“Tushunaman, ammo javob qaytara olmayman”
Maktablarda chet tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirish, zamonaviy madaniyat, fan-texnika yutuqlari asosida kadrlar tayyorlash davr taqozosidir. Bu taraqqiyot sari tashlanayotgan qadam hammadan, ayniqsa, har bir o‘qituvchidan o‘ziga xos ijodkorlik, malaka va tajribani talab etadi. Bolalarga xorijiy tilni o‘rgatayotgan pedagog uchun to‘g‘ri so‘zlashuv asosiy o‘rindagi masala. Ba’zi til o‘rganuvchilar uchun grammatikani o‘zlashtirish, xorijiy tildagi kitob yoki matnlarni o‘qish va audioyozuvlarni tinglash muammo tug‘dirmaydi.
Biroq muammo shuki, ular chet tilida gapirish va o‘z fikrlarini bayon qilishga kelganida “tushunaman-u, javob qaytara olmayman” deb qiyin vaziyatda qolishadi. Ayni muammo boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari o‘rtasida ham uchraydi. Bunga sabab xorijiy til muhitining yo‘qligi va bu muhitni yaratish oson emas.
Yechim: Til o‘rganishda muhit yaratish katta shaharlardagi ta’lim muassasalarida unchalik murakkab emas, boisi o‘quvchilarni ota-onasi ishtiroki va yordamida sayyohlar ko‘p keladigan joylarga sayohatga olib borish ham natija beradi. Bu imkoniyatga ega bo‘lmaganlar esa maktabdagi multimediali vositalardan samarali foydalanishi, chet tilidagi video yoki multfilmlar qo‘yib berish, audioyozuvlarni eshittirish va dialoglar tuzdirib suhbatlashishlarini tashkil etish mumkin. Va yana ota-onalar tilni bilmagani uchun farzandiga uy vazifasini bajarish jarayonida yordam berolmaydi. Shu o‘rinda xonadagi buyumlarning ustiga nomi va rangi inglizcha yozilgan qog‘ozcha yopishtirib qo‘yilsa yoki chet tilidagi film, videorolik yoki multfilmlarni (subtitrlari bilan bo‘lsa yanada yaxshi) tomosha qilsa, tinglab tushunishi va gapirishi ancha osonlashadi. Kino, multfilm va turli qiziqarli ko‘rsatuvlarni ko‘rib, asta-sekin tinglab tushunadigan, keyinchalik esa eshitgan va esida qolgan so‘z hamda so‘z birikmalarini so‘zlashuvda qo‘llaydigan bo‘lishadi.
Yana bir muammo esa o‘g‘il-qizlarning so‘z boyligi kamligidir. Boshlang‘ich sinfni bitirgan o‘quvchilar kamida 400—500 ta so‘z bilishi kerak. Har bir darsda yangi so‘zlarni yodlatish va shu so‘zlar yordamida kichik hikoyalar tuzdirib, gapirishga undash yaxshi natija beradi. Faqat takrorlash orqali bu muammoning yechimini topish mumkin. Tilni muntazam ravishda takrorlashlarsiz o‘rganib bo‘lmaydi. Kuniga 10 ta yangi so‘z yodlashingiz mumkin, ammo bu so‘zlarni keyinchalik takrorlamasangiz esdan chiqib ketishi aniq.
Yechim: Bola yodlagan yangi so‘zlarni kichik qog‘ozchalarga yozib, uning ko‘z o‘ngida joylashgan mebel va devorlarga yopishtirib chiqish mumkin. Bu usul xonadonda yoki sinfxonada foydalanish uchun tavsiya etiladi. Keyin shu so‘zlar yordamida jumlalar tuzilsa, xotirada uzoq saqlanadi.
Keyingi muammo o‘quvchining so‘zlashishdan uyalishi yoki tortinchoqligidir. Boshlang‘ich sinf misolida ko‘rsak, bolalar o‘z sinf rahbarlarini yaqin kishisi sifatida qabul qilishadi va boshqa fan o‘qituvchilaridan biroz iymanishadi. Ba’zida bu o‘qituvchi bilan muloqot qilishda hayajonlanadi.
Yechim: Olti yil ilgari boshlang‘ich sinflarga ingliz tilini o‘rgatishni boshlaganimda, ba’zi o‘quvchilarning uyalib gapirmayotganlarini sezib qoldim. Masalan, yangi so‘zlar va she’rlarni bilsa-da, aytolmaydigan o‘quvchilar doskaga chiqsa, yanada hayajonlanishadi va bilgani ham esidan chiqib ketadi. Bu holatda o‘sha o‘quvchilarning faol o‘rtoqlarini jalb qildim. Ya’ni tortinchoq o‘quvchidan yangi so‘zlarni so‘rashda o‘zim chetga chiqqan holda bu vazifani tengdoshlariga yukladim. O‘qituvchisi qarshisida biroz uyalib hayajonlanadigan o‘quvchi o‘rtog‘i so‘raganda bemalol bilganini gapirib beradi. Bu usul yordamida barcha o‘quvchilar faollikka intilib, biroz muddat bo‘lsa ham ustozining o‘rnida bo‘lishga qiziqadi. Bunday motivatsiya ularning o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashiga turtki bo‘ladi.
O‘z tilidan boshqa tilni o‘rganish unchalik oson emas. Buning uchun o‘quvchi yangi so‘zlarni davomiy takrorlab borishi, fursat bo‘lganida xato qilishga uyalmasdan muloqot qilishi, chet tilini o‘rganish jarayonini hayotga moslashtirishi, va nihoyat, innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanishi talab etiladi. Muhimi, chet tilini puxta bilishni istagan o‘rganuvchi o‘z oldiga qat’iy maqsad qo‘yishi va unga erishish uchun bosqichma-bosqich harakatdan to‘xtamasligi lozim.
Mahbuba JABBOROVA