A’lochilar uchun munosib rag‘bat
Mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida iqtidorli bitiruvchilarni oltin va kumush medallar bilan taqdirlash marosimlari bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (161 nafar o‘quvchi oltin, 161 nafar o‘quvchi kumush medal), Qashqadaryo (206 nafar o‘quvchi oltin, 283 nafar o‘quvchi kumush), Samarqand (78 nafar o‘quvchi oltin va 63 nafar o‘quvchi kumush medal), Buxoro (144 nafar o‘quvchi oltin va 151 nafar o‘quvchi kumush medal), Farg‘ona (139 nafar o‘quvchi oltin, 126 nafar o‘quvchi kumush) viloyatlarida bitiruvchilarga a’lo darajadagi diplom va attestatlar tantanali topshirildi.
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida ham “Jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shamiz!” mavzusida tadbir o‘tkazilib, Toshkent shahridagi maktablarning 11-sinfini a’lo baholarga bitirgan bilimdon va faol o‘quvchilar taqdirlandi.
Tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar e’tirof etilib, maktablarda 11 yillik majburiy ta’lim tizimi qayta yo‘lga qo‘yilgani, eng bilimli, iqtidorli o‘quvchilarni oltin va kumush medallar bilan taqdirlash joriy etilgani yoshlar o‘rtasida bilim olishga motivatsiyani oshirgani ta’kidlandi.
Joriy o‘quv yili Toshkent shahridagi 303 ta umumta’lim maktabining 11-sinfini 14 098 nafar yigit-qiz muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma oldi. Bitiruvchilarning 202 nafari oltin va 106 nafari kumush medalga sazovor bo‘ldi. Ularga oltin va kumush medallar, shuningdek, Toshkent shahar hokimligining esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
— Hech ikkilanmay aytish mumkinki, ertangi kun egalari bo‘lgan yosh avlodning ma’naviy va jismoniy kamoloti uchun qayg‘urish, ularning zamon talablariga mos bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, qobiliyat va iqtidorini namoyon qilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan, — deydi Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilfuza Islomova. — Bu bejiz emas. Chunki ayni shu yoshlar oz fursat o‘tib, katta avlodga munosib voris bo‘ladi. Demakki, ularning qay darajada bilimli bo‘lishi ertangi kunimizning qanday bo‘lishini belgilab beradi.
Tadbirda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjayev, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari E.Shukurov, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Mamajonov va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Shoira BOYMURODOVA