Sifatli ta’lim — sifatli o‘quv qurollari bilan
— Monkart, Avtobolt, Transformerlarning rasmi tushirilgan daftarlaringiz bormi, — sotuvchidan so‘radi bir ayol. — O‘g‘lim shu multqahramonlarni juda yaxshi ko‘radi-da.
Sotuvchi qator terilgan daftarlar orasidan xaridor so‘raganlarini shosha-pisha qidira ketdi.
— Bizda barcha multfilmlarning qahramonlari aks etgan o‘quv qurollari topiladi. Mana, rasm daftarlari, qalamdonlar, kreativ ruchkalar, hatto o‘chirg‘ich, qalamchiqargichlarning ham turli xillari bor. Xaridorni “ushlab qolish”ga urinayotgan savdogar so‘ralgan daftarlarning faqat bittasi borligini, qolganlarining o‘rniga boshqalaridan tanlashi mumkinligini aytdi. Xullas, maqsadiga erishgan tadbirkor ayol o‘zi maqtagan — “bolani qiziqtiradigan” o‘quv qurollarini sotishga erishdi.
Har yili yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida turli hududlarda maktab yarmarkalari tashkil etiladi. Maktab bozorlarida ko‘zni quvontiradigan, bir-biridan ajoyib o‘quv qurollari borki, ularni ko‘rib beixtiyor eng chiroyli va jimjimadorlarini xarid qilgingiz keladi. Zangiota tumanida joylashgan “Ilm shu’lasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining savdo rastalari bolalar-u ota-onalar va boshqa xaridorlar bilan gavjum. Xalq orasida “Cольничний” deb nom chiqargan maktab bozori nafaqat Toshkent shahri, balki viloyatlarimizni ham o‘quv qurollari bilan ta’minlaydi. Ushbu bozordagi narx-navo va mahsulotlarning sifati bilan qiziqib ko‘rdik. Keltirilgan voqea ham ushbu bozordagi holatdan bir lavha edi.
Narxmi yoki sifat?
Maktab bozoriga kirib borishingiz bilanoq turli tomondan kelayotgan chorlovlardan shoshib qolasiz. Ko‘proq narsa olsangiz, arzon narxlarda hisob-kitob qilishni va’da berayotgan sotuvchilarning esa dardi bitta. Xullas, ugurji savdo markazida arzonroq mahsulot xarid qilaman desangiz — sifatsiz, sifati yaxshirog‘ini olaman desangiz — qimmat. Maktab anjomlarining ichida eng kerakli buyum bu sumka hisoblanadi. Turnaqator ilingan, jimjimador sumkalar ko‘rgan ko‘zni quvnatadi. Bularning barchasi maktab o‘quvchilariga mo‘ljallanganiga hatto shubha qilib qoladi kishi. Sotuvchi yigitning aytishicha, sumkalar 55 ming so‘mdan boshlanib, 200 mingacha bo‘lgan narxlarda sotilayotgan ekan. Mabodo, sifatlisini olaman desangiz, (masalan, Xitoyniki) narxi ham ko‘tarilib boraverarkan.
Talab yuqori bo‘lgan o‘quv qurollaridan yana biri, shubhasiz, daftarlardir. Bozorni aylana turib, sifati bir-biridan tamoman farq qiladigan turli-tuman daftarlarga ko‘zimiz tushdi. Mahsulotlarning turi ko‘pligi va narxlarining turlichaligi har qanday xaridorni esankiratib qo‘yishi turgan gap.
Masalan, birgina 12 varaqli daftarning 3-4 xilini uchratdik. Ma’lum bo‘lishicha, ular orasida eng sifatlisi Rossiyaning “Arxangelskiy” zavodida va “Arena” firmasida ishlab chiqarilayotgan daftarlar hisoblanarkan. Ammo ularning har ikkisi turli do‘konlarda turlicha narxlarda sotilmoqda. Kimdadir 500 so‘m bo‘lsa, yana kimdadir 450, boshqa birovda 400 so‘m. Bir xil turdagi tovarning turfa narxdaligi xaridorni chalg‘itib, sifatlisini farqlolmay qolishiga sabab bo‘lishi aniq. Qolgan ikki turdagi daftarlar arzon bo‘lib, mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Ularning muqovasida turli allomalarning suratlari va yashab o‘tgan yillari ko‘rsatilgan. Ammo foydalanishga yaroqlilik darajasi ancha past, qog‘ozining sifati talabga javob bermaydi. Narxlari ham turlicha: 350, 320, ko‘proq olsangiz, 300 so‘m bo‘larkan. Ko‘zni charchatadigan darajada sifatsiz bo‘yoqlardan foydalanilgan. Bir tomoniga yozilsa, ruchkaning bo‘yog‘i varaqning ikkinchi tomonida ham qolib ketishi aniq. Qolaversa, chegarani bildiradigan qizil chiziq ham har xilligi kishi ko‘nglini xira qiladi.
