Rahbar kadrlar ham attestatsiyadan o‘tkazilishi kerak
So‘nggi yillarda o‘qituvchilarning nufuzini oshirish, haq-huquqlarini himoya qilishga katta e’tibor qaratilyapti. Aslini olganda, o‘qituvchi obro‘sining yuksalishi ko‘p omillarga bog‘liq. Maoshimiz yaxshilandi, qog‘ozbozlik qisqardi, “majburiy” deb atalmish yumushlardan ozod bo‘ldik. Hammasi sekin-asta o‘z iziga tushyapti.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlarning o‘z vakolatini suiiste’mol qilayotgani maktab jamoasida ma’naviy muhitning buzilishiga olib kelayotgani, eng achinarlisi, pedagoglarning bilim darajasi talabga javob bermasligi haqida turli xabarlar tarqalmoqda.
Nega shunday? Qilinayotgan ishlarning natijasi qani?
Shuni ham unutmaylikki, endi mavqeyimizni oshirish o‘z xatti-harakatimiz, bilimimizga ham bog‘liq!
Hozirgi kunda pedagoglarning onlayn attestatsiyadan o‘tkazilayotgani va shunga muvofiq malaka toifasi berilayotgani har bir o‘qituvchini o‘z ustida ishlashga, bilimini oshirishga undamoqda. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tish uchun ko‘proq o‘qiydigan, izlanadigan bo‘ldik. O‘qituvchilar endi o‘zaro o‘tirganda ham faqat moddiyat, shaxsiy masalalar xususida emas, fanga oid savollarga to‘g‘ri javob izlash ustida bahslashadigan bo‘ldi.
Ammo pedagoglarning yakdillik bilan ishlashi, jamoada sog‘lom muhit qaror topishi va bilimli, saviyali pedagoglarning yuzaga chiqishida maktab rahbarining ta’siri katta. Rahbar bilimli, harakatchan bo‘lsa, qo‘l ostidagi o‘qituvchilar ham shunga mos harakat qiladi. Ochig‘ini aytish kerak, hozirgacha barcha umumta’lim maktablari bilimli, jamoada ma’naviy muhitni qaror toptiradigan rahbar xodimlarga ega emas. Bu esa ta’lim jarayonida yana ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi. Pedagog mavqeyini oshirish kabi yuksak maqsadlarning ro‘yobga chiqishiga monelik qiladi.
Maktab rahbar kadrlarining attestatsiyasi oxirgi marta 2012-yili bo‘lib o‘tgan. Oradagi tanaffus 7 yilga cho‘zildi.
Rahbar attestatsiyadan o‘tib kelgan xodimidan natija so‘raydi. Xo‘sh, uning o‘zi-chi? U ham kimgadir hisobot berishi kerak emasmi? Qolaversa, maktab direktori o‘z navbatida pedagog ham. Afsuski, surishtirsangiz, aksariyati egallagan mutaxassisligi bo‘yicha yo ikkinchi toifali yoki mutaxassis bo‘lib chiqadi. Ularning ham 10 soatdan darsi bor. Ta’lim berayotgan o‘quvchilarining natijasi qanday? Umuman, bugungi kunda ba’zi rahbar kadrlarning dunyoqarashi, bilimi o‘qituvchilar va keng jamoatchilikni qoniqtirmaydi.
Shu bois o‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazishning aniq tartibi yaratilgani kabi, rahbar kadrlar ham muayyan muddat oralig‘ida attestatsiyadan o‘tkazilishi lozim. Ularning lavozimga munosib yoki noloyiq ekani shu attestatsiya natijasiga qarab belgilansin. Bunda eng shaffof va adolatli sinov turi onlayn attestatsiya hisoblanadi. Natijasi ochiq-oydin namoyon bo‘ladi.
Rahbar kadrlarning siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy savodxonligi yuqori bo‘lishi kerak. Ana shunda pedagogik jamoa orasida ham hurmati ortadi.
Siz nima deysiz, aziz mushtariy?
G‘ayratjon QORABEKOV, Bulung‘ur tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi