Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari milliy reytingini e’lon qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 5-sentabrdagi PF-5538 sonli farmoni bilan Davlat inspeksiyasiga umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini aniqlovchi reyting indikatorlarini tuzish hamda tasdiqlash, 2019-yil 1-yanvardan boshlab tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini tuzish, reyting yakunlarini ommaviy axborot vositalarida, Davlat inspeksiyasining veb-saytida keyingi o‘quv yili boshlanishidan kechiktirmay e’lon qilish vazifasi yuklatilgan.
Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat inspeksiyasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim sifatining holatini xarakterlovchi reyting indikatorlari ishlab chiqildi va Xalq ta’limi vazirligining mas’ul xodimlari hamda tizimda faoliyat olib borayotgan tajribali rahbar va mutaxassis-kadrlarni jalb qilgan holda ishchi guruh tuzilib indikatorlar va baholash mezonlari muhokama qilindi.
Muhokama jarayonida xorijiy tajribalar tahlil qilinib, xorijiy davlatlarda maktablar reytingi aksariyat holatlarda xalqaro bilimni baholash tadqiqotlari natijalariga bog‘langanligi aniqlandi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi navbatdagi xalqaro PISA (15-16 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur) va PIRLS (boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish darajasi va sifatini baholash) baholash tadqiqotida 2021-yilda ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ushbu tadqiqotlarda qatnashish bilan bog‘liq moliyaviy harajatlar Ta’lim inspeksiyasi va Jahon banki o‘rtasidagi loyiha doirasida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, bir qator mamlakatlarda, xususan AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Kanadada maktablar reytingini baholash tashqi baholovchilar tomonidan amalga oshiriladi. Jumladan,
Kanadada Freyzer Instituti deb nomlangan mustaqil ta’lim va tadqiqot tashkiloti 1998-yildan buyon maktablar reytingini aniqlash bilan shug‘ullanadi. Reytingda asosiy mezon — ingliz tili va boshqa umumta’lim fanlaridan o‘tkaziladigan test natijalari.
AQSHda 2006-yildan Claarware LLC xususiy kompaniyasi tomonidan maktablar reyting aniqlanadi. Asosiy mezon — ingliz tili va matematika fanlaridan o‘tkaziladigan test natijalari.
Rossiya Federatsiyasida 2002-yildan buyon faoliyat olib borayotgan Rosobrnadzor davlat tashkiloti, yagona davlat imtihoni (YEGE) natijalari asosida maktablar reytingini tuzadi, asosiy mezon umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘quvchilar bilim darajasi
Ukrainada 2002-yildan bu faoliyat boshlangan. Ukraina Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan Ta’lim sifatini baholash markazi tomonidan amalga oshiriladi. Butun mamlakat bo‘ylab bir vaqtda o‘tkaziladigan yozma test natijalari asosiy mezon hisoblanadi. Ukraina tili, matematika va boshqa umumta’lim fanlari bo‘yicha test natijalari maktablar reytingi uchun mezon qilib olingan.
Mahalliy va xalqaro tajribalar, hamda mutaxassislarning fikr-mulohazalaridan kelib chiqib, Davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘rta ta’lim maktablarining reytingini aniqlash mezonlari shakllantirildi, ushbu mezonlar 4 ta ko‘rsatkich asosidan ishlab chiqildi, bular:
— bitiruvchi o‘quvchilarning umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim tayyorgarlik darajasi va sifat ko‘rsatkichi;
— 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi;
— oliy va birinchi toifali o‘quvchilar ulushi;
— umumta’lim muassasasining o‘quvchilari va pedagog jamoasi o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijalari.
Taklif etilayotgan reyting indikatorlarida jami natijaning
50 foizi bilim darajasiga bog‘liq bo‘ladi.
