O‘qituvchi obro‘si qachon oshadi?
Mamlakatimizdagi keng qamrovli ta’lim islohotlari fonida o‘qituvchi obro‘sini oshirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada so‘nggi vaqtlarda qator samarali ishlar amalga oshirildi. O‘qituvchining maoshi oshirildi, qog‘ozbozlik, majburiy mehnatdan ozod etildi. Ularning mavqeyini oshirishga yo‘naltirilgan harakatlar hamon davom etmoqda. Xo‘sh, o‘qituvchi mavqeyini oshirish uchun yana nimalar qilmoq kerak? Gazetamizning “Telegram” tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhida bu borada qizg‘in munozara bo‘lib o‘tdi. Fikrlar bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Oybek XOLMURODOV:
― Prezidentimiz jamiyatda o‘qituvchining mavqeyini oshirish maqsadida qaror va farmon chiqardilar. Shunga qaramay, bir qancha internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchining o‘quvchini urgani, urishgani haqidagi videolar tarqalib, asosiy ayb muallimga qo‘yilyapti. Bilib-bilmay bunday holatlarda o‘qituvchini aybdor qilish, uni haqoratlash holatlari ko‘p uchrayapti. Bu kabi axborotlar o‘quvchilarning ongiga qanday ta’sir o‘tkazadi? Shuni ham kimdir o‘ylaydimi? O‘quvchi “Demak, o‘qituvchimning menga qo‘lini ham tekkizishga haqqi yo‘q, faqat yaxshi muomala qilishi kerak”, degan fikrga boradi. Maktabga erkak o‘qituvchilar kerakligi bot-bot takrorlanyapti. Albatta, o‘tgan yili maoshlarimiz oshirilib, ozgina yengillik tuygandek bo‘ldik. Lekin, aslida, hozirgi maoshimiz ham kundalik hayot kechirishga yetmaydi. Aytaylik, erkak o‘qituvchining qo‘shimcha daromadi bo‘lmay, maoshi o‘rtacha 2 million so‘m, deb hisoblaylik. Bunday holatiga u mashina olmoqchi bo‘lsa, yemay-ichmay, ro‘zg‘orga ulush qo‘shmay, kamida 3 yil pul yig‘ishi kerak. Yurtimizdagi tijorat banklaridan 3 yil muddat, 36 foizli avtokredit asosida avtomobil olishga ham qurbi yetmaydi. Chunki bank tomonidan belgilangan grafik bo‘yicha oylik to‘lovni to‘lashga maoshi ozlik qiladi. Shu o‘rinda, Prezidentimiz qarorida ta’kidlangan o‘qituvchilar uchun imtiyozli avtokreditlar qachon berilishini minglab muallimlar hamon ko‘zi to‘rt bo‘lib kutayotganini eslatib o‘tmoqchiman.
Dilafro‘z BOBOJONOVA:
― O‘qituvchi obro‘sini kimdir oshirib berishiga muhtoj bo‘lmasligi kerak. Tumanlarda bo‘lgan seminarlar davomida hali ham o‘qituvchilar mudrab yotganiga guvoh bo‘ldim. O‘zgarishni o‘zimizdan boshlamas ekanmiz, bizga munosabat ham o‘zgarmay qolaveradi. Bilimli, psixologiyadan xabardor, o‘z ustida ishlash, o‘rganishdan qochmaydigan, zamon bilan hamnafas o‘qituvchini barcha birdek hurmat qiladi. O‘quvchini ilm olishga ilhomlantirolsak, boshqalardan o‘zimiz kutgan munosabatni olishga erishamiz. Yoki yaponlar kabi o‘qituvchi mavqeyini imperator maqomiga tenglashtirish kerak. Imperatorga kim ham hurmatsizlik qila olardi?!
Hafiza RASHIDOVA:
― “Navo” telekanalida qo‘yiladigan kliplarni kuzatdim. Bir klipda yigit qizga avtomobil kalitini sovg‘a qildi. Bu holatni yigitning sobiq “sevgilisi” ko‘rib qolib, yig‘lab ketdi. Yana 2-3 klip ham deyarli shu mavzuda. Hozirgi o‘zbek seriallari ham bevafolik, xiyonat mavzularidan boshqa narsani ko‘rsatmayapti. Xalqimizni bevafo yoki xiyonatkor qilib ko‘rsatishdan kimga nima naf? Undan ko‘ra ibrat bo‘lishga arzigulik insonlar hayotini filmlarga olib chiqishsin. Fidoyi, el ishonchini qozongan muallimlar haqida tarixda qoladigan kinolar ishlansa, qanday yaxshi bo‘lardi. Televideniye — targ‘ibot vositasi. U nimani tarannum etsa, auditoriya ongiga o‘sha narsa quyilib boradi. Ziyoli o‘zbek muallimi siymosi, qiyofasini yaratuvchi rejissorlar maydonga kelishini istardim. Bu siymo ko‘plab o‘quvchilarni o‘yga toldirsa, ularda havas uyg‘otsa qaniydi!
