“Nosoz tarozi” bilan o‘quvchi bilimini o‘lchamang!
6-sinfda o‘qiyotgan qizim shu yil mart oyida ingliz tili fanidan Toshkent shahri tumanlaridan birida o‘tkazilgan bilimlar bellashuvida ishtirok etdi. Natijalar e’lon qilingach, qizim testlarning deyarli hammasini to‘g‘ri yechganini, ammo natija past chiqqanini aytib norozi bo‘ldi. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida bellashuvning hay’at a’zolariga murojaat qildim. Hay’at a’zolari test savollari va qizimning javoblarini taqdim etishdi. Savollar varaqasini qo‘limga olishim bilan topshiriqlar matnida shakl jihatidan muammolar borligini darrov payqadim. Masalan, savollar orasida yetarlicha masofa yo‘q edi, qolaversa, savollar varaqasida hatto sarlavha va bilimlar bellashuvi to‘g‘risida ma’lumot ham mavjud emas. Uni ko‘rgan kishi biror norasmiy test varaqasi, deb o‘ylashi ham mumkin. Xullas, mazkur bellashuv to‘g‘risidagi birinchi taassurotim — testga yuzaki yondashilgan.
Kamchiliklar birin-ketin ko‘rina boshladi. Ba’zi savollar test tuzish talablari va qoidalariga umuman javob bermaydi. Ayrimlarini misol sifatida keltirib o‘taman.
1-misol. You should have … water every day.
Tarjimasi: “Sen bir kunda ... suv ichishing kerak”. Bu ochiq test, o‘quvchidan bo‘sh qoldirilgan joyga so‘z topib qo‘yish talab etiladi. To‘g‘ri javob: “2 litr” ekan.
Izoh: Mazkur test topshirig‘i o‘quvchining ingliz tilidagi bilimini o‘lchamaydi. Uni hatto biologiya yoki tibbiyotga oid topshiriq deb ham bo‘lmaydi. Chunki insonning bir kunda qancha suv ichishi kerakligi to‘g‘risida soha olimlari ham, fikrimcha, bir to‘xtamga kelmagan. Qanday qilib 6-sinf o‘quvchisi bu savolga javob bersin?! Test tuzuvchilar bu topshiriqni darsliklar matnida keltirilgan ma’lumotga asoslanib tuzgan bo‘lishi mumkin. Lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham, ingliz tiliga oid testda bunday savolning berilishi test tuzish talablariga mutlaqo javob bermaydi. Agar darsliklar matnida shu ma’lumot berilgan bo‘lsa, unda bu test topshirig‘i o‘quvchining ingliz tilidagi bilimini emas, xotirasini baholashga mo‘ljallangan. Bu kabi muammolar, ilmiy til bilan aytganda, testning konstruktiv validlik, ya’ni asosini qurish talabiga butunlay zid hisoblanadi. Konstruktiv validlik tamoyili testlarning tarkib jihatidan faqat bitta konstruksiyani, ya’ni muayyan fan bo‘yicha bilimni yoki biror maxsus ko‘nikmani baholashga qaratilishini talab qiladi. Keyingi misolga e’tibor bering:
2-misol. China is in …
A) Africa B) Central Asia C) Asia D) Europe
Izoh: Bu topshiriq tarjimaga muhtoj emas. Unda Xitoy qaysi qit’ada joylashgani so‘ralayotgani aniq. Bir qarashda savolda muammo yo‘qday tuyuladi. Lekin mutaxassis nazari bilan qaraganda, unda ikkita jiddiy kamchilik mavjud. Birinchidan, ushbu test o‘quvchining ingliz tilidagi emas, balki geografiya fani bo‘yicha bilimini sinashga mo‘ljallangan. Bu yana konstruktiv validlik tamoyiliga oid kamchilik. Ikkinchidan, ushbu savol tuman miqyosidagi bellashuv uchun juda oson hisoblanadi. Bu muammo testning ishonchliligiga o‘ta salbiy ta’sir o‘tkazadi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, axir bu test savoliga ingliz tilini bilmaydigan odam ham javob berishi mumkin-ku! Bilimlar bellashuvida tushadigan test savollarining qiyinlik darajasi sal yuqoriroq bo‘lishi kerak, chunki bunday bellashuvda maktab miqyosida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar
qatnashadi. Bu kabi savollar tanlov
qatnashchilarini saralashda samara bermaydi.