Maktablar faoliyati samaradorligini reyting baholash tizimining joriy qilishdan asosiy maqsad, Respublika bo‘yicha o‘quvchilar bilimini baholashni OECD (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) va IEA (Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assosatsiyasi) kabi nufuzli tashkilotlarning PISA (15-16 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur), TIMSS (4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholash) PIRLS (boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish darajasi va sifatini baholash) o‘quvchilar bilimini baholash dasturlari darajasiga olib chiqishda ta’lim muassasalariga ko‘maklashishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligining qo‘shma qaror bilan tasdiqlanayotgan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom” loyihasi joriy yilning 20-oktabrida umumxalq muhokamasiga (regulation.gov.uz) qo‘yildi.
Muhokama jarayonida 10 dan ortiq takliflar berildi va ular o‘rganib chiqilib, maktablar faoliyatini reyting indikatorlari asosida baholash mezonini tasdiqlash uchun qo‘shma qaror loyihasi yakuniy holatiga keltirildi. Qo‘shma qaror loyihasi Xalq ta’limi vazirligi, Davlat test markazi bilan kelishilib imzolandi va 2018-yil 29 dekabrda 3112-raqam bilan Adliya vazirligida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligining 2018-yil 17-dekabrdagi 9-mh va 14-mh-son “Umumta’lim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2019-yil 8-19-aprel kunlari Respublikamizning barcha tuman va shaharlarida 956 ta umumta’lim muassasalarida nazorat ishlari va ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Nazorat ishlari va ijtimoiy so‘rovnomalarni to‘liq shaffof va sifatli o‘tishini ta’minlash uchun jami 57 ta ishchi guruh tuzilib, uning tarkibida 200 nafardan ortiq mutaxassislar faoliyat olib bordi. Jarayonda Davlat inspeksiyasi xodimlari, inspeksiyaning hududlardagi bo‘limlari, OTMlarning ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari, Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalari hamda tuman va shaharlardagi xalq ta’limi bo‘limlari va OTMlar qoshidagi akademik litseylarning ona tili o‘qituvchilari qatnashdilar.
Umumta’lim muassasalarida ishchi guruhlar tomonidan 1 tadan 9-sinf qur’a tashlash orqali tanlab olindi va o‘quvchilar ona tilidan diktant va matematikadan yozma ish topshirdilar. Respublika bo‘yicha 956 ta maktabdan jami 25277 nafar o‘quvchilar jalb qilingan bo‘lib, shundan 24984 nafar (98,8%) sinovlarda qatnashdi, 89 nafar o‘quvchi sababli va 204 nafari sababsiz qatnashmadi.
O‘quvchilar yozgan diktantlar mutaxassis-ekspertlar tomonidan shu kunning o‘zida tekshirilib baholandi va natijasi haqida dalolatnomalar rasmiylashtirildi. Matematika bo‘yicha yozma ishlarning javoblari kodlangan maxsus javoblar varaqlariga tegishli doirachalarni bo‘yash orqali belgilandi va tekshirib baholash uchun Davlat inspeksiyasiga olib kelindi. Shuningdek, pedagog va rahbar xodimlar faoliyati samaradorligini o‘rganish hamda umumta’lim muassasasida pedagog xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va o‘qitish muhiti holati haqida o‘quvchilar va o‘qituvchilar orasida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etishda ta’lim muassasalariga ko‘maklashish maqsadida, maktablarda 15-16 yosh o‘quvchilar bilan (PISA) xalqaro baholash dasturi darajasiga yaqinlashtirilgan savollar doirasida mashqlar bajarildi.
Qabul qilingan indikatorlar asosida Respublika bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi barcha tuman (shahar)lardan 10 foiz (jami 956 ta) umumiy o‘rta ta’lim muassasalariningfaoliyati tahlil qilindi va 2019-yil 1-iyul holatiga ularning reyting natijalari tayyorlandi:
Ma’lumot uchun: Joriy yilda reytingga jalb qilinadigan umumta’lim muassasalari ro‘yxati ularning umumiy soniga nisbatan 10 foiz miqdorda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan shakllantirildi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlandi.
Eng yuqori o‘rinlarni egallagan Top-20 talikka Xorazmdan 7 ta, Namangandan 4 ta, Farg‘onadan 4 ta, Buxorodan 2 tadan, Andijon, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan 1 tadan maktablar kirdi.
