Yosh o‘qituvchilarga olti foydali tavsiya
Bugunning zamonaviy o‘qituvchisi o‘quvchilarga samarali ta’lim berishda, avvalo, ularning yoshini hisobga olishi, еng yuqori darajada ta’lim berish uchun esa quyidagi 6 ta foydali maslahatga amal qilishi lozim:
1. O‘quvchilar bilan do‘stona aloqa o‘rnating.
O‘quvchilar siz ular uchun alohida g‘amxo‘rlik qilayotganingizni bilishsin. Ular bilan har tomonlama aloqani mustahkamlang. Birortasi nazaringizdan chetda qolmasin. Har birining fikr-mulohazalarini eshitishga va qadrlashga, o‘z o‘rnida ularga ijobiy baho berishga odatlaning.
2. Bilim berishda ijobiy muhit yarating.
Unutmang, o‘quvchilar doimo ijobiy muhitda bilim olishga oshiqishadi. Shuning uchun ularga tengdoshlari bilan ishlay oladigan muhit yaratishga harakat qiling. Har bir o‘quvchining javobini tinglab, bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshiring.
3. Darsda turli yondashuvlardan foydalaning.
Tadqiqotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, yoshi kichik o‘quvchilar bir vaqtda atigi 10—15 daqiqagina diqqatlarini jamlay olishar ekan. Shuning uchun bitta mashg‘ulotni 15 daqiqadan oshirib yubormang. Darslarning o‘yin, musobaqa tarzida noan’anaviyligini oshiring. Yetakchi o‘zingiz bo‘ling. Shunda sinf boshqaruvida muammolarga duch kelmaysiz.
4. O‘quvchilarni ko‘proq harakat qildiring.
Kichik yoshdagi o‘quvchilarda energiya ko‘p bo‘ladi. Buni bosib turishdan ko‘ra, undan foydalanishning pozitiv yo‘llarini toping. Darsda qiziqarli va interfaol usullardan foydalanib o‘quvchilarning ko‘proq jismoniy va aqliy qobiliyatini oshiring.
5. Guruhlarga bo‘lib qo‘ying.
Guruhlarga bo‘lishning afzalligi shundaki, bunda bilmasvoylar bilimdonlardan ko‘proq bilim olishga intilishadi. Tortinchoqlikka barham beriladi. Hamjihatlik kuchayadi va har bir bola ortda qolmaslikka intiladi.
6. Tartib-intizomni saqlashda qo‘l ishorasidan foydalaning.
Sinfni boshqarish yosh o‘quvchilar bilan ishlaydigan o‘qituvchilar uchun asosiy muammolardan biri sanaladi. Siz izchil bo‘lishingiz kerak. Muammolarni hal qilish uchun darsingizni bo‘lishga odatlanmang. Salbiy xulq-atvorlarni bartaraf etishning eng yaxshi usullaridan biri qo‘l bilan ishora qilishdir. O‘quvchilaringizga dars avvalida har bir qo‘l ishorasi nimani anglatishini bildirib qo‘ysangiz, bas.
Abrorjon QUDRATOV, Namangan shahridagi 35-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi