“Ta’limda islohot: o‘zgarishni o‘zimizdan boshlaylik” shiori ostidagi Avgust kengashlari o‘z ishini boshladi
15-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida 2019-2020-o‘quv yiliga bag‘ishlangan Avgust kengashlari o‘z ishini boshladi.
Videoselektor tarzida tashkil etilgan yig‘ilishni Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ochib berdi, deb xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.
O‘z nutqida Xalq ta’limi vaziri mamlakat rivoji uchun ta’lim juda muhimligini hisobga olib, tizimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli katta islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Jumladan, o‘qituvchilarning oyliklari oshirilgani, iqtisod o‘sishiga qarab, kelgusida ham bu ish davom etishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, pedagoglarga mamlakatimizda oxirgi 3 yilda bo‘layotgan o‘zgarishlarga befarq bo‘lmay, yoshlarni vatanparvar va mamlakatimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan mutaxassislar etib ta’lim berish eng muhim vazifalardan ekanligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, vazir maktabda til o‘qitilishiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab bitiruvchilari davlat tili, rus tili va xorijiy tillardan biri, misol uchun ingliz tilini bilishi kerak. Shu bilan birgalikda, bitiruvchilar kelgusi hayotida muvaffaqiyatga erishishi uchun zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi muhim.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov tizimda olib borilayotgan islohotlar va ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, joriy yilda ba’zi darsliklar mazmun jihatdan yangilangan va yangi formatda chop etilgan. Yangi darsliklar o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Darsliklarning elektron variantlari eduportal.uz axborot ta’lim portaliga yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar joylashtiriladi.
Alisher Umarov joriy yilda ilk bora darsliklar zaxirasi yaratilganini aytib o‘tar ekan, o‘quv yili boshida har bir o‘quvchi kerakli darsliklar bilan to‘liq ta’minlangan bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi. Darsliklarni o‘quvchilarga vaqtida yetkazmaganlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilishini bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1-, 3-, 8-, 9-sinflarga to‘liq to‘plamda, 2-, 4-sinflarga chet tili mashq daftarlari, 7-sinf uchun chet tili darslik va metodik qo‘llanmalar, 6-sinf ixtisoslashtirilgan maktablar uchun fizika hamda 7-8-sinf ixtisoslashtirilgan maktablar uchun algebra darsligi, jami 479 nomdagi 36,5 mln. nusxa darsliklar nashr qilindi va maktablarga yetkazilmoqda.
Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda kitob hadyasi aksiyasi tashkil etildi va maktablarga 2,6 mln. nusxada turli nomdagi kitoblar sovg‘a qilindi. Alisher Umarov pedagoglarni maktablarda bolalarning kitobxonlik madaniyatini shakllantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishga chaqirdi.
Xalq ta’limi vazirining 2019-yil 6-avgustdagi “2019-2020-o‘quv yili Avgust kengashlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 255-sonli buyrug‘iga asosan Respublika o‘quv-seminari videokonferensiya shaklida joriy yilning 15-16- avgustda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, shuningdek, barcha viloyatlar hududiy o‘quv-seminarlari 19-20-avgust hamda tuman (shahar)larda fan yo‘nalishlari bo‘yicha sho‘ba yig‘ilishlari va yalpi yig‘ilishlar 22-24-avgust, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida esa pedagogik kengashlar 27-28-avgust kunlari o‘tkazilishi belgilandi.
Ilk bora an’anaviy Avgust kengashlarini o‘tkazishga noan’anaviy yondashildi va tashkiliy, uslubiy jihatdan mutlaqo innovatsion yechimlar qo‘llanildi.
Birinchidan, xalq ta’limi tizimining eng dolzarb 17 ta mavzulari bo‘yicha tashkil etilayotgan Avgust kengashining onlayn konferensiyasida 14 ta viloyat xalq ta’limi boshqarmalari hamda 200 ta tuman (shahar)lar studiyalaridan 15 avgust kuni 9 ta yo‘nalish bo‘yicha 72 295 nafar, 16-ф-avgust kuni 8 ta yo‘nalish bo‘yicha 59 664 nafar, jami 131 959 nafar xalq ta’limi xodimlari, jumladan, rahbarlar, fan va boshqa yo‘nalish metodistlari, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hududiy markazlarining professor-o‘qituvchilari, psixolog va trener-o‘qituvchilar ishtirok etadi.
Bunday tashkiliy yechim ishtirokchilar sonini bir necha bor oshirish bilan birga viloyat markazidan uzoqda joylashgan tuman (shahar)lardan ishtirokchilarning kelib-ketish xarajatlari, harakatlanish xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarni yechadi.