Aslida “O‘zstandart” agentligi tomonidan o‘rnatilgan texnik reglament va standartga ko‘ra, 12 varaqli daftarning vazni 70 – 80 gramli qog‘ozdan tayyorlanishi kerak. Ammo bozordagi daftarlarning aksariyatining og‘irligi 40 – 45 gramdan oshmaydi. Sifatsiz qog‘oz va rang tarkibida turli kimyoviy moddalar bo‘lib, u bola sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etadi. Qolaversa, ko‘zni charchatadi, husnixat xunuklashuviga olib keladi, hatto allergiya qo‘zg‘ashi ham amaliyotda kuzatilgan.
Eng achinarlisi, bu daftarlarning so‘nggi muqovasida allomaning hayoti, ijodi haqida qisqacha ma’lumotlar bor. Ular ham juz’iy xatoliklardan xoli emas. Masalan, shoira Zulfiya haqida ma’lumotda “Nilufar” mukofoti “Nelufar” tarzida yozilgan. Muqovasining o‘rta qismida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi harflarning avval bosma, so‘ng yozma shakllari tartib bilan berilgan. Harflarning yozma variantida katta “I” harfi katta “J” harfiga o‘xshab qolgan. “Z” harfining yozma shaklida “beliga belbog‘” qo‘yilgani hayratimizni oshirdi. Eng ko‘p kuzatilayotgan xatolardan biri — “O‘” harfidagi apostrofning tutuq belgisi bilan almashtirilgani deyarli barcha mahalliy daftarlarda mavjud. “G‘” harfining yozma shaklida esa ‘ o‘rniga yopilgan qo‘shtirnoq (”) belgisini ko‘rishingiz mumkin.
Bu haqda sotuvchilarga aytib o‘tirish befoyda. Chunki ular aybni ishlab chiqaruvchining gardaniga qo‘yadi, qutuladi. Bu qaysi bosmaxona, qaysi MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan ekan deb, muqovaning pastki qismiga qarasak, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yozuvdan boshqa narsani ko‘rmadik. Bu holatda nima qilish, qanday yo‘1 tutish mumkin? Savolga tutilgan sotuvchi, bizni maydakashlikda ayblab, yoqmasa olmasligimiz mumkinligini qo‘pol ohangda aytdi.
Ushbu daftarda ham, boshqa mahalliy MChJ ishlab chiqargan daftarlarda ham hech qanday ishlab chiqarish manzili ko‘rsatilmagan. Sotuvchilardan so‘rasangiz, har doimgidek yelka qisishadi.
Yana gap ishlab chiqaruvchilarga borib taqalmoqda. Ular bunaqa narsalarga e’tibor berib o‘tirmaydi. Ular faqat bozorbop tovarni sotib, foyda ko‘rishni o‘ylaydi. Bu holatda masalaga bitta yo‘l bilan yechim topish mumkin. Agar pedagoglar ota-onalardan har tomonlama sifatli mahsulot sotib olishni qat’iy talab qilsa va bu majburiyatga aylansa, shunda ishlab chiqaruvchilar ham talabga mos tovar yaratishni o‘ylaydi. Yo‘qsa, bu kabi holatlarninig oldini olib bo‘lmaydi.
“Arzoni ko‘p sotiladi”
Rastalarni aylanib, sotuvchilar bilan fikrlashib, aholi o‘rtasida arzonroq mahsulotlarga talab borligini bildik.
— Xaridorlarimiz doim so‘rab keladigan va hamyonbop narxlardagi mahsulotlarni ko‘proq “zakaz” qilamiz, — deydi ismini aytishni xohlamagan sotuvchi ayol. — Masalan, qalamdon(penal)larning xilma-xillari bor, lekin hammasining narxi turlicha. Asosan, 3 mingdan boshlanib, 30 – 40 minggacha. Bozorda qidirsangiz, 170 – 200 ming so‘mlik penallarni ham topasiz. Ammo ularning xaridori juda kam. Shuning uchun ham arzon va ketadigan tovarlarni ko‘p olib kelamiz.
Kundalik daftarlarining narxi 1,5 ming so‘mdan boshlanarkan. Bir kundalikdagi rasm e’tiborimizni tortdi. Unda birinchi prezidentimiz Islom Karimovning surati Mustaqillik maydonidagi “Ezgulik arkasi”ning ustiga tushirilgan. Kamiga muqovaning yarmida Amir Temurning otda turgan haykali ham aks etgan. Bu surat orqali qanday ma’no anglanadi, hayronmiz. Eng achinarlisi, Birinchi prezidentimizning otasining ismi — “Abdug‘aniyevich”dagi “g‘” harfida ham o‘sha eski xatoga yo‘l qo‘yilgan. Ushbu kundalikda ham na ishlab chiqaruvchining manzili, na boshqa ma’lumotlarni ko‘rasiz. Taxlam-taxlam daftar olayotgan xaridorlarning bu masalalar xayoliga ham kelmayapti.
O‘quv qurollari tabaqalanishga olib keladimi?