3-misol. Do you have … potatoes?
A) some B) any C) no D) anything
Ushbu test topshirig‘ida ikkita to‘g‘ri javob mavjud: A va B, chunki ingliz tilida holatga qarab mazkur kontekstda some va any so‘zlarining ikkalasi ham ishlatilishi mumkin. Ingliz tili mutaxassislari buni juda yaxshi biladi. Lekin negadir hay’at a’zolari bu haqiqatni tan olgisi kelmadi. Bilimlar bellashuvida qo‘llanilayotgan test topshiriqlarida bu kabi qo‘pol xatolar mavjudligi sinovning adolatli tarzda o‘tkazilmayotganidan dalolatdir. Testlar o‘z xususiyatidan kelib chiqib, bilimlar tarozisi vazifasini bajarishi kerak. Bu tarozi nosoz bo‘lib, unda yuqorida ko‘rsatilgani kabi muammolar ko‘p bo‘lsa, g‘oliblarni adolatli tarzda tanlab olish vositasi sifatida ishonib bo‘lmaydi.
Bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi va boshqa shu kabi rasmiy baholash yoki saralash amaliyotlarida foydalaniladigan test topshiriqlari testologiya talablariga mos ravishda ishlab chiqilishi shart. Mazkur talablar dunyodagi ta’lim tizimi rivojlangan davlatlar tajribasida ko‘p yillik sinovlardan o‘tgan. Testologiya talablari bo‘yicha testlarning sifati, asosan, validlik va ishonchililik tamoyillari asosida tekshiriladi. Bu ikki tamoyil bo‘yicha tekshiruvdan o‘tishi uchun testlar maxsus texnologik jarayonlardan o‘tishi kerak. Bular qisqacha quyidagilardan iborat:
Birinchidan, testning spetsifikatsiyasini ishlab chiqish. Bu bosqichda testning maqsadi, topshiriqlarning murakkablik darajasi, ta’lim dasturlari va standartlariga aloqadorligi, testning tarkibiy strukturasi, test uchun ajratilgan vaqt, test topshiruvchilarning kontingenti ta’rifi va boshqa ko‘plab ma’lumotlar ishlab chiqiladi. Aslida, bu o‘ta murakkab bosqich, negaki u test o‘tkaziladigan soha bo‘yicha yetuk mutaxassislar jalb qilishni va ularning testolog mutaxassis bilan hamkorlikda testning tarkibi va xususiyatlari bo‘yicha asosiy talablarni ishlab chiqishni talab qiladi.
Ikkinchidan, test tuzuvchilarni tanlab olish va ularga testologiya asoslari bo‘yicha trening o‘tkazish. Bu trening testning xususiyati va maqsadlariga
qarab moslashtirilishi mumkin. Trening, tabiiyki, testologiya bo‘yicha bilimga ega bo‘lgan mutaxassis tomonidan o‘tkazilishi kerak. Test tuzuvchilar maxsus tanlov asosida saralab olinishi lozim. Chunki har qanday odam ham test tuzuvchi bo‘lolmaydi. Test tuzish uchun muayyan fan bo‘yicha ko‘pyillik tajribaga ega bo‘lgan va ijodiy fikrlaydigan o‘qituvchilar zarur. Ayniqsa, chet tillar va ijtimoiy fanlardan test tuzuvchilardan bunday ko‘nikmalar ko‘proq talab etiladi. Chunki bu fanlardagi testlarda matnlardan foydalaniladi. Bu matnlarni tanlash, ulardan to‘g‘ri foydalanish alohida qobiliyat va ko‘nikmalarni talab qiladi.
Uchinchidan, test tuzish jarayoni. Treningni muvaffaqiyatli tamomlaganlar test tuzish amaliyotini boshlashlari mumkin. Test tuzishda eng asosiy tayanch yo‘riqnoma bu ― test spetsifikatsiyasi hisoblanadi. Test tuzuvchilar spetsifikatsiya talablari doirasidan chiqib ketmasligi lozim. Test tuzuvchilar mehnatining yaxshi rag‘batlantirilishi testning sifatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi.
