Bilimsiz o‘qituvchidan o‘quvchi nimani o‘rganadi?
“Ma’rifat” gazetasining shu yil 51-sonida chop etilgan “O‘qituvchining saviyasidan nega qoniqmayapmiz?” nomli maqolani o‘qib, mulohazalarimni bildirmoqchiman.
Xalqimiz azaldan muallimni e’zozlab kelgan. “Ustoz otangdan ulug‘” degan naql kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q.
Haqiqiy o‘qituvchi birinchi navbatda, o‘z fanini mukammal biladigan, tajribali, aqlli, odobli, tarbiyali, farosatli, o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, o‘quvchilarni farzandiday sevadigan insondir.
Biroq oramizda oliy o‘quv yurtini amal-taqal bitirgan yoki kimlarningdir yordami bilan diplom olib, nomigagina dars o‘tayotgan pedagoglar ham bor!
Maqolada 33 foiz o‘qituvchi “3”, 41 foizi “2” baho olganini o‘qib, dahshatga tushdim. Bu juda achinarli holat. Axir bu — 74 foiz o‘qituvchi talabga javob bermaydi, degani-ku! Bilim saviyasi qoniqarsiz o‘qituvchi o‘quvchiga nimani o‘rgata oladi?!
Meni ham shu muammo anchadan buyon o‘ylantirib kelardi. Lekin qo‘limga qalam olib, ko‘nglimdagi gaplarni yozishga jur’at qilolmayotgandim.
O‘n olti yildan buyon maktabda ingliz tilidan dars berib kelyapman. Shu yillar mobaynida bir narsaga amin bo‘ldimki, bilimli, tashabbuskor pedagogni hamma hurmat qiladi va qadrlaydi. O‘qituvchining obro‘si tushib ketishiga esa (achchiq bo‘lsa ham aytay) aynan o‘sha o‘qituvchilarning o‘zi aybdor!
O‘quvchilar o‘z fanidan, ya’ni maktab darsligidan savol berishsa-yu, muallim javob berolmasa, doskaga orfografik xato bilan yozsa, keyingi safar yana savol berganida bechora o‘quvchiga “O‘zing javobini topib kel, bo‘lmasa “2” qo‘yaman!” deb o‘dag‘aylasa, bunday pedagogni kim hurmat qiladi?!
Bejiz ustozlarni haqiqiy va soxtaga ajratmadim. Aynan soxta o‘qituvchilarning bilimsizligi sababli savodi haminqadar avlod yetishib chiqyapti. Bunday o‘qituvchilar juda qo‘rqoq bo‘ladi. Masalan, maktabga birorta begona odam kelib qolsa ham, “komissiya keldi”, deb dir-dir titraydi.
Agar komissiya kelsa, ularga sichqonning ini ming tanga bo‘p ketadi!
Endi o‘qituvchilar nafaqat toifasiga qarab, balki bilim saviyasiga qarab maosh oladigan bo‘ldi. Bugungi kunda bilimli, oliy toifali o‘qituvchi ko‘p maosh olyapti. Bu esa, o‘z navbatida, boshqa o‘qituvchilarga motivatsiya beradi.
Shunday ekan, barcha o‘qituvchilar o‘z ustida ishlab, fanini yanada kuchliroq o‘rganish va o‘rgatishga harakat qilishi shart.
O‘qituvchi nafaqat ustoz, balki psixolog, kerak bo‘lsa, o‘quvchilar uchun ma’naviy ota-ona bo‘lishi kerak. Ko‘pincha o‘quvchilarimning dardini, muammosini tinglaganimda ba’zilar haqida “Savol bersak, o‘zi bilmaydi, lekin bilmasligini tan olmaydi yoki savol berma, deb urishib tashlaydi”, deyishadi. Savol bergan o‘quvchining og‘zini yopish kelajakka xiyonat emasmi?!
Bilmaganini kitob yoki internetdan izlab topib, o‘rganish kerak. O‘quvchilarim ba’zan mendan ham o‘zim bilmaydigan ma’lumotni so‘rab qoladi. Bundan xursand bo‘laman. Demak, ular darsimga qiziqyapti! To‘g‘ri tushuntirib, navbatdagi darsgacha o‘sha ma’lumotni topib, o‘rganib kelaman.
Hozir davlatimiz tomonidan o‘qituvchilarga yanada ko‘p imkoniyatlar yaratilyaptiki, ta’riflashga til ojiz. Men 2017-yili, o‘ttiz besh yoshimda, ya’ni o‘n to‘rt yil ishlaganimdan keyin oliy toifa olganman.
Hurmatli hamkasblar, kimgadir gaplarim qattiq botgandir, kimningdir yarasini tirnagandirman. Ammo tan olaylik, bular achchiq haqiqat.
Mahbuba JABBOROVA, Nurobod tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi