Musiqa o‘qituvchilari malaka oshirdi
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida vazirlik tasarrufidagi o‘quv muassasalaridan kelgan tinglovchilar "An’anaviy cholg‘u ijrochiligi" va "Xalq cholg‘ulari ijrochiligi" kasb yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tamomladi.
Yurtimizda milliy musiqa sohasini yanada rivojlantirish, bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini davr ruhiga hamohang yo‘lga qo‘yish, mazkur yo‘nalishdagi bilim dargohlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi musiqa ta’limining sifatini yanada yaxshilashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida pedagoglarning tegishli tarzda bilim va malakalarini oshirish yo‘lga qo‘yilgani musiqa o‘qituvchilarining bilimi va tajribasini tobora ko‘proq boyitishga xizmat qilmoqda.
O‘quv kursi davomida tinglovchilarga sohadagi yangiliklar, musiqa bo‘yicha chop etilayotgan yangi adabiyotlar, ilg‘or o‘qitish uslub va texnologiyalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Mashg‘ulotlar yakunida testlarni muvaffaqiyatli topshirgan hamda malaka ishini himoya qilgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Musiqa pedagoglari ishtirokida milliy kuy-qo‘shiqlardan iborat hisobot konserti namoyish etildi.
O‘zA