O‘qituvchining saviyasidan nega qoniqmayapmiz?
Xalqimiz azaldan ziyo ulashuvchi odamlarni mulla (ya’ni ziyoli), ilm-u urfon ahlini esa domulla (katta mulla, katta ziyoli) deb atab, ma’rifat ahliga bo‘lgan hurmatini ifoda etgan. Elga ma’rifat ulashib, ma’naviyat chashmasidan bahramand etgan o‘qituvchini doim izzat-ikromga sazovor, munosib ko‘rgan.
O‘zim ham o‘qituvchiman. 40 yillik tajribamga asoslanib ayta olamanki, hech qaysi davrda o‘qituvchiga bu qadar imkoniyat va imtiyozlar berilgan emas. Mamlakatimizda o‘qituvchi va maktabning obro‘sini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tirmay, sohadagi muammolar va ularning yechimi haqida fikrlashmoqchiman.
Bugungi kunda viloyatimizdagi 1 214 maktabda o‘quvchilarga 49 mingdan ziyod pedagog ta’lim beryapti. Ularning 82 foizi oliy ma’lumotli, 1,6 foizi oliy toifali, 60 foizdan ko‘prog‘i mutaxassisdir. Ko‘rinib turibdiki, viloyatimizda toifaga ega o‘qituvchilar soni respublika ko‘rsatkichidan kam. Bu esa qayta tayyorlash va malaka oshirish masalalariga zamon talabiga muvofiq, kompleks yondashish ehtiyojini vujudga keltirdi. Bunga pedagogning bilimi va mahoratini oshirish orqali erishish mumkin. Ushbu jarayon faqat ta’limni boshqarish organlarining emas, avvalo, pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari faoliyatining asosiy yo‘nalishidir.
Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor: bugun o‘qituvchilar bu g‘amxo‘rlik va e’tiborga javoban o‘z faoliyatida qanday o‘zgarishlar qilyapti? Umuman, o‘qituvchining ayni paytdagi faoliyati, uning bilimi va pedagogik mahorat bobidagi saviyasi, ma’naviy qiyofasi, innovatsion o‘zgarishlarga moyilligidan ko‘nglimiz to‘lyaptimi? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida qator kuzatuv, tahlil va so‘rovlar o‘tkazdik.
Xususan, oxirgi olti oy mobaynida malaka oshirish kurslariga kelgan muallimlarning bilim, ko‘nikma va malakalari 11-sinf umumta’lim fanlari kesimida, o‘zi dars berib kelayotgan o‘quv materiallari asosida sinovdan o‘tkazildi. Sinovda oliy ma’lumotli tinglovchi-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Natija o‘ta past — ularning atigi 6 foizi “5”, 20 foizi “4”, 33 foizi “3” baho oldi. 41 foiz tinglovchining bilimi qoniqarsiz baholandi. Endi xolisanillo ayting: maktab dasturini to‘laqonli bilmaydigan o‘qituvchidan nimani kutish mumkin? Oliy ma’lumotli o‘qituvchi diktantni savod bilan yoza olmasa, kelajagimiz bo‘lmish farzandlarimizning taqdirini shunday o‘qituvchiga ishonib topshirish mumkinmi? Axir bu, eng avvalo, kasbga, kelajak avlodga xiyonat emasmi?
Bunday holat qachon va qanday vujudga keldi? Albatta, aybni jamiyat, boshqaruv tizimi bilan bog‘lab qo‘yish mumkin. Lekin, nima bo‘lganda ham, bunga birinchi galda o‘qituvchining o‘zi sababchi. Bu hol yuzaga kelishiga o‘z kasbini sevib, hayotining mazmuni deb biladigan fidoyi o‘qituvchilarning kamayib ketgani, ko‘plab muallimlar o‘z ustida ishlamay qo‘ygani, ta’limning boshqaruv organlari va maktab rahbarlari tomonidan nazoratning sustligi sabab bo‘ldi.
