Darslik hammaga yetadi
“Ma’rifat” gazetasining shu yil 27-aprel sonida “Darsliklar nega yetishmaydi?” sarlavhali maqola chop etilgan bo‘lib, unda o‘quvchilarni ijara darsliklari bilan to‘liq ta’minlash tizimida uchrayotgan kamchiliklar qalamga olingan edi. Xususan, yo‘qolgan darsliklar o‘rni bank orqali jarima to‘lovi tariqasida qoplanayotgani, biroq bu kelgusi yili ayrim o‘quvchilarga kitob yetmay qolishiga sabab bo‘lishi maqolada qayd etilgan. Muallif shu kabi muammolar inobatga olinib, darsliklarga buyurtma ko‘rsatkichi hisoblanayotganda o‘quvchi sonidan tashqari tuman xalq ta’limi bo‘limi zaxirasi shakllantirishni taklif qilgan. Maqolada keltirilgan fikrlarning dolzarbligini inobatga olib, munosabat bildirilishini so‘rab, Xalq ta’limi vazirligiga ham yuborgan edik. Kuni kecha Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Umarov nomidan javob keldi. Unda shunday deyiladi:
“Sizning 2019-yil 13-iyunda Xalq ta’limi vazirligiga yuborgan 174-sonli xatingizga javoban quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Hukumat komissiyasi topshirig‘iga asosan, umumta’lim maktablari uchun darsliklarni chop etish davriyligiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, 2—4-sinflar uchun har 3 yilda, 5—11-sinflar uchun har 5 yilda chop etilishi belgilangan.
Darsliklarni chop etish davriyligi bir yilga uzaytirilganligi sababli barcha umumta’lim maktablarining darsliklar bilan ta’minlanishi tahlil qilinganda 4-, 5-sinflar uchun chop etilgan darsliklar soni bilan 2019-2020-o‘quv yilidagi o‘quvchilar kontingenti o‘rtasida nomutanosiblik sababli, ushbu sinflarda darsliklar yetishmasligi ma’lum bo‘ldi.
Darsliklar yetishmasligi holatlarini bartaraf etish, o‘quvchilarni darsliklar bilan to‘liq ta’minlash maqsadida mazkur sinflar bo‘yicha qo‘shimcha buyurtmalar shakllantirilib, 2018-2019-o‘quv yili davomida 69 nomdagi 746 202 nusxa qo‘shimcha darslik chop etilib, maktablarga yetkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 28-aprelda 2577-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Umumta’lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va barcha viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalaridan o‘rnatilgan tartibda buyurtmalar olinib, respublika bo‘yicha umumiy buyurtmalar shakllantiriladi.
Darsliklar yetishmasligining oldini olish maqsadida, 2019-2020-o‘quv yili uchun darsliklar zaxirasi shakllantirilgan holda maktab kutubxonasi fondi uchun qo‘shimcha darsliklar to‘plami berilishi va yangi o‘quv yilida o‘quvchilarning darsliklar bilan 100 foiz ta’minlanishiga erishish rejalashtirildi.
2019-2020-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-, 3-, 8-, 9-sinf to‘liq to‘plamdagi, shuningdek, 2-, 4-sinf chet tili mashq daftarlari, 5-sinf nemis tili fani o‘qituvchilari uchun metodik qo‘llanma va darslikning multimedia ilovasi, 6-sinf fizika (ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari uchun), 7-sinf algebra (ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari uchun) va 7-sinf chet tillardan darslik majmualari — jami 479 nomda 36,5 mln nusxa darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar nashr etilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning 19-iyun holatiga ko‘ra, nashriyotlar tomonidan 212 nomda jami 17,1 mln nusxa (rejaga nisbatan 47 foiz) darsliklar chop etildi va o‘rnatilgan tartibda qabul qilinib, mazkur darsliklar “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUK orqali nashriyotlardan olib chiqilgan darsliklarning 16,9 (46 foiz) nusxasi joylarga yetkazildi.
Qolgan darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalar tasdiqlangan tarmoq jadvaliga asosan joriy yilning 20-avgustiga qadar bosqichma-bosqich chop etilib, o‘rnatilgan tartibda joylarga yetkazilishi belgilangan”.