Ikkinchidan, yangi o‘quv yili oldidan o‘tkaziladigan bu yilgi an’anaviy Avgust kengashida:
• 2019-2020-o‘quv yilida ta’lim muassasasi va pedagoglar oldida turgan vazifalar hamda ta’lim tizimining istiqbollari;
1 Umumiy o‘rta ta’lim mazmuni: 2019-2020-o‘quv yili tayanch o‘quv rejasi, o‘quv dastur va darsliklardagi o‘zgarishlar;
1 Boshlang‘ich ta’limda interaktiv ta’lim muhiti;
1 Filologiya fanlarini o‘qitishda innovatsion yondashuv;
1 Sovershenstvovaniye obucheniya russkomu yazыku v sovremennыx usloviyax;
1 Tabiiy va iqtisodiy fanlarni o‘qitishda “STEAM” yondashuv;
1 Aniq fanlarni o‘qitishda integrativ yondashuv;
1 Chet (ingliz, nemis, fransuz) tillarini o‘qitishda ilg‘or pedagogik va “CLIL” metodlar;
1 Ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitishda sifatni ta’minlashning metodik asoslari;
1 Amaliy fanlarni o‘qitishda kreativ yondashuv;
1 Maktab rahbarlari-ta’lim menejerlarini tayyorlashning dolzarb masalalari;
1 Ta’lim jarayoniga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning strategik jihatlari;
1 O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari;
1 O‘quvchilar natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari;
1 Ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, fazilatli yangi avlodni shakllantirish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;
1 Psixologik xizmat sohasidagi islohotlar va dolzarb vazifalar;
1 Inklyuziv ta’limning zamonaviy tendensiyalari;
Zamonaviy maktab: ta’lim trayektoriyasi va yangi kasblar kompasi mavzularida moderatorlar tomonidan onlayn taqdimot qilinadi va videoresurs tayyorlanadi.
Uchinchidan, Avgust kengashlari uchun sifatli, zamonaviy metodik resurslar tayyorlash va har bir o‘qituvchiga yetkazishga ham innovatsion yondashiladi. Jumladan, metodik resurslar, me’yoriy hujjatlar jamlanmalari, namunaviy dars ishlanmalari, o‘quv topshiriqlari, metodik tavsiyalar va taqdimotlar elektron axborot tashuvchiga yozilib, har bir hududga yetkaziladi.
Avgust kengashlari materiallari Xalq ta’limi vazirligining uzedu.uz rasmiy sayti, eduportal.uz axborot ta’lim portali, Respublika ta’lim markazining rtm.uz, A.Avloniy nomidagi XTTRMXQTMOIning avloniy.uz, Xalq ta’limi sohasida AKTni rivojlantirish markazining ciciti.uz rasmiy saytlariga joylashtiriladi.
To‘rtinchidan, Respublika seminari trenerlarining taqdimotlari maxsus studiyada videotasvirga olinib, joylarga yetkazib beriladi va ular har bir maktabning pedagogik kengashlarida namoyish etiladi. Bu esa o‘qituvchilarni haqqoniy va sifatli tavsiyalar bilan ta’minlashga imkon yaratadi.
Qolaversa, har bir yo‘nalish bo‘yicha tayyorlangan metodik tavsiyalar ommaviy axborot vositalari(gazeta va jurnallar)da chop etiladi.
Beshinchidan, pedagoglar va keng jamoatchilik bilan qayta aloqani ta’minlash maqsadida ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan foydalaniladi. Jumladan, Respublika ta’lim markazi tomonidan tashkil etilgan telegramm kanallari, chatlar orqali metodistlar onlayn konsultatsiyalarda savollarga javob beradi.
Respublika seminarida ishtirok etgan 131 959 nafar ishtirokchilar ichidan 19-20- avgust kunlari tuman (shahar) seminarini tashkil etish uchun tanlab olingan 17 545 nafar trenerlar o‘qitiladi. Viloyatda tayyorlangan trenerlar tomonidan 22-24-avgust kunlari tuman (shahar) miqyosida seminarlar tashkil etilib, unda 228 mingga yaqin pedagoglar ishtirok etishadi. Mazkur jarayonlarni yuqori saviyada tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida vazirlik va ta’lim markazi mutaxassislari hududlarga yuboriladi.
Hududlarning an’anaviy Avgust kengashlari yalpi yig‘ilishlariga tuman (shahar) hokimligi mas’ul xodimlari, hokimlik tarkibidagi tuzilmalar rahbarlari, joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan turli davlat va nodavlat tashkilotlar, jamg‘armalar hamda homiy tashkilot vakillari, xalq ta’limi sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilib, hozirgi kunda nafaqada bo‘lgan ustoz-muallimlar va «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, yosh o‘qituvchilar taklif etiladi.
Tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida maktab pedagogik kengashlari o‘tkaziladi va Avgust kengashining metodik mahsulotlari har bir o‘qituvchiga yetkaziladi hamda amaliyotga joriy etiladi.