Eng pastki o‘rinlarni egallagan Top-20 talikka Samarqanddan 10 ta, Toshkent viloyatidan 6 ta, Qashqadaryodan 2 ta, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan 1 tadan maktablar kirdi.
Hududlar reytingida eng yuqori o‘rinlarni Namangan, Xorazm va Navoiy viloyatlari egallagan bo‘lsa, quyi o‘rinlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Toshkent viloyatlari qayd etildi.
Tumanlar (va shaharlar) reytingida quyidagi holat kuzatildi:
Namangan viloyatida Namangan, Pop, Uychi tumanlari; Navoiyda Qiziltepa, Uchquduq va Navbahor; Farg‘onada O‘zbekiston, Dang‘ara va Rishton; Andijonda Buloqboshi, Marxamat, Jalaquduq; Buxoroda G‘ijduvon, Jondor va Qorovulbozor;Qoraqalpog‘iston Respublikasida Qorao‘zak, Ellikqal’a va To‘rtko‘l; Toshkent shahrida Sergeli, Mirobod va Mirzo Ulug‘bek; Qashqadaryoda Shahrisabz shahri, Kitob va Koson tumani; Sirdaryoda Sardoba, Shirin shahri va Mirzaobod; Xorazmda Gurlan, Shovot va Yangibozor; Surxondaryoda Sariosiyo, Boysun tumanlari va Termiz shahri; Samarqandda Kattaqo‘rg‘on shahar, Ishtixon va Narpay; Jizzaxda Yangiobod, Paxtakor, Sh.Rashidov; Toshkent viloyatida Piskent tumani, Chirchiq va Bekobod shaharlari maktablari peshqadam bo‘ldilar.
9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat ishlarida jami 25188 nafar o‘quvchi qatnashdi va ularning 73,1%i ona tilidan diktantdan va 48,2%i matematikadan yozma ishdan ijobiy baholandi.
Diktant bo‘yicha eng yuqori natijalar Navoiy, Buxoro, Namangan viloyatlarida va eng past natijalar Toshkent shahri, Samarqand va Toshkent viloyatlarida qayd etildi.
Matematikadan yozma ish bo‘yicha eng yuqori natijalar Xorazm, Navoiy, Namangan viloyatlarida va eng past natijalar Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlarida qayd etildi.
Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi buyicha yuqori o‘rinlarda Xorazm va Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahri bo‘lsa, quyi o‘rinlarda Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlari maktablari aniqlandi.
Maktab o‘qituvchilari jamoasi bilan o‘tkazilgan so‘rovnomada jami 38400 nafar pedagog xodimlar qatnashdi.
Quyida ayrim savollardan misollar keltiramiz: o‘qituvchilarga “Sizning maktabingizda “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimi” (VMning 275-qarori, 25.12.2005.) qanchalik shaffof amalga oshirilmoqda?” degan savolga 21,2 foiz o‘qituvchi bu ishda shaffoflik yo‘qligini, 15 foizi bu ishga “qabilachilik” aralashganini va 16,7 foizi bunda maktab direktorining manfaati borligini qayd etishgan.
O‘qituvchilarga o‘z ishiga qanday munosabatda ekanligini bilish uchun berilgan: “Agar yana bir tanlash imkoniyati berilsa, yana o‘qituvchi bo‘larmidingiz” degan savolga 10 foizi “O‘qituvchi bulmasdim” deb javob berishgan. 8,5 foizi o‘qituvchi “Agar iloji bo‘lsa, boshqa maktabga o‘tmoqchiman”, 16,5 foizi “O‘qituvchi bo‘lganimdan afsusdaman” degan fikrlarni bildirishgan.
Reyting natijalarini tahlil qilish asosida sog‘lom raqobat muhitni shakllantirish, maktablarda ta’lim sifatini ko‘tarish, o‘qituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish, umumta’lim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va kamchiliklarni barataraf qilish bo‘yicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi.
Maktab reytingiga oid batafsil ma’lumotni http://reyting.tdi.uz/ maktab bo‘limidan olishingiz mumkin.
A.Alimov, Kadrlar tayyorlash sifatini monitoring va nazorat qilish hamda reytinglar tuzish bo‘limi boshlig‘i