“Yangilangan maktab — yutuqlarga erishish asosi”
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz — Mustaqillik bayrami arafasida “Obod qishloq”, “Obod mahalla” davlat dasturlari asosida chekka qishloqlar ham obod bo‘lib, ko‘chalar ravonlashmoqda, tibbiy maskanlar, ta’lim muassasalari, savdo do‘konlari, kutubxonalar, yoshlar markazlari yangidan qurilmoqda, mavjudlari kapital ta’mirlanib, o‘zgacha qiyofa kashf etmoqda.
Joriy yilda birgina Qarshi tumanida uchta yangi o‘quv binosi qad rostladi. Jumladan, tumanning Yertepa qishlog‘idagi 19-umumta’lim maktabiga qo‘shimcha ravishda 315 o‘rinli, Ko‘chkak qishlog‘idagi 3-maktab o‘quvchilari uchun ham 315 o‘rinli, Xonobod qishlog‘idagi 66-maktabda ham qo‘shimcha 240 o‘rinli o‘quv binolari bunyod etilib, birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda.
— Ta’lim muassasamizda 1 233 nafar o‘g‘il-qiz tahsil oladi, — deydi Qarshi tumani Ko‘chkak qishlog‘ida joylashgan 3-maktab direktori Kamol Umarov. — 1993-yilda qurilgan 725 o‘rinli maktabimizda ko‘p sonli o‘quvchilar uchun sharoitlar yetarli emas edi. “Obod qishloq” davlat dasturiga asosan yana 315 o‘rinli yangi maktab binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu ko‘chkakliklar uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi. Yangi maktab binosida 12 sinfxona, fizika va biologiya fanlariga mo‘ljallangan o‘quv-laboratoriya xonalari mavjud bo‘lib, barcha qulayliklar yaratilgan.
Maktab binosini bunyod etish uchun davlat budjetidan 2 milliard 14 million so‘m mablag‘ sarflandi. Qurilish ishlarini “Obod GM shahar qurilish” MChJ quruvchilari sifatli tarzda amalga oshirdi. Maktab rahbari hamda o‘qituvchilar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirib, quruvchilar mehnatiga tasanno aytdik.
― O‘quvchilarimiz bundan buyon barcha qulayliklarga ega bo‘lgan sinfxonalarda tahsil oladi, ― deydi maktabning kimyo fani o‘qituvchisi Mehriniso Xudoyorova. ― Sinfxonalarimizning qay bir jihatiga e’tibor qaratmang, barchasi kishi ko‘nglini quvontiradi. Isitish tizimi deysizmi, yoritish tizimimi ― bari ko‘ngildagidek. Bundan biz — o‘qituvchilar mamnunmiz.
Xuddi shuningdek, tumandagi 19-maktabda ham “Obod qishloq” dasturiga asosan 315 o‘rinli qo‘shimcha yangi maktab binosi bunyod etilib, barcha qulayliklar yaratildi.
― Mazkur maktabda faoliyat olib borayotgan 84 nafar pedagoglardan 21 nafarining yashab turgan uy-joylari dasturga binoan ta’mirlanib, obodonlashtirildi, ― deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Meyli Boqiyev. ― Bundan tashqari ushbu ta’lim muassasasida farzandlari ta’lim olayotgan kam ta’minlangan oilalarning sakkiztasiga o‘quv anjomlari ― yozuv taxtasi, stol-stullar yetkazib berildi.
Ma’lumot o‘rnida aytadigan bo‘lsak, 2019-yilda Investitsiya dasturiga asosan Qashqadaryo viloyatida 64 ta umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash uchun 90 mlrd 71 mln 500 ming so‘m (52 ta maktab rekonstruksiyasi uchun 62 mlrd 429 mln 700 ming so‘m, 12 tasini mukammal ta’mirlash uchun 27 mlrd 641 mln 800 ming so‘m) mablag‘ ajratilgan bo‘lib, dasturning tashrif bayoniga 38 ta hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturidagi 20 ta, hokimliklar taklifiga ko‘ra 6 ta obyekt kiritilgan.
2019-yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturiga binoan 26 ta maktabda 18 mlrd 870 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash, jumladan, 6 tasida rekonstruksiya, 7 tasida mukammal ta’mir, 13 tasida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Joylardagi davr talabi darajasida bunyod etilayotgan ziyo maskanlarining keng va yorug‘ sinfxonalari belgilangan tartibda bezatilib, jihozlanmoqda. Bu qulayliklar, albatta, dars mashg‘ulotlari jarayonida o‘z samarasini beradi.
O‘ktam MEYLIYEV,
“Ma’rifat” muxbiri