Obod qishloqlarning ko‘rkam maktablari
Yangi o‘quv yilini boshqalar qatori mingbuloqlik o‘qituvchi va bolalar ham intiq kutmoqda. Ayniqsa, 1-, 6- va 14-maktab muallimlari-yu o‘quvchilari o‘qish boshlanishigacha qolgan kunlarni o‘zgacha kayfiyat bilan o‘tkazishyapti. Chunki “Obod markaz” va “Obod qishloq” dasturiga asosan belgilangan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari mazkur ta’lim muassasalarida ham olib borilyapti.
Ta’lim rus va o‘zbek tillarida olib boriladigan 14-maktab Mingbuloqdagi eng yirik ilm maskanlaridan. 1200 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan bu maktab binosi eskiligi tufayli mutasaddilar-u o‘qituvchilarga rosa tashvish keltirgandi. Ohori ketib faqat sonda qolgan bino qishda isimas, xonalar yozda issiq, qorli-qirovli kunlari zax va sovuqligi tufayli o‘qituvchilar-u o‘quvchilar qishki kiyimda o‘tirishardi. Ilma-teshik bo‘lib ketgan tom har yili yamalaverganidan ustalarning joniga tekkandi. Hatto yomg‘irli kunlarning birida bu yerda o‘tkazilgan tadbirga taklif etilganlar qatori men ham shiftdan oqayotgan chakkadan himoyalanish uchun soyabon tutib o‘tirishga majbur bo‘lgandim.
— Nihoyat qiyinchiliklar ortda qoladigan bo‘ldi, — deydi maktab direktori Marina Soy. — Ta’mirlashdan so‘ng maktabimiz juda ko‘rkam va shinam, barcha qulayliklarga ega maskanga aylandi.
Bo‘yoq hidi ketib ulgurmagan sinfxonalar va yordamchi binolarni ko‘zdan kechirdik. Ustalarning mahorati sifatli bajarilgan suvoq va pardoz ishlarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Zamonaviy eshik va romlar o‘quv xonalari va ichki yo‘lakka ham chiroy, ham salobat baxsh etgan. Direktor hamrohligida muassasa hududini aylanib chiqdik. Tashqi yo‘laklar va sport maydonchalari, futbol stadionida so‘nggi obodonlashtirish ishlari bajarilyapti.
— 14-maktabni ta’mirlash uchun 1 milliard 69 million so‘m mablag‘ ajratilgan edi, — deydi tuman xalq ta’limi bo‘limining qurilish bo‘yicha mutaxassisi Guli Aliboyeva. — Hozirgacha pudratchi tashkilot — “Obodqurilishta’mirservis” MChJ tomonidan binoning tom qismini ta’mirlash ishlari to‘liq bajarildi. Eshik-deraza o‘rnatish yakunlandi. Santexnika va elektrmontaj ishlari tugallanish arafasida. Shu kunlarda tashqi suvoq va maktab hududini obodonlashtirish davom etmoqda. 40 nafardan ziyod quruvchi ta’mirlash ishlariga jalb etilgan. Maktab 1-avgustgacha to‘liq ta’mirdan chiqadi.
“Obod qishloq” dasturiga binoan mukammal ta’mirlanayotgan yana bir ta’lim muassasasi — 6-maktabda ham pudratchi jamoa — “Barkamolfarovonservis” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan belgilangan ishlarning 85 foizi uddalangan. Dasturga ko‘ra mazkur maktabda 1 milliard 71 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash yumushlari bajarilishi zarur. Yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan ta’lim muassasasi “Bozorboshi” mahallasining eng ko‘rkam inshootlaridan biriga aylanadi.
Mingbuloqning qo‘shni Andijon bilan chegaradosh Chordana mahallasi hududida joylashgan 1-maktabda amalga oshirilgan ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdik. Bu yerda “Stroymeliomontaj” MChJga qarashli quruvchilar jamoasi 1-martdan buyon salmoqli ishlarni bajaribdi. Maktabning tashqi ko‘rinishi darrov e’tiborni tortdi.
Fasadni yangilashda o‘ziga xos dizayn va uslubdan foydalanilgani bino ko‘rkamligini oshirgan. Qurilish-pardozlash ishlari sifati ham talab darajasida. Maktab oshxonasi kabi qo‘shimcha binolarda olib borilgan pardozlash ishlari, tashqi devor o‘rniga o‘rnatilgan temir panjaralar uning ko‘rimliligini oshirishda alohida omil bo‘lgan.
— Ta’mirlash ishlarini bajarish chog‘ida loyiha talablariga rioya etish bilan birga mahalliy sharoitdan kelib chiqib ham yangiliklar kiritdik, — deydi quruvchilar yetakchisi Murodxon Jo‘rayev. — Masalan, binoning ichki yo‘lagiga marmar yotqizildi. Bu, polning nafaqat ko‘rinishini yaxshilaydi, balki chidamliligini oshirib, xizmat muddatini cho‘zadi. Ham ichkarida mo‘tadil harorat saqlanishiga ko‘maklashadi.
Shu o‘rinda quruvchilarning maktabga beg‘araz yordam berayotganini ham alohida e’tirof etish lozim. Maktab qozonxonasi allaqachon ta’mirtalab holga kelgan bo‘lsa-da, loyihaga uni ta’mirlash kiritilmagan ekan. Pudratchi korxona uni o‘z hisobidan ta’mirlashini bildirib, zarur butlovchi va ehtiyot qismlarni keltiribdi.
— “Meliostroymontaj” MChJ rahbarlaridan juda minnatdormiz, — deydi maktab direktori O‘g‘ilxon Dadajonova. — Qozonxona, maktab hovlisiga kirish yo‘laklari va so‘ritoklarni o‘z hisoblaridan yangilashyapti. Shu kungacha 1 milliard 281 million so‘mlik ish bajarildi. Har bir sinfxona toza suv, zamonaviy chiroqlar bilan ta’minlandi. Maktabimiz tumandagi eng ko‘rkam va shinam ta’lim muassasalaridan biri, deya bemalol aytolamiz.
Bu yilgi “Obod markaz” dasturida Mingbuloq tuman xalq ta’limi bo‘limi uchun yangi ma’muriy bino qurish ham rejalashtirilgan. Jomasho‘y shaharchasining markazida qad rostlayotgan yangi binoda ham qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Qariyb 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilayotgan mazkur inshoot ham yangi o‘quv yilida foydalanishga topshirilishi belgilangan.
G‘anisher AKBAROV