Suriyadan qaytgan bolalar endi qayerda ta’lim oladi?
Baxt va muvaffaqiyatga erishish uni his qilish va anglashdan boshlanadi. Bolaligi baxtiyor kechgan insonlar shu bois umr bo‘yi hayotidan mamnun bo‘lib yashaydi. Ammo hayot ziddiyatlarga to‘la. Ba’zan uni kuzata turib, ota-onalari va o‘zi tug‘ilgan oilasining qilmishlari oldida ojiz qolgan bolalarni uchratamiz. Ularda tanlash imkoniyati bo‘lmaganini yaqqol ko‘rib turamiz. Ular ham baxtli bo‘lishga, boshqa bolalar kabi shod-u xurram yashashga haqli.
“Mehr” dasturi doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli hududdan O‘zbekistonga qaytarilgan 156 nafar hamyurtimizning 40 nafardan ziyodi maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlar ekani bir vaqtning o‘zida har birimizni ham taajjubga, ham tashvishga soldi. Zero, jang maydonlarida tug‘ilgan, esini tanigan bolalarning ko‘zi va qalbida dard va yana tinch yurtda yashaydigan bolalar hali anglab yetmaydigan kemtiklar bordek go‘yo...
Xalqimiz kechirimli, bolajon. Hukumatimiz shu fazilatlarga tayangan holda adashgan fuqarolarni yurtimizga qaytarish va ayni kunlarda ularni jamiyatga moslashtirish borasida zarur choralarni ko‘rmoqda.
Dastlab dastur doirasida 156 nafar yurtdoshimiz Toshkent viloyatidagi “Bo‘ston” sanatoriysiga joylashtirildi. U yerda yurtdoshlarimizga tibbiy, psixologik xizmatlar ko‘rsatildi. Shu bilan birga, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 40 nafar bola bilan pedagogik va psixologik reabilitatsiya hamda moslashtirish ishlari olib borildi. Maxsus mobil maktab tashkil etildi. O‘quvchilar yosh toifasiga ko‘ra, boshlang‘ich va yuqori sinfga bo‘linib, ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilindi.
Bolalarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish uchun 10 nafar pedagog va 20 nafar psixolog, kerakli professional bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar jamoasi shakllantirildi. Mutaxassislar bevosita ishlaydigan kontingent maxsus tayyorgarlik talab etishini inobatga olib, 36 soatlik “Tanglik vaziyatda qolgan bolalar bilan ishlash” mavzusidagi maxsus kursda o‘qitildi.
O‘quvchilar bilan pedagogik-psixologik reabilitatsiya va ijtimoiy moslashuv ishlarini tashkil etish maqsadida reabilitatsiya dasturi ishlab chiqilib, bolalar bilan mazkur dastur asosida ish olib borildi. Mobil maktab o‘g‘il-qizlar o‘zini qulay va xavfsiz his etishi uchun (2 ta sinfxona) odatdagi maktablardagi parta va boshqa kerakli jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, bolalarga 12 nomdagi o‘quv qurollari, maktab darsliklari va badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.
— Reabilitatsiya dasturi o‘quvchilarning bilim darajasi, ijtimoiy-psixologik portretini o‘zida aks ettiradi hamda undagi psixologik va pedagogik korreksiya va reabilitatsiya jarayonini monitoring qiladi. Bu dastur o‘quvchilarni keyinchalik umumta’lim muassasalarida pedagogik-psixologik kuzatib borish uchun yo‘riqnoma vazifasini o‘taydi, — dedi XTV axborot xizmati boshlig‘i Anvar Umarov. — Xalq ta’limi vazirligi tomonidan olib borilayotgan ishlar o‘quvchilarning keyinchalik ta’limga to‘liq jalb qilinib, jarayonga har tomonlama moslashib ketishi hamda stressdan xalos bo‘lishiga yordam beradi.
Shukrona hissi o‘n chandon ziyod
Andijonlik 25 yoshlar atrofidagi ayol(ayrim sabablarga ko‘ra ism-familiyasi oshkor etilmadi)ning aytishicha, u Suriyadagi qamoqxonada farzandini dunyoga keltirgan. Bir yarim yoshga to‘lay degan bolakay O‘zbekistondan yordam borguncha yorug‘ olamni ko‘rmagan va qamoqxonaning qorong‘i, zax xonalarida ulg‘aygan.
— Tinch hayot nima ekanini unutgan edik. Ko‘z o‘ngimizda qanchadan qancha odamlar jon berdi. Yaralanganlarga yordam berish, nobud bo‘lganlarni ko‘mish ham xavfli edi, — deydi urush o‘chog‘idan qaytgan yana bir vatandoshimiz.
Maktab yoshidagi bolalar bilan shug‘ullangan psixolog Barno Qurbonovaning aytishicha, bolalarning avvaliga yorug‘likka, tinch hayotga ko‘nikishi og‘ir kechgan. Ularda tinch hayot ortidan yana qo‘rqinchli kunlar keladi, degan xavotir bo‘lgan. Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan velosiped va boshqa o‘yinchoqlar sovg‘a qilingach, bolalar o‘yinchoqlarga ham sekin-asta ko‘nika boshlashgan.
— Bolalarning qo‘l motorikasi yaxshi rivojlanmagan bo‘lsa-da, ko‘pi arab, ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgan. Bir hafta ichida bolalar ona tilimizda salom berishni, hol-ahvol so‘rashishni o‘rganishdi, — deydi amaliyotchi psixolog.
