“Yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar bor”
Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim islohotlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Yig‘ilib qolgan muammolarga asta-sekin yechim topilmoqda. Jumladan, Jizzax viloyati xalq ta’limi tizimida ham ta’limga zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. Ayniqsa, boshqarma rahbarligiga tajribali pedagog, tadbirkorlik va menejerlik qobiliyatiga ega Dilfuza Sadriddinova kelgach, islohotlar jadallik bilan amalga oshirilib, muammolar bartaraf etilmoqda. Boshqarma boshlig‘i bilan suhbatimiz mavjud muammolar, ularning yechimi va kelgusi rejalar haqida bo‘ldi.
— Tahlil, kuzatuv va o‘rganishlardan kelib chiqib, islohotlar samaradorligini oshirish, Jizzax viloyatining ta’lim imijini ko‘tarish borasida qanday ishlar qilish kerak deb o‘ylaysiz? Shaxsiy taqdimotlaringizda nimalar ko‘zda tutilgan?
— Avvalo, xalq ta’limi tizimidagi har bir muassasa zamon talabi darajasida moddiy-texnik bazaga ega bo‘lishi kerak. Bu ta’lim sifati va samaradorligini oshirishning asosiy omilidir. Viloyatda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar bor. Birinchi galda shu muammolar sababini o‘rganib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘ryapmiz. Fuqarolardan ko‘plab ariza va shikoyatlar tushayotgani ham sohaga jiddiy e’tibor qaratishni talab etmoqda. Shu yilning o‘tgan 6 oyi davomida boshqarmamizga 445 ta murojaat kelib tushgan, aksariyati maktab rahbarlarining nojo‘ya xatti-harakati va boshqa mavzularga taalluqlidir. Xalq bilan muloqot tizimini takomillashtirish “Telegram” ijtimoiy tarmog‘ida boshqarmaning Jizzax—ta’lim, adolat va ishonch veb-sahifasi ochildi. Unga fuqarolar o‘z taklif, e’tiroz va mulohazasini yo‘llashi mumkin. Ushbu kanal muammolarni tezkor bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, boshqarma qoshida “PROGRESS” rivojlantirish laboratoriya markazi tashkil etildi. U 20 dona zamonaviy kompyuter texnikasi bilan ta’minlandi. Ushbu muassasa onlayn kuzatuv va masofaviy o‘qitishga mo‘ljallangan bo‘lib, viloyat xalq ta’limi tizimidagi rahbar va xodimlarning faoliyatini prognozlashtirish, metodik ehtiyojni aniqlash orqali malakasini oshirish, amaliy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etish hamda zaxira kadrlar bankini yaratishga xizmat qiladi. Ushbu laboratoriyada rahbarlardan jadval asosida test olinib, aniqlangan bo‘shliqlar to‘ldiriladi. Jumladan, maktab boshqaruvi, rahbar psixologiyasi, moliyaviy masalalar, AKT va ingliz tilidan qisqa o‘quv tashkil etilmoqda. Bu mashg‘ulotlarga tajribali mutaxassis va faxriy pedagog Saidahmad Mirzabekov rahbarlik qilmoqda. Laboratoriya qoshida ko‘chma o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, maxsus avtomashinada chekka qishloqlardagi ta’lim muassasalariga ham metodik va amaliy yordam berilmoqda.
Viloyatimizdagi 542 ta maktab deyarli bir xil sharoitda ish olib borsa-da, reytingi har xil. Shu bois maktablar natijasiga ko‘ra 3 toifaga ajratildi. Yuqori rivojlangan, o‘rta rivojlangan va past rentabelli maktablar aniqlab olindi. “Ustoz — shogird” tamoyili asosida yuqori ko‘rsatkichga erishayotgan maktablar past natijali maktablarga biriktirib qo‘yildi.
— Davlatimiz rahbarining 2019-yil 29-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida tizimni rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilab berilgan. Uni amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalsangiz.
— Bu muhim hujjatda xalq ta’limi tizimini rivojlantirishning asosiy 9 ta yo‘nalishi, 48 ta maqsadi belgilab berilgan. Unga muvofiq, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda innovatsion loyihalarni joriy qilish, yoshlar bandligini ta’minlashda maktabdan tashqari ta’limning zamonaviy usullari va yo‘nalishlarini tatbiq qilish vazifalari ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga binoan o‘quvchilarning bilim darajasi va ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlar va izlanishlar(PISA, TIMSS, PIRLS hamda boshqalar)da viloyatimiz ishtirokini ta’minlashga intilyapmiz. Konsepsiyani bosqichma-bosqich amalga oshirish borasida aniq vazifalar belgilanib, yo‘l xaritasi ishlab chiqqanmiz.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’limning asosini tashkil etadi.
Zamonaviy ta’limni innovatsiyasiz tasavvur etish qiyin. Shunday ekan, har bir pedagog o‘z ustida tinmay ishlashi, kasbiy malakasini oshirib, ijodkorlik qobiliyatini namoyish etishi zarur. Shundagina pedagoglar o‘quvchilar kutgandek mashg‘ulotlarni qiziqarli olib boradi.
— Mahalliy hokimliklar tomonidan xalq ta’limi sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday amaliy yordam berilmoqda?
— Xalq ta’limi tizimini rivojlantirish borasida Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev yaqindan yordam bermoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylar bitiruvchilarini rag‘batlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 5 ta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida 2018-2019-o‘quv yili maktabni oltin va kumush medal bilan tamomlagan o‘quvchilar rag‘batlantirildi. Oltin medal olgan 82 nafar o‘quvchining har biri 500 ming so‘mdan, kumush medal olgan 82 nafar o‘quvchining har biri 400 ming so‘mdan, respublika fan olimpiadasida g‘olib bo‘lgan 1 nafar o‘quvchi 5 000 000 so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyotga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 3 nafar o‘quvchisi 4 million so‘mdan moddiy rag‘batlantirildi.
Zamonaviy ta’limni rivojlantirishda xalqaro hamkorlikning o‘rni katta. Bunda rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish va o‘zlashtirish foydadan xoli emas. Shu maqsadda dastlabki qadam qo‘yildi. Shahardagi 22-IDUM Germaniyaning Frankfurt shahridagi maktablar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatdi. Germaniyalik mutaxassislar mahorat darsi o‘tib berdi. Kelgusida viloyatimiz o‘qituvchilari ham Germaniya va boshqa davlatlarda malaka oshiradi.
Abdusattor SODIQOV suhbatlashdi.