To‘rtinchidan, aprobatsiya jarayoni. Test tuzish jarayonining eng muhim bosqichi bu ― sinovdan o‘tkazish jarayonidir. Aprobatsiyada test topshiriqlari kelajakda shu testni topshirishi ko‘zda tutilgan kontingent vakillari orasida o‘tkazilishi lozim. Aprobatsiya natijalari maxsus statistik tahlildan o‘tkaziladi. Bu tahlil test topshiriqlarining ko‘plab muammoli tomonlarini ochib beradi. Topilgan kamchiliklar bartaraf etilib, test qayta aprobatsiyaga qo‘yiladi. Shu tariqa test topshiriqlari sinovdan yaxshi o‘tmaguncha qayta ishlanaveradi va qayta aprobatsiya qilinaveradi.
Mazkur bosqichlar test tuzishning eng oddiy texnologik jarayoni hisoblanadi. Dunyoning yetakchi test o‘tkazish tashkilotlari bundan-da murakkab jarayonlarni yo‘lga qo‘ygan. Masalan, TIMSS, PISA kabi xalqaro baholash amaliyotlarida foydalaniladigan testlar yillar davomida ishlab chiqiladi. Eng murakkab test tuzish texnologiyalari oliy ta’lim muassasalariga kirish testlariga tatbiq etiladi. Masalan, Amerikaning “Educational Testing Service” tashkiloti kirish testlarini ishlab chiqish uchun 250 dan ortiq yetakchi olimlarni jalb qilgan. Bu olimlar testlarning validligi va ishonchliligi muammolari bilan doimiy ravishda shug‘ullanadi. Test tuzish talablari ham shu olimlar tomonidan ishlab chiqiladi. Xullas, rivojlangan davlatlar testlarni ishlab chiqish amaliyotiga o‘ta jiddiy yondashadilar. Chunki ular iqtidorli yoshlarni tanlab olish davlatning kelajakdagi kuch-qudratini belgilab beradigan eng asosiy omil ekanligini tushunib yetgan.
Afsuski, bizda test tuzish amaliyotiga yuzaki qarash odat bo‘lib qolgan. Holbuki, testlar ta’lim jarayonining deyarli barcha bosqichlarida ishlatib kelinmoqda. Bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi va boshqa shu kabi muhim sinovlarda test topshiriqlaridan foydalanishda o‘ta jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqilayotgan test topshiriqlari ham bu muammolardan xoli emas. Testologiya talablari bo‘yicha ishlab chiqilmagan va yuqoridagi kabi ko‘plab xatoliklari mavjud bo‘lgan testlar bilan bolalarimiz bilimini baholashimiz ― bu o‘z oyog‘imizga bolta urish bilan barobar. Testlar qancha sifatli bo‘lsa, iqtidorli va bilimli yoshlarga shuncha ko‘p imkoniyat bergan bo‘lamiz.
Testlarning sifati va ulardan foydalanishda yuzaga kelayotgan muammolarga ta’lim vazirliklari va mutasaddi tashkilotlarning jiddiy yondashuvi talab etiladi. Masala tizimli ravishda hal etilishi lozim. Ta’lim tizimida ishlatiladigan testlarni ishlab chiqish amaliyotini testologiya talablari asosida mukammal tarzda tartibga solish kerak. Buning uchun zarur bo‘lsa, normativ hujjatlar, talablar va standartlar ishlab chiqilishi talab etiladi. Test tuzish ko‘nikmalarini o‘rgatish malaka oshirish institutlari dasturiga kiritilishi ayni muddaodir. Bundan tashqari, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari dasturlariga baholash va test tuzish (educational assessment and testing) ta’lim yo‘nalishlari kiritilishi kerak.
Bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi va boshqa shu kabi rasmiy baholash va saralash amaliyotlariga faqatgina maxsus treningdan o‘tgan test tuzuvchilar jalb qilinishi maqsadga muvofiq. Treningdan muvaffaqiyatli o‘tgan test tuzuvchilarga maxsus sertifikat berish tartibi yo‘lga qo‘yilsa, nur ustiga nur bo‘ladi.
Abdurashid SOLIJONOV, testolog mutaxassis