Darvoqe, Suriyada 15 yoshli hamyurtimizning farzandli bo‘lgani va hozir bu qiz o‘zi hali bola bo‘lishi barobarida 4 oylik chaqaloqning onasi ekani ham hammamizni o‘ylantirdi. Har birimiz tevarak-atrofimizdagi 15 yoshli tanish qizlarni ko‘z oldimizga keltirib, ularning hammasi hali maktabda o‘qiyotganini, ota-onasi bag‘rida bolalik gashtini surayotganini eslab, shukrona keltirdik. Endi yetishgan tinch kunlariga shukrona hissi adashgan hamyurtlarimiz qalbida biznikidan o‘n hissa ko‘proq ekaniga shubha yo‘q. Endi bu qorako‘zlar uchun dahshatlar ortda qoldi. 12-iyun kuni sanatoriydagi 156 nafar fuqaro reabilitatsiyasining birinchi bosqichi yakunlandi.
Shu munosabat bilan 11-iyun kuni maxsus komissiya tomonidan hududlardan viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari ishtirokida 47 nafar ayolga fuqarolik pasporti va 102 nafar bolaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarni topshirish marosimi o‘tkazildi. Tadbir doirasida 142 nafar fuqaroga, jumladan, 47 ayolga eng kam oylik ish haqining o‘n barobari va 95 nafar bolaga eng kam oylik ish haqining besh barobari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.
Viloyat hokimliklari tomonidan bolalarni turarjoy manzili bo‘yicha bog‘cha, maktabga joylash, ayollarga hunar o‘rgatish va ish bilan ta’minlash masalalari hal etilishi belgilandi.
Fuqarolik pasportini qo‘lga kiritgan ayollar tikuvchilik, oshpazlikka o‘qish, ishga joylashish rejalari borligini aytishdi. Tug‘ilganlik haqida guvohnoma olgan o‘smirlar esa qaysi o‘quv yurtida tahsil olishni ham rejalashtirishga ulgurishibdi.
Mutaxassislarning xulosalariga ko‘ra, Suriyadan qaytgan hamyurtlarimiz hozir jamiyatga qo‘shilish, integratsiyaga tayyor.
3 nafar yetim bola Mehribonlik uyiga, 3 nafari “Kichkintoy” bolalar uyiga joylashtirildi. 2 nafar bola o‘zining qarindoshlariga vasiylik asosida rasmiylashtirib berildi. Rossiya Federatsiyasi fuqarolari bo‘lgan 1 ayol va 4 nafar farzandi Vataniga qaytarilgunicha reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirildi. 1 nafar fuqaro shifoxonada davolanmoqda.
Har bir bola ishonchli manzilda
“Mehr” dasturining birinchi bosqichida 30-maydan 12-iyungacha fuqarolarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga moslashtirish maqsadida quyidagi tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan bolalarga erkin mavzu bo‘yicha rasmlar chizdirildi, musiqali dastur asosida madaniy hordiq chiqarildi. “O‘zbekiston — Vatanim”, “Mening mahallam va oilam” mavzularida tarbiyaviy mashg‘ulotlar olib borildi.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘g‘il-qizlarga O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi va ramzlari o‘rgatildi. Bolalarning sezgi, xotira, tafakkurining rivojlanish darajasini aniqlash maqsadida “Lyusher” va “Psixogeometriya” diagnostikalari o‘tkazildi. Bolalar uchun bog‘cha va maktab sinflari tashkil etildi.
UNICEF xalqaro bolalar tashkiloti tomonidan psixolog va pedagoglar uchun og‘ir vaziyat, mojarolar va harbiy to‘qnashuvlar bo‘layotgan hududlardan olib chiqilgan bolalar va onalarga tanglik holatidan chiqishga ko‘maklashish, tengqurlariga moslashish jarayonlarini o‘tkazishda ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rik tashkil etildi. 4 nafar pediatr, 4 nafar terapevt va bitta tez yordam brigadasi kun-u tun navbatchilik asosida fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatdi.
1-iyun kuni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bayram dasturi o‘tkazildi, konsert va qo‘g‘irchoq teatri namoyish etildi. Barcha bolalarga yozgi sport komplekti, velosiped, o‘yinchoqlar, 10 donadan badiiy kitoblar majmuasi va boshqa sovg‘alar ulashildi. Ramazon hayiti bayrami kunlari milliy taomlar pishirilib, bayram tadbiri tashkil etildi. Ayollarga liboslar, parfyumeriya vositalari tuhfa qilindi.
Fuqarolarni reabilitatsiya qilish tadbirlari BMTning UNICEF tashkiloti tomonidan o‘rganilib, jarayonga yuqori baho berildi. Barcha tadbirlar BMT tavsiyalari va xalqaro me’yorlarga mos kelishi alohida e’tirof etildi.
Shu bilan birga, “Mehr” dasturini amalga oshirish doirasida fuqarolar reabilitatsiyasining ikkinchi bosqichida viloyat hokimlari raisligidagi maxsus guruhlar tomonidan ayollarni mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish yoki kasbga tayyorlash kurslarida o‘qitish, bolalarni o‘z hududidagi maktabgacha va umumta’lim muassasasiga joylashtirish, tibbiy yordam uchun shifokor va patronaj biriktirish tadbirlari bajarilishi rejalashtirilgan.
Bag‘rikenglik qonimizda bor
Bu hodisalar Ikkinchi jahon urushi yillari toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov oilasining boshpanasiz, turli millatga mansub 16 bolani tarbiyasiga olib, so‘nggi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rganini yodimizga soladi. Yurtimizda hamon shunday bag‘rikeng insonlar yashayapti va ular uchun adashgan hamyurtlariga o‘z safidan joy berish, bolalariga quvonch ulashish qiyin bo‘lmaydi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri