“Texnologiya fanini guruhlarga bo‘lmay o‘tish ijobiy natija bermayapti”
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 2-fevral sonida texnologiya fani o‘qituvchisi G‘ayratjon Qorabekovning “O‘qituvchi fikri inobatga olinmadi” sarlavhali maqolasi chop etilgan edi. Unda Xalq ta’limi vazirligining 2018-yil 27-iyuldagi 191-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1—11-sinflari uchun 2018-2019-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejasining 20-bandiga kiritilgan o‘zgartirish natijasida o‘quvchilar soni 25 nafardan kam bo‘lgan sinflarda texnologiya, jismoniy tarbiya va chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanlari integratsiyalashgan o‘quv dasturi asosida, bo‘linmasdan o‘qitila boshlangani va bu holat amalda ijobiy natija bermayotgani bayon qilingandi.
Xususan, maqolada texnologiya amaliy fan bo‘lgani bois, bu fanning samarali va mazmunli tashkil etilishi o‘quvchilarning o‘g‘il va qiz bolalar guruhlariga bo‘lib o‘tilishiga bog‘liqligi ta’kidlangan edi.
“O‘g‘il va qiz bolalar qo‘shib o‘qitilganda amaliy mashg‘ulotlarga vaqt yetmayapti. O‘quvchilar shundoq ham ikki guruhga bo‘linib qoladi. Ba’zi o‘g‘il bolalar texnologiya darsiga kirishni o‘ziga or bilib: “Salat tayyorlashni o‘rganamizmi, ko‘ylak tikamizmi?” degan masxaraomuz gaplar bilan fanga e’tiborsiz qaramoqda. O‘smir psixologiyasidan kelib chiqilsa, bunday reaksiya tabiiydir”, deb yozadi muallif.
Ushbu maqolaga Xalq ta’limi vazirligi rasman munosabat bildirib, tahririyatga xat yo‘lladi. Jumladan unda shunday deyiladi:
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi Nizomning 29-bandida malakali mutaxassislar yetarli bo‘lgan ta’lim muassasalarida ma’lum bir umumta’lim fanlari, jumladan, mehnat ta’limi (texnologiya) fani sinflardagi o‘quvchilar soni 25 nafar va undan ortiq bo‘lgan taqdirda ikki guruhga bo‘lib o‘qitilishiga ruxsat berilishi belgilangan.
Gazetaning shu yil 9-sonida “O‘qituvchilar fikri inobatga olinmadi” nomli maqolada mehnat ta’limi (texnologiya) fanini o‘qitishda o‘quvchilarni guruhlarga bo‘lib o‘qitishning afzalliklari yoritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2018-2019-o‘quv yilidan boshlab Respublika umumta’lim maktablarida 11 yillik umumiy o‘rta ta’limga o‘tildi. Bugungi kunda 11 yillik umumiy o‘rta ta’limga tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni zamon talablari, jamoatchilikning ta’lim sifatini yanada yaxshilash borasidagi taklif va mulohazalari asosida takomillashtirish ustida malakali mutaxassislar, amaliyotchi o‘qituvchilardan iborat ishchi guruhlar ish olib bormoqda.
Maqola muallifining fikr-mulohazalari ham o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan holda, barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lidagi jonkuyarligingiz uchun minnatdorlik bildiramiz”.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maqola muallifiga bildirilgan bunday munosabat muammoga kelgusida jiddiy e’tibor qaratilishi va yechim topilishidan darak beradi. Ustozlarimizning ta’lim tizimidagi bunday muammo va noqulayliklardan ko‘z yummay, unga yechim izlash maqsadida tegishli joylarga murojaat qilishi, qo‘liga qalam olishi ularning yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga naqadar jiddiy munosabatda bo‘layotganlarini bildiradi. Zero, ta’lim jarayonidagi kamchilik va muammolarni hech kim dars o‘tayotgan o‘qituvchidek teran anglay olmaydi.
TAHRIRIYAT