Adabiy talaffuz — madaniyat belgisi
Adabiy til millatni birlashtiradi. Afsuski, bog‘chadan tortib, muntazam efirga uzatilayotgan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda adabiy til qoidalari qo‘pol ravishda buzilmoqda.
Ona tili darslari o‘quvchilarda nutqiy malakalarni ehtiyoj darajasida shakllantira olishi zarur. Har bir o‘quvchi ona tilidan mohirlik bilan foydalana olishi, istalgan muloqot vaziyatiga mos so‘zlarni (xoh rasmiy, xoh ilmiy va xoh og‘zaki nutq bo‘lsin) jozibali, ta’sirchan ifodalay olishi kerak.
Noadabiy talaffuz ijtimoiylashuvining asosiy sabablaridan biri tilning fonetika, orfoepiya bo‘limlari ilmiy jihatdan ham, metodik jihatdan ham alohida o‘rganilmaganligi, ta’limga esa umuman tatbiq etilmayotganidir. Universitetlarning filologiya fakultetlarida, asosan, ona tili va adabiyot o‘qituvchilari yetishib chiqayotgan bo‘lsa-da, bo‘lajak pedagoglarning nutqi, talaffuzi ustida maxsus ishlanmaydi. Bitiruvchilar nutqiy nuqsonlari bilan umumta’lim maktablariga, akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga jalb qilinadi. Darslar yana hudud shevasida davom etib, nutq madaniyati masalasi muammoligicha qolib ketaveradi.
Respublikamizning turli hududlarida ayrim tovushlar talaffuzi o‘ziga xos. Kuzatishlardan ma’lumki, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo viloyatlarining ayrim hududlarida o‘ unlisining talaffuzida o‘zgachalik bor. Qashqadaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarining aksariyat tumanlarida i-e, u-o‘, h-x tovushlari ishtirok etgan so‘zlar aytilishida xatoliklar uchraydi. Ayniqsa, Toshkent shahrida adabiy til me’yorlarining ommalashishi juda qiyin kechmoqda. Boz ustiga, poytaxtga turli viloyatlardan har xil lahja, sheva vakillari kelib, Toshkent shevasi bilan qorishgan bir “til” vujudga kelmoqda. Toshkent aholisining katta-yu kichigi imloda x va h undoshlarini qo‘llashda qiynaladi, talaffuzda esa deyarli barcha o‘rinlarda x chuqur til orqa undoshi qo‘llanadi.
X va h undoshlarining imlosi murakkabligi barchani tashvishga qo‘yadi. Shu paytgacha eng samarali usul sifatida ushbu harflar bilan yoziluvchi so‘zlarni eslab qolish tavsiya etilgan. Ammo bundan soddaroq usul talaffuz bilan bog‘liqki, bu haqdagi metodik tavsiyalar alohida mavzuni talab etganidan, ikki-uch xatboshidagi xulosalar bilan cheklanib bo‘lmaydi.
Maktabda o‘quvchiga ona tili darslarida faqat grammatika qoidalarini yodlatish an’anasi hanuz davom etmoqda. Chunki aksariyat ona tili o‘qituvchilari “grammatikaboz”likni xush ko‘radi. Umuman, ta’lim jarayonidagi turli omillar samaradorlikni pasaytiradi. Birinchidan, chet tili bilan ona tili o‘qitishning maqsad va vositalari bir-biridan ma’lum ma’noda farq qiladi. O‘zbek o‘quvchisi nutq so‘zlashni oilada o‘rganadi. Hatto ayrimlari maktabga o‘qish va yozishni o‘rganib keladi. Boshlang‘ich sinflar o‘qish va yozishni o‘rganib, yuqori sinfga o‘tadi. Endi u nimani o‘rganishi kerak? Grammatikanimi? Bola doim ham grammatika qoidalari asosida gapirmaydi. To‘rt yashar bola o‘zi bilmagan holda nutqida ot, sifat, ega, kesim, hatto qo‘shma gap-u ko‘chirma gaplarni ifoda maqsadiga qarab qo‘llay oladi. 5-sinfdan boshlab o‘quvchiga adabiy talaffuzni, imloviy savodxonlikni, mantiqiy fikrlashni, o‘z fikrini turli shakllarda ravon va ta’sirchan ifodalay olishni o‘rgatish lozim. Uzluksiz ravishda turli ibratli matnlarni yodlatish orqali so‘z boyligini oshirib borish zarur.
Ikkinchidan, darslik o‘quvchining saviyasiga mo‘ljallanib, minimal talablar asosida yozilgan ilmiy-metodik nashr. U o‘qituvchi uchun emas. Muallim boshqa manbalarni o‘qib, bilimini boyitishi kerak. Mohir o‘qituvchi darslikda berilgan qiyinroq mavzuni osonroq, noaniqroq misolni aniqroq qilib tushuntirib beradi. Ijodiy yondashadi.
Hozirga qadar o‘qituvchi o‘z o‘quvchisiga qaysi ma’lumotlarni yod olishi kerag-u, qaysilarini tushunish kifoya qiladi; qaysi mavzularni o‘qitishda mashqdan foydalanish kerag-u, qaysilarida topshiriqlar muhim ahamiyat kasb etishini bilmay kelmoqda. Shu bois o‘quvchilarning og‘zaki va yozma savodxonligidagi muammolarni bartaraf etish qiyin kechyapti.
Tavsiyalar. Ona tili darslarida ham xuddi biror chet tilini o‘rgangandek, avvalo, talaffuzi qiyin tovushlar ustida jiddiy ishlash kerak. Bu o‘rinda talaffuz holati aks etgan oksilografik rasmlardan (ayrimlari qiyosiy bo‘ladi), asosan, maxsus fonetik mashqlardan unumli foydalanish samara beradi. Adabiy talaffuzga o‘rgatishning eng samarali yo‘li o‘qituvchining o‘zi tanlagan matnni qayta o‘qib yoki yoddan aytib berishidir. Bu usuldan to‘laqonli foydalanish uchun ona tili fani o‘qituvchilarining talaffuzi talabga javob berishi zarur.
G‘ofir HAMROYEV,
RTM filologiya fanlari bo‘limi boshlig‘i