Feruza TURSUNOVA:
― Ustozlar uchun imtiyozlarni joriy etish kerak. Imtiyozli avtokreditlar, imtiyozli kredit asosida uylar berilishi kerakligi bir yil oldin tasdiqlangan Prezident qarorida ko‘rsatilgan edi. Ammo hamon kutyapmiz. Avvallari gaz, elektr energiyasi uchun imtiyozlar bor edi. Hech bo‘lmasa shularni tiklash mumkinmikan?
Zevarshoh HAMROYEVA:
― Bugungi kunda o‘qituvchilarga e’tibor juda yuqori, biz bundan mamnunmiz. Lekin o‘qituvchi chaqirsa, bahonasi tayyor onalar, yil boshida o‘quv qurolini olib berib, keyin umuman qiziqmaydigan, o‘zining ham farzandiga gapi o‘tmaydigan, ammo qattiqroq tergasangiz yoki biror tarsaki tushirsangiz, bolasi ko‘ziga “avliyo” bo‘lib ko‘rinadigan hurmatli ota-onalar uchun davlat ham o‘qituvchi tomonida ekanini ko‘rsatib beruvchi qonun chiqarilsa, yaxshi bo‘lardi. Tuman XTBgacha borib, andishasizlik qiladiganlar (XTBdagilar ham o‘qituvchini “o‘zimiz jazolaymiz”, deb yuborsa kerak) o‘sha yerga borib tinchiydi. Ular ham mehnatimiz bir og‘iz gap-so‘z tufayli yo‘qqa chiqmasin, deydi. Har qanday holatda ham biz bolalarga bilim beraveramiz...
O‘qituvchilarimiz orasida pedagogik malakasi yuqorilari juda ko‘p. Repetitorlar ham bundan mustasno emas. Lekin yillar davomida o‘qituvchi qog‘ozga o‘ralashib qoldi, repetitorlar esa o‘z ustida ishlab bilimini oshirib boraverdi. Bugun ayrimlarda bilim sustroq, ayrimida malaka. Shunday bo‘lsa-da, shu kunlarga yetkazganiga shukur qilishimiz kerak. Oldinlari ham jamoat ishi, ham uy, ham maktab ishiga ulgurardik. Uning ustiga qog‘ozbozlik. Hamma narsa asta-sekin iziga tusharkan. 2014-2015-o‘quv yilida maoshim 130 ming so‘m edi. Hozir milliondan gapiraman…
Azzatjon AZIMOVA:
― “Tashabbus”, “Umid nihollari” sport musobaqalarida g‘olib bo‘lganlarga, hatto 3 egiz tuqqanlarga ham mashina beriladi. Lekin o‘qituvchilar tanlovlariga negadir mashina yetmay qoladi. Aslida, bolani dunyoga keltirishdan ko‘ra ta’lim-tarbiya berish qiyinroq. O‘qituvchilar uchun imtiyozli avtokredit berilsa ham, rozi edik.
Go‘zal PINYOZOVA:
― Ta’tilga chiqqan o‘qituvchilarga chet davlatda dam olishi uchun sharoit yaratilsa, yaxshi bo‘lardi. Xorijiy tillarni yaxshi bilgan o‘qituvchilarga mutaxassisligi bo‘yicha biror tanlov tashkil qilinib, g‘oliblarni Yaponiyaga malaka oshirish uchun yuborilsa, shular haqida ko‘rsatuvlar tayyorlansa, o‘qituvchining qadri shunda osharmidi... O‘qituvchilar ham izlanardi, bu ta’lim sifatini oshiradi. O‘quvchilar bilimini oshirishga turli xorijiy davlatlar metodikasi kiritilyapti, bu yaxshi. Lekin tarbiya susaymoqda. Maktabda tarbiyaviy soat haftada bir marta bo‘lishi hozirgi zamon yoshlari uchun kam. Telekanallarimizda tarbiyaviy videoroliklar, ko‘rsatuvlar, kerak bo‘lsa, kinolar, multifilmlar ko‘proq berilishi kerak.
Zahro OMONOVA:
― O‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish bekor bo‘ldi, ammo... Hali-hanuz joylarda bu illat davom etayotganini ko‘rib turibmiz. Nega? Buning sababi, yuqori tashkilotlarda ishlaydigan xodimlarning o‘zi o‘qituvchilarni hurmat qilmaydi. O‘qituvchining ta’tilda ekanini ham inobatga olmay, bir SMS bilan, “kelmaganlarga dars soati berilmaydi” qabilidagi po‘pisalar bilan qo‘rqituvchi rahbar kadrlarda muallimga hurmat bormi? Yoki birgina masalada savoliga javob olish uchun “yuqori”ga murojaat qilgan o‘qituvchini so‘kib-koyib, tushuntirish xati yozdiradigan rahbarlarda muallimga nisbatan hurmat bormi? Bechora o‘qituvchi hamon o‘z haq-huquqlarini talab qilolmaydi, chunki tizimning boshida unga tish qayrab turuvchilar ko‘p. Bundaylar kamaymas ekan, o‘qituvchining obro‘si oshmaydi.
M.AZIMOVA:
— Ota-onalardan o‘qituvchini ustun qo‘yish kerak!
