Darsliklarni takomillashtiraylik
Ta’lim mazmuni va sifati, avvalo, darsliklarga bog‘liq. Tashqi ko‘rinishi-yu, matnlarni o‘quvchi yoshiga mos, rang-barang illyustratsiyalar bilan bekam-u ko‘st, xatolarsiz va, eng asosiysi, zamon talablariga hamohang tarzda nashrga tayyorlash, tarjima qilish va chop etish muhim ahamiyatga ega.
Keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda darsliklarning mazmuni va undagi materiallarning saviyasiga taalluqli juda ko‘p tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Ota-onalar, o‘qituvchi-yu o‘quvchilar, keng jamoatchilik darsliklarga befarq emas. Ular ta’lim sifatini oshirish, darsliklar mazmunini yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘pgina takliflarni ham bildirishmoqda. Jamoatchilikning bu kabi munosabatidan ko‘rinib turibdiki, sohada hali juda ko‘p amalga oshiriladigan ishlar va masalalar hamda yechimini kutayotgan dolzarb muammolar mavjud.
Ana shulardan kelib chiqib, Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi mutasaddi xodimlari o‘quvchilarni sifatli darsliklar bilan ta’minlash borasida bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, “Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik” onlayn tanlovi e’lon qilinib, ishtirochilarining takliflari keyingi yillar uchun chop etiladigan darsliklar mazmunini takomillashtirishda e’tiborga olinmoqda.
Ma’lumot uchun: ushbu tanlovda o‘zlarining asosli va foydali takliflari bilan faol ishtirok etganlarga tashkilotchilarning maxsus sovg‘alari bor. Shu kunlarda ularni taqdirlash tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Yana bir asosiy masala maktablarda darsliklarning yetishmasligidir.
Maktablarda o‘tkazilgan darsliklar ta’minoti tahlil qilinganida 4-, 5-sinflar uchun chop etilgan darsliklar soni bilan 2019-2020-o‘quv yilidagi o‘quvchilar kontingenti o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga kelishi va ushbu sinflarda darsliklar yetishmasligi ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur muammolarning oldini olish, darsliklar yetishmaslik holatlarini bartaraf etish, o‘quvchilarni darsliklar bilan to‘liq ta’minlash maqsadida mazkur sinflar bo‘yicha buyurtmalar shakllantirilib, 2018-2019-o‘quv yili davomida 69 nomdagi 746 ming 202 nusxa darslik qo‘shimcha chop etilib, maktablarga yetkazildi. Darsliklar yetishmasligining oldini olish maqsadida ota-onalarning fikrlarini inobatga olgan holda va o‘qituvchilarning foydalanishini ta’minlash maqsadida maktab kutubxonasi fondi uchun zaxira darsliklar to‘plami kiritildi.
Bugungi kunda nashriyot va bosmaxonalarda 3 smenali ish tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan umumta’lim maktablari uchun 381 nomdagi 30,7 million nusxa, shuningdek, imkoniyati cheklangan bolalar maktab va maktab-internatlari uchun 52 nomda 40 ming nusxa darslik chop etildi va o‘rnatilgan tartibda qabul qilib olindi. Umumta’lim maktablarining 1-, 2-, 4-, 5-, 6-, 7-sinflari uchun belgilangan rejaga asosan darsliklar 100 foiz chop etilib, “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUK tomonidan joylarga yetkazilmoqda. Matbaa korxonalarida chop etilgan jami darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarning 28,2 million nusxasi “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUK tomonidan olib chiqilib, 27,3 million nusxasi joylarga yetkazildi.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktab o‘quvchilariga darsliklarni to‘liq yetkazish, maktab kutubxonachilari faoliyati samaradorligini oshirish, hududiy xalq ta’limi boshqaruv idoralaridagi xodimlarning mas’ulligini oshirish maqsadida “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarini darsliklar bilan taminlash ishlarini takomillashtirish” mavzusida ikki kunlik seminar ham tashkil etildi. Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika ta’lim markazida o‘tkazilgan seminarda xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari, hududiy bo‘linmalardagi mas’ul metodistlar va kutubxonachilar ishtirok etdi.
Mohigul QOSIMOVA,
www.uza.uz