Ta’lim tizimi mamlakat kelajagini belgilashi hisobga olinmay, uni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, qisqartirishlar qilib, katta xatoga yo‘l qo‘ydik. Nuqtayi nazar, eskicha qarashlar tez kunda o‘zgaradigan holat emas. Bu masalada “uni qildik”, “buni qildik” mazmunidagi hisobot-u ma’lumotnomalar bilan xalqni aldab bo‘lmaydi. Muallimga imtiyoz berish barobarida uning mas’uliyatini oshirish choralari ham ko‘rilishi kerak. Ta’limdagi kamchiliklarni yashirish, xaspo‘shlash nimaga olib kelishini ko‘rdik. Shunday ekan, muammolarga tik qarab, ularning yechimiga javob izlash fursati yetdi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov joylarda ta’lim masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda ayrim o‘qituvchilarning o‘z fanidan oddiy savollarga javob bera olmagani, hatto maktab rahbarlarining bilimsizligini o‘rinli tanqid qilgan edi. Viloyat rahbarining kuyinib bildirgan tanqidiy fikrlaridan tegishli xulosa chiqarish maqsadida keng ko‘lamli kuzatuv va tahlillar olib bordik.
Bugun o‘qituvchilarimiz faoliyatidagi asosiy kamchiliklardan biri — bu kasbiy kompetentlilikning yetishmasligi. Ayrim o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarligi, o‘z mahoratiga ishonishi, mutaxassisligini puxta bilishi va shu kabi kasbiy kamolotni belgilab beruvchi xususiyatlarni namoyon qila olmayotgani achinarlidir.
Ikkinchidan, ko‘plab o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlamasligi, ilg‘or tajribalar, tizimdagi yangiliklarni o‘rganib, ish faoliyatida qo‘llamasligi ularning zamondan ortda qolishiga sabab bo‘lmoqda. Muallimlarning o‘z ustida mustaqil ishlashini muvofiqlashtirish tizimi ham yo‘q.
Uchinchi omil o‘qituvchining o‘z ishiga ijodiy yondashmasligidir. Ko‘plab o‘qituvchilar darsda yangi, innovatsion metodlarni qo‘llamasligi (aniqrog‘i, qo‘llay olmasligi), zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanmasligi, aksariyat muallimlar esa pedagogik texnologiyalarni besamar qo‘llayotgani ayni haqiqat.
To‘rtinchidan, aksariyat o‘qituvchilar, hatto maktab rahbarlari ham darslarni kompleks tahlil qilishni bilmaydi. Seminar yoki treninglarda ba’zi o‘qituvchilarga darsni tahlil qiling, desangiz, “Mashg‘ulot menga yoqdi” yoki “Menga yoqmadi”, deyishdan nariga o‘tmaydi. Darsning metodik jihati, ilmiyligi, yutuq va kamchiliklari nimalardan iboratligi, psixologik talablarga javob berdimi, mashg‘ulotda qo‘yilgan maqsadga erishildimi — afsuski, bular haqida ko‘p o‘qituvchilar muayyan tushunchaga ega emas. Bunday o‘qituvchilar mantiqiy fikrlash, tadqiq qilish, hisoblash, o‘lchash, yasash, sinash, kuzatish, solishtirish, xulosa chiqarish, mustaqil qaror qabul qilish kabi pedagogik usullarni bilmaydi.
Beshinchidan, ba’zi o‘qituvchilarning dars ishlanmasi (konspekt), mashg‘ulotning texnologik xaritasini tuzishni bilmasligi ham ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Aksariyat o‘qituvchilarning konspektida darsning tashkiliy qismi, o‘tilgan mavzuni so‘rash, o‘tilgan mavzuni mustahkamlash, yangi mavzuni tushuntirish, mustahkamlash, o‘quvchilar bilimini baholash, uyga vazifa berish kabi tarkibiy qismlar to‘liq yoritilmaydi.