— Ota-onalardan tuziladigan kuzatuv kengashlarini ma’rifatli insonlardan tarkib toptirish va ularning ishlarini muntazam yo‘lga qo‘yish, ota-ona bilan muammoli vaziyat bo‘lganda o‘sha kengash a’zolarining himoyasini ta’minlash kerak. Bugun o‘qituvchi ishidan ayrilmaslik uchun o‘quvchining qolipga sig‘mas harakati sabab so‘kkaniga undan uzr so‘rasa, ertaga u o‘quvchi o‘sha ustozga nisbatan nimani his etadi?!
— O‘qituvchining aybini, kamchiligini individual, chuqurroq muammo hisoblanganda tegishli vakillar bilan muhokama qilish kerak. Zinhor-bazinhor sinf xonasida yoki tonggi majlislarda emas!
— O‘qituvchiga har qanday holatda ham o‘quvchi oldida tanbeh bermaslik kerak.
— Men o‘qituvchiman. Tabiiyki, inson sifatida qaysidir hamkasbimni yoqtirmasligim mumkin. Ammo bu menga uni o‘quvchilarga yomonlash huquqini bermaydi! Aslo! Bunga haqqim yo‘q! O‘qituvchida ana shunday immunitetni shakllantirish zarur.
Qolgani o‘qituvchiga bog‘liq, ya’ni o‘z ustida ishlasa, darslarini qiziqarli tashkil etsa, har tomonlama (kiyinishidan tortib muomalasi-yu, o‘zini tutishi, ovqatlanishi, yurish-turishigacha) o‘quvchiga o‘rnak bo‘la olsa, o‘sha o‘qituvchining obro‘si eng baland bo‘ladi.
Feruza BO‘RONOVA:
― So‘nggi yillarda o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish borasida Prezidentimiz tomonidan ko‘plab tashabbuslar ilgari surilyapti, jumladan, oldingi yillarda o‘qituvchilar uchun kreditga uy va mashina olish (ayniqsa, ayol o‘qituvchilar uchun) orzu bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda ko‘z ochib yumguncha kreditlarning hal bo‘layotgani quvonarli hol. Kafolatlangan kasbimiz orqali orzularimizning ushalayotgani ilk qadamlar bo‘lsa ajab emas. Xalqimiz orasida “O‘qituvchidan kelin qidiryapmiz” degan so‘zlarning yana quloqqa chalinayotganining o‘zi hurmatimiz bir pog‘ona ko‘tarilganidan dalolatdir. Biz aytayotgan sayohatlar-u, turli medallar moddiy mablag‘ hisobiga bo‘ladi va mingta o‘qituvchidan bittasiga nasib qiladi. Mening taklifim esa, hech bo‘lmasa, gazeta, jurnallar viloyat, tuman, qishloqlarda mehnat qilayotgan ilg‘or tajribali o‘qituvchilar ismlarini hech bo‘lmasa, bosh harflarda e’lon qilib borishsa, o‘ylaymanki, shu ham g‘urur bag‘ishlaydi insonga.
Mansur QURBONOV:
― Jamiyatda o‘qituvchining obro‘yini ko‘tarish uchun, eng avvalo, ularning iqtisodini ko‘tarish kerak. Va’da bermasdan, aniq chora ko‘rish lozim. Maktablardagi ustozlarning kamida bir stavka dars bilan ta’minlanishiga erishish kerak. Bu uchun stavkani boshlang‘ichlar uchun 14, yuqori sinflar uchun esa 16 soat qilib belgilash lozim. Ona tili va adabiyot fanlarini xuddi ingliz va rus tillaridek bo‘lib o‘qitish shart. Sinfdagi o‘quvchi sonini 25 tadan oshirmaslik, agar oshadigan bo‘lsa, yangi sinf ochishni qat’iy me’yor qilib belgilash kerak. Shundagina maktablarda dars soatlari ko‘payadi, o‘qituvchining oyligi sezilarli oshadi. Har qanday tadbir, tanlov va ko‘riklarga boradigan o‘quvchi va o‘qituvchining, ayniqsa, malaka oshirishga boradigan ustozlarning sarf-xarajati, yo‘lkirasi va ovqat pulini to‘lab berish kerak. Hozir tibbiy ko‘rikdan ham o‘qituvchi o‘z hisobidan o‘tadi. Mana shu masalalarga ham e’tibor qaratilishi zarur.
Madina BAXSHILLOYEVA:
― O‘qituvchining mavqeyini oshirish uchun asosiy milliy telekanallarda “O‘qituvchi sabog‘i’’ nomli ko‘rsatuv tashkil qilinsa. Unda chekka tumanlardagi mahoratli o‘qituvchilarning ham saboqlari va darslari ko‘rsatib borilsa. Yil so‘ngida esa eng yaxshi deb topilgan ustozlarning ishlari O‘zbekiston bo‘ylab ommalashtirilsa. Bu o‘qituvchilar uchun ham mahorat, ham yutuq.
"Ma'rifat" muxbirlari Zilola MADATOVA, Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.
Ushbu maqola gazetaning 21-avgust kungi (65-son) sonida chop etilgan.