— Maktab o‘quvchilari o‘rtasida turli masalalarda tengsizlik, tabaqalanish kabi holatlarni ko‘p uchratganmiz, — deydi G‘ijduvon tumanidagi 4-maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Zavarshoh Hamroyeva. — Maktab yoshidagi bolada solishtirish, qiyoslash kuchli bo‘ladi. Uning kiyimi menikidan yaxshi, uning sumkasi bunikidan zo‘r qabilidagi fikrlar bo‘lishi ko‘p kuzatilgan. O‘quv qurollari masalasida ham xuddi shunday holatlar yuz beradi. Masalan, o‘quvchilar orasida qulflanadigan, muqovasi qattiq kundalik tutadiganlari, boshqa oddiy kundalik tutadigan tengdoshlaridan o‘zini yuqori tutadi. Yoki oddiy rasm darslarida ishlatiladigan flomasterning ayrim ota-onalar eng qimmatini olib berishadi. Aslida darslarda flomasterga u qadar ehtiyoj yo‘q. Zamonaviy sumkalarni aytmaysizmi, pastki qismida telefonni quvvatlaydigan moslama ham o‘rnatilgan. Maktabimizda yuqori sinflarda telefon ishlatish taqiqlangan. Ammo shunaqa sumkalar olib, gerdayib yuradigan o‘quvchilar ham topiladi. Bu kabi holatlarda o‘quvchilar o‘rtasida turli gap-so‘z ko‘payishi tabiiy. Muammoni to‘g‘ri hal qilish uchun o‘qutuvchilar avvalo ota-onalar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishi kerak. Keyin o‘quvchilarda ham o‘quv qurollari zo‘r bo‘lgani bilan, bilim zo‘r bo‘lib qolmaydi, degan qarashni shakllantirish lozim. Yaqin kunlarda aynan shu masala bo‘yicha maktabda ota-onalar majlisi o‘tkazmoqchimiz. Joylarda maktab bozorlarining ochilganiga ko‘p bo‘lmadi. Har bir ota-ona bu masalaga bee’tibor bo‘lmasligi lozim. Zero, o‘quv qurollari faqat va faqat o‘quvchining bilim olishiga xizmat qilsin.
Darhaqiqat, o‘quvchilar o‘rtasida bu kabi masalalarda kelishmovchiliklar paydo bo‘lishi sinfda muhit buzilishiga olib keladi. Bu borada mas’ullik ko‘proq ota-onalar zimmasida bo‘lishi kerak. Bekorga o‘qituvchilar o‘quvchining kiygan kiyimi, tutgan o‘quv qurollariga qarab ota-onasining farzandi tarbiyasiga e’tiborini bilish mumkin deyishmagan.
— O‘quv qurollari tanlayotganda ko‘proq sifatiga e’tibor beraman. Asosan, chet el mahsulotlarini xarid qilaman, — deydi toshkentlik Manzura Muxtorova. — Bozorga albatta farzandlarim bilan birga chiqib, o‘zlari tanlagan o‘quv qurollarini olamiz. To‘g‘ri, bolalarga ko‘p ham erkinlik berish kerak emas. Lekin hech bo‘lmaganda shu masalada tanlovni ularning o‘zlariga qo‘yib bersak, yomon bo‘lmasdi. Bolalarim oddiyroq narsa tanlasak, o‘rtoqlarim bunaqasidan ishlatadi deb turib olishadi. Ammo bolaning xayolini bo‘ladigan, o‘yinga o‘rgatadigan o‘quv qurollariga qarshiman. Bir gal kichik farzandimning partadoshi maktabga qilichli ruchka olib kelibdi. O‘g‘lim bir marta yozib ko‘rishga so‘rasa, bermabdi. Boshqa bolalar ham shu ruchkaga qiziqib qolibdi. Xullas, sinfda tortishuv, g‘ala-g‘ovur boshlanib ketgan. Galdagi ota-onalar majlisida o‘qituvchimiz farzandlarimizga turli shaklli, e’tiborini tortadigan o‘quv qurollari olib berishni taqiqladi. Haqiqatan ham, dars jarayonida o‘quvchining xayoli chalg‘iydi, diqqati bo‘linadi. Lekin ustozning gaplari shu kuni unutildi shekilli, o‘g‘lim hayal o‘tmay Asadda bunaqa penal bor, Sadriddin mashinali ruchka olibdi, deb keldi. Albatta, bu masalada maktab ma’muriyati tomonidan qat’iy belgilangan me’yorlar bo‘lishi kerak. Bunga barcha ota-onalar amal qilishga majbur bo‘lsin. Mabodo qoidalar buziladigan bo‘lsa, chora ko‘rilsagina, bu masalada yakdillikka erishish mumkin.
O‘quv qurollarining maqsadi o‘qish jarayonida o‘quvchiga ko‘mak berishdan iborat. Turli “innovatsion” va xato yozuvlarga ega mahsulotlar o‘quvchini asosiy maqsaddan chalg‘itadi. Buning uchun o‘qituvchi va ota-ona hamkorligini yo‘lga qo‘yish bilan birga maktab yarmarkalarida ham qat’iy nazorat o‘rnatish kerak.
Niginabonu SHUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbiri