Maktablarda o‘qitish sifatini yaxshilash kechiktirib bo‘lmaydigan masala
Qaysi yurtda bilim, ilm, va albatta, yuksak ma’naviyat qadrlansa, shu mamlakat barqaror rivojlanishi, xalqi farovon hayot kechirishi tarixda ko‘p bor isbotlangan. O‘zbekistonda ham izchil rivojlanishning asosiy omili sifatida ilm-fanni taraqqiy ettirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, 2018-yil 14-avgustda davlatimiz rahbarining "Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2019-yil 1-yanvardan boshlab, umumta’lim muassasalari o‘qituvchilarining ish haqi malaka toifasidan kelib chiqqan holda oshirildi.
Joriy yilning 1-oktabridan Mehribonlik uylari, bolalar shaharchalari rahbar xodimlari va oliy ma’lumotli tarbiyachilari, barcha turdagi xalq ta’limi muassasalari oliy ma’lumotli tarbiyachilarining bazaviy tarif stavkalari miqdorini umumta’lim maktablarining tegishli rahbar va pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish belgilandi.
Shu yil 23-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektorda ham jamiyatimizda aynan o‘qituvchiga, ustozlarga munosabat, ularning maqomini belgilash, mehnatini munosib rag‘batlantirish, iqtidorli yoshlarni tayyorlashga qo‘shadigan aniq ulushini ko‘paytirish, ilmiy izlanishlarni kengaytirish va ularni tijoratlashtirish bilan bog‘liq kompleks masalalar belgilab berildi.
Ta’kidlanganidek, maktabga, maktabgacha ta’lim muassasasiga munosabatimizni o‘zgartirmay turib, jamiyatimizda o‘zgarish qilib bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan selektor yig‘ilishida ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ta’lim jarayoni darajasi hamda sifatini takomillashtirishga qaratilgan ta’lim standartlari va dasturlarini mukammallashtirish masalasiga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularda faoliyat yuritayotgan xodimlar ish haqini oshirishga e’tibor qaratish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa sifatida qayd etildi.
Shundan kelib chiqib, endilikda har bir rahbar, avvalo, o‘zi o‘qigan maktabga tashrif buyurib, maktabning holati, u yerdagi ta’lim-tarbiya jarayoni, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, mavjud muammolarni hal qilishda yordam berishi kerakligi, har bir hududda zamonaviy talablarga javob beradigan namunaviy maktablar tashkil etishi lozimligi ta’kidlandi.
Bunday maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda jahonning ilg‘or tajribalaridan foydalanish, eng asosiysi, milliy an’analarimizni saqlab qolishga e’tibor qaratish, tariximizni chuqur o‘rgatish zarurligi aytib o‘tildi.
Prezidentimiz jahon tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz – Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek bobolarimizning vorislari aynan ana shunday maktablarda tarbiyalanishi haqida so‘z yuritdi. Mamlakatimizdagi universitet va institutlar professor o‘qituvchilariga qarata murojaat qilib, ularni maktablarga tashrif buyurib, o‘qitish ishlari holati bilan tanishishga, o‘zlarining sohasi bo‘yicha mahorat darslari o‘tishga, muhimi, o‘zi rahbarlik qilayotgan muassasaga iqtidorli, bilimdon yoshlarni jalb qilishga chaqirdi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur yig‘ilish tom ma’noda xalqimiz, o‘qituvchilarimiz va yoshlarimizga Prezidentimizning murojaati bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda belgilab berilgan vazifalar biz deputatlarga ham katta ma’suliyat yuklaydi. Bundan buyon maktablarda o‘qitish tizimini yaxshilash, zakovatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan puxta va aniq mexanizmli qonunlar yaratishga, mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy maktablarimizning jahon darajasidagi yutuqlarini mustahkamlashga kuch va imkoniyatlarimizni yanada ko‘proq safarbar qilishimiz kerak.
Abdug‘ani UMIROV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.