268 nafar yosh bitirmoqda. Ular maktabda 11 yil davomida umumtaʼlim fanlarini oʻzlashtirish bilan birga 43 kasb boʻyicha dastlabki koʻnikmalarga ham ega boʻldi. Mazkur oʻquv yilidan joriy etilgan yangi tartib asosida umumtaʼlim maktablarini aʼlo baholarga bitirayotgan oʻquvchilarga oltin va kumush medallar berilmoqda. Ana shu mezonga koʻra, bu yil viloyatdagi maktablarni bitirgan oʻquvchilarning 78 nafari oltin va 63 nafari kumush medal hamda imtiyozli kasb malakasi diplomiga sazovor boʻldi.
– Yakunlangan oʻquv yili viloyatimiz xalq taʼlimi tizimi uchun muvaffaqiyatlarga boy boʻldi, – deydi Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Z.Karimov. – Ikki nafar oʻquvchi-qizimiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Paxtachilik oʻquvchimiz “Yosh kitobxon” respublika tanlovida gʻoliblikni egallab, Prezident sovgʻasi – “Spark” avtomashinasini qoʻlga kiritdi. Shuningdek, oʻquvchilarimiz koʻplab xalqaro sport musobaqalarida ham yuqori natijalarni qayd etdi. Oʻz navbatida maktablar ham oʻquv yilini katta yutuqlar bilan yakunlamoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi 62-umumtaʼlim maktabi “Obod maktab” koʻrik-tanlovining mamlakat bosqichida gʻolib boʻldi. Shahardagi 59-maktab oʻqituvchisi esa respublika miqyosida “Yilning eng yaxshi psixologi” deb eʼtirof etildi. Bugun oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan bitiruvchilarimiz kelgusida oʻzlari tanlagan oliy oʻquv yurtlarining talabasi boʻlib, jamiyatda munosib oʻrin topishiga ishonamiz.
Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari R.Qobilov maktablarni aʼlo baholarga bitirgan oʻquvchilar, ularning ota-onalari va ustozlarini tabriklab, yurtimiz taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlar samarasi haqida soʻz yuritdi.
Shundan soʻng, oltin va kumush medallar oʻz egalariga topshirildi. Oʻquv yilini muvaffaqiyatli yakunlagan pedagoglar va maktab jamoalari ham munosib taqdirlandi.
Eʼtiborli jihati shundaki, viloyat boʻyicha 78 ta oltin medalning 12 tasi Pastdargʻom tumanidagi 21-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilariga berildi.
– Biz – 12 nafar bitiruvchining oltin medal olishimiz, avvalo, maktabimizdagi ustozlarimizning talabchanligi, bizni oʻqishga ruhlantirishlari tufayli deb bilamiz, – deydi Pastdargʻom tumanidagi 21-umumtaʼlim maktabi bitiruvchisi Mohinur Hamdamova. – Buning uchun ulardan minnatdormiz. Ana shunday muhit tufayli maktabimiz bitiruvchilarining koʻpchiligi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kiradi. Biz ham, albatta, ustozlarimiz ishonchini oqlab, oʻzimiz tanlagan universitet va institutlarga oʻqishga kirib, Vatanimizga munosib farzand boʻlamiz.
Gʻolib HASANOV, OʻzA