Maktab kutubxonalari roli qanday oshiriladi?
Ta’lim olishda eng muhim manba kitobdir. Afsuski, bugungi kunda maktab kutubxona tizimi eskirgan va muhimlilik darajasi ancha pasaygan. Texnologiyalar asrida maktab kutubxonalari ahamiyatini oshirish uchun qanday funksiyalardan foydalanish ko‘proq samara beradi?
Bugungi taraqqiy etgan davrda biror sohaga oid ma’lumot topish uchun alohida kutubxonaga borib, bir necha kitoblar ichidan kerakli ma’lumotni soatlab qidirish shart emas, uni internet orqali oson topish mumkin. Ammo dunyo miqyosida uyda internetdan foydalanish imkoni mavjud bo‘lmagan o‘quvchilar ko‘plab topiladi. Ular uchun kutubxona o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Boshqa tomondan olib qaraganda, internetdagi axborot oqimi tobora ko‘paymoqda Bugun o‘quvchilarning muammosi manba topish emas, balki manbalarni to‘g‘ri va noto‘g‘ri yoki foydali va foydasizga ajratishdir. Ayni shunday vaziyatda kutubxona xizmatiga ehtiyoj har doimgidan-da ko‘proq seziladi. Avvallari chop etilayotgan kitoblar kutubxona mutaxassislari tomonidan tavsiya qilinar, lozim topilmasa, taqiqlab qo‘yilardi. Shu sababli mutolaa qilish mumkin bo‘lgan kitoblarni tanlash qiyinchilik tug‘dirmagan. Ammo internetda bu usulni qo‘llash oson bo‘lmaydi, albatta. Ayrim vebsahifalarni bloklash orqali faoliyatini to‘xtatish mumkin. Lekin ularning soni juda katta tezlik bilan ko‘paymoqda. Kutubxonachilarning vazifasi esa o‘quvchilarga axborot ummonidan qanday qilib to‘g‘ri ma’lumotni olish va axborot manbayi qiymatini baholashni o‘rgatishdir.
O‘quvchilar axborot almashinuvi qanday jadallashayotganligini ko‘rib, his qilishi uchun kutubxona xodimlari tomonidan yordam olishi mumkin. Bu uch bosqichda amalga oshiriladi:
Birinchisi, ishonchli va foydali axborotga ega bo‘lish. Bu bosqichda o‘quvchilar kutubxonachi yordamida muayyan sohaga doir ishonchli ma’lumot topadilar.
Ikkinchisi, topilgan ishonchli ma’lumot asosida turli ko‘rinishdagi badiiy materiallar tayyorlash. Bunda o‘quvchilar o‘zlari to‘plagan ma’lumotlarni jamlab, o‘quv qo‘llanma, videodarslik, kichik kitoblar tayyorlashi mumkin. Kutubxo-
naning asosiy vazifasi esa ularga yo‘l ko‘rsatish va sharoit yaratish, ya’ni kutubxonada ovoz yozish studiyalari, amaliyot hamda namoyish xonalarini tashkil qilib berish va ularni kerakli jihozlar, kompyuter, mikrofon, kameralar bilan ta’minlashdan iborat.
Uchinchisi, tayyor bo‘lgan badiiy materiallarni kutubxona vebsahifalarida e’lon qilish yoki chop etish. Bu bosqichda o‘quvchilar tayyorlagan materiallarni chop ettirishda kutubxona xodimlari yaqindan yordam berishlari maqsadga muvofiq.
Ushbu tizimga moslashtirilgan zamonaviy kutubxonalar hozir dunyoning ko‘pgina maktablarida mavjud. Kutubxonalarni bunday tartibda tashkil qilish, avvalo, yosh avlodning chuqur bilim olishiga yordam beradi hamda kutubxonalar va kutubxonachilar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi. Va nihoyat, kelajakdagi ta’lim jarayonida kutubxonalar rolini oshirishga xizmat qiladi.
Ulug‘bek YODGOROV