Oltinchidan, dunyoda bo‘layotgan global o‘zgarishlar, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi tub islohotlar, siyosiy jarayonlarning mazmun-mohiyatini yaxshi bilmasligi, tashqi siyosatdan bexabarligi, bir so‘z bilan aytganda, g‘oyaviy va mafkuraviy savodxonlikning yetishmasligi pedagoglarning ijtimoiy mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yettinchidan, ko‘plab o‘qituvchilarning kompyuter texnologiyalaridan foydalanishni hanuzgacha yetarli darajada o‘zlashtirmagani ularning o‘z ustida mustaqil ishlashiga yana bir to‘siq bo‘lib “xizmat qilyapti”. Bugungi kunda muallimlarning qo‘lida qimmatbaho telefon bor, lekin ular ijtimoiy tarmoqlar, ta’limga oid sayt va kanallardan foydalanish, tajribasini shu tarmoqlarda keng ommalashtirishni bilmaydi. Achinarlisi, ular axborot-ta’lim portali (eduportal.uz), O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi (uzedu.uz), O‘zbekiston Respublikasi jamoat ta’lim axborot tarmog‘i (ziyonet.uz), Xalq ta’limi sohasida AKTni rivojlantirish markazi (multimedia.uz), viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi (sammoi.uz) saytlari kabi ta’limga oid saytlar, “Ma’rifat” gazetasi (@marifatziyo), “Boshlang‘ich ta’lim” jurnali (@bt1992) singari o‘nga yaqin ta’lim nashrlarining “Telegram” kanallari faoliyat yuritayotgani haqida tasavvurga ham ega emas.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan barcha fanlar bo‘yicha yaratilgan zarur metodik qo‘llanma va multimedia ilovalari yetkazib berilgan bo‘lsa-da o‘qituvchilar ulardan har doim ham foydalanmayapti. Disk va metodik qo‘llanmalar o‘qituvchining g‘aladonida yoki direktorning shkafida qolib ketyapti.
Kommunikativ axborotlar bilan ishlash, o‘zini o‘zi rivojlantirish, ijtimoiy faol fuqarolik, milliy va umummadaniy, matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyalari nima va ular qanday shakllantirilishi lozimligini bilmaydigan o‘qituvchi bugun ta’lim sifatini ko‘tarishga yordam berolmaydi. Dars jarayonida bunday kompetensiyalarni shakllantirish uchun qanday pedagogik usullardan foydalanish kerakligini o‘qituvchi nafaqat bilishi, balki amalda bajarishi zarur. Bunday kompetensiyalar o‘qituvchining o‘zida shakllanmagan bo‘lsa, ularni qanday qilib o‘quvchilarida shakllantira oladi? Yuqorida qayd qilingan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf qilish uchun o‘qituvchi nima qilishi kerak? Buning yagona yo‘li — o‘z ustida ishlash. Boshqa yo‘li yo‘q!
O‘qituvchining kasbiy malakasini muntazam oshirib borishi bugun davr talabiga aylandi. Lekin malaka oshirish jarayoni — bu o‘qituvchining barcha nuqsonlardan xalos bo‘lishi degani emas. Qars ikki qo‘ldan, deydilar. O‘z ustida ishlamaydigan, o‘zini qiynashni istamagan pedagog nuqsonlardan qutulolmaydi.
Ma’lumki, o‘qituvchi besh yilda bir marta malakasini oshiradi: bir oyda 144 soat hajmida malaka oshirish kursida shug‘ullanadi. Bu yetarli emas, albatta. Eng avvalo, maktabning o‘zi malaka va mahoratni oshirish o‘chog‘i bo‘lishi kerak. U yerda darslarga kirish va kuzatish, tahlil qilish, yangi innovatsion usullarni keng joriy etish, o‘zaro tajriba almashish, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish ishlari tashkil etilishi zarur.
Bugun malaka oshirish jarayoni ham shaklan, ham mazmunan yangicha qiyofa kasb etishi lozim. Malaka oshirish kursiga kelgan o‘qituvchi pedagogik mahoratini oshiribgina qolmay, metodik mukammallikka erishish barobarida ruhiy tayyorgarligini oshirishi, tafakkurini, ijodkorlik xususiyatlarini boyitishi lozim. Samarqand viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi o‘z faoliyatida ayni shu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Hozirgi kunda markazga har oyda o‘rtacha 900 nafar tinglovchi malaka oshirish uchun keladi. Bu yerda 48 ta o‘quv auditoriyasi, 4 ta o‘quv laboratoriyasi, 210 o‘rinli tinglovchilar turarjoyi, 3 ta sport zali va maydoni, 3 ta majlislar va konferensiya zali, amfiteatr, axborot-resurs markazi va 3 ta oshxona tinglovchilar ixtiyorida.
Ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish, professor-o‘qituvchilar salohiyatidan unumli foydalanish hamda viloyat o‘qituvchilarini metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Pedagogik innovatsiyalar markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Unda o‘qituvchilarga uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘quv-metodik materiallarni tizimli yaratish, viloyatdagi reytingi past maktablarda mahorat darslari, seminarlar va boshqa tadbirlar o‘tkazish amaliyoti keng joriy etilmoqda.
Saidahmad USMONOV