Ijodkor a’lochilar kerak!
Ilk bor maktabga qadam qo‘ygan jajji qalb egasini kutib olar ekansiz, oldingizda sermashaqqat yo‘l borligini, uning oxirida millat kelajagi turganini his etasiz. Boshlang‘ich sinfda savod o‘rgatishdan boshlangan darslar orasida estetik bilimlar ham o‘quvchilar ongiga singdirib boriladi. Bolajonlar avval harflar, sonlarni, keyin o‘qish, hisoblash ko‘nikmalarini egallay boshlaydi. Shu jarayonda biz ustozlar ijodkorlikni, yaratuvchanlikni tarbiyalaydigan fanlarga ko‘proq e’tibor qaratishimiz lozim. O‘quvchimiz hisoblashda oqsayapti, o‘qish texnikasini DTS talabiga mos o‘qimayapti deb, “ikkinchi darajali” hisoblangan, aslida esa qobiliyat va iste’dodlarni uyg‘otuvchi fanlar hisobidagi daqiqalarni “o‘g‘irlaymiz”. Natijada oddiy o‘quvchilardan farq qiluvchi yangi iste’dod egalarini — ijodkorlarni e’tiborsiz qoldiramiz. Aksariyat hollarda o‘quvchilarimiz DTS me’yorlarini bajarishi uchun ona tili, o‘qish texnikasi va matematik hisob-kitoblarni qolgan fanlardan ustun qo‘yamiz va savod chiqarishlariga bor kuchimiz, vaqtimizni sarflaymiz. O‘quvchimiz savod chiqarsa, hisob-kitobni o‘rgansa, erkin nafas ola boshlaymiz. Bu qanchalik to‘g‘ri?! O‘quvchimiz a’lochi bo‘lsa-yu, bilimini yaratuvchanlikka sarflamasa, achinarli emasmi? Hayotga ijodkorona qadam bosib kelayotgan o‘quvchimiz yil o‘tib “to‘tiqush”ga aylanadi. Bunday “a’lochi”lardan nima naf?!
Har bir boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi o‘z faoliyati davomida “Men kimni tarbiyalayapman, o‘quvchining iste’dodini bo‘g‘ib qo‘ymayapmanmi?” kabi savollarga javob qidirishi kerak. Shu savollar orqali xatolarini tahlil etishi lozim…
Bolalar musiqa va san’at maktablari yoki “Barkamol avlod” markazlariga tutashtiruvchi yo‘l — ta’limning ilk bosqichidir. Iste’dodi, qobiliyati aniqlansagina, bolani yo‘naltirish mumkin. Ko‘p hollarda bu kurtaklar nis hotmay turib, qurib qolmoqda. Qishloq maktablarida asosiy fanlardan tashqari musiqa, texnologiya, tasviriy san’at fanlarini ham boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari o‘tadi. Boshlang‘ich ta’lim fani o‘qituvchilarini tayyorlash, malakasini oshirish jarayonida estetik fanlarni o‘rgatishga ajratilgan soatlar biroz kam emasmikan?! Bunday fan sirlarini ma’lum qobiliyatga ega mutaxassislar tushuna olishi kundek ravshan-ku! To‘g‘ri, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ichida ijodkorlari ham ko‘p. Ular o‘z ustida ishlaydi, fidokorona mehnat qiladi, ammo ayrim hollarda o‘qituvchilar bunday fanlarni o‘qitish metodikasini yaxshi bilmaydi. Demak, ijodkor o‘quvchilarni aniqlash va ularni qiziqishi bo‘yicha to‘g‘ri yo‘naltirish uchun, avvalo, pedagog kadrlarni tayyorlaydigan muassasalarda estetik fanlarga ajratilgan soatlarni ko‘paytirish, ularga e’tiborni kuchaytirish shart. O‘zi yaxshi rasm chiza olmagan o‘qituvchi o‘quvchilarga tasviriy san’atning nozik sirlarini tushuntira olmaydi.
Shahnoza MIRZAYO‘LDOSHEVA