Iqtidorli o‘quvchilarni aniqlashda xalqaro tajribalar qo‘llanilmoqda
Joriy yilning 16-avgustidan boshlab 2019-2020-o‘quv yili uchun ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi va maktab-internatlariga iqtidorli o‘quvchilarni qabul qilish yuzasidan psixologik-pedagogik diagnostik test sinovlari o‘tkazilmoqda.
Respublikamizdagi 156 ta ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi va maktab-internatlarda test sinovlarida ishtirok etish uchun 17334 nafar (shundan, 7992 nafar ijtimoiy-gumanitar, 9342 nafari aniq fanlar yo‘nalishida) o‘quvchilar hujjat topshirishgan.
Psixologik-pedagogik diagnostika test sinovlarining adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash uchun bu yilgi psixologik testlarni o‘tkazish tartibi va baholash tizimiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, test sinovlari yangicha usul, xalqaro tajribalar hamda Cambridge Assessment International Education tajribalariga asoslangan holda tayyorlandi. Savollar mazmuni o‘quvchilarni ko‘prok mantiqiy va tanqidiy fikrlashga undovchi topshiriqlarga qaratildi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, bu yilgi Prezident maktablariga qabul test sinovlari Cambridge Assessment International Education tomonidan tashkil etilgan edi.
Respublika tashxis markazi qoshida tashkil etilgan Ilmiy laboratoriya professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘quvchilarning yosh xususiyatlari va psixologik holatlarini inobatga olgan holda abstrakt tafakkur, matematik iqtidor hamda ijtimoiy yo‘nalishlarda bolaning qobiliyatlarini aniqlovchi psixologik testlar tuzildi.
O‘quvchilarning javoblar varaqasi maxsus dastur asosida kompyuter texnikasi orqali tekshiriladi hamda natijalar e’lon qilinadi. Har bir bolaning ishlagan psixologik test natijalari o‘quvchiga oldindan berilgan ID kod orqali EXCEL dasturi asosida QAYDNOMA ko‘rinishida tayyorlanadi. Psixologik test natijalari maksimal 100 ballik tizimda baholanadi, deyiladi vazirlik axborot xizmati tarqatgan xabarda.