Maktablar o‘quv yiliga shaymi?
Samarqand tumani xalq ta’limi bo‘limi tizimida 55 ta ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatadi. Ta’lim o‘zbek, tojik va rus tillarida olib boriladi. 2019-2020-o‘quv yili, Mustaqillik bayrami hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha maktablarda qanday ishlar amalga oshirilyapti? Bu haqda tuman XTB mudiri va bir necha ta’lim muassasalari rahbarlari bilan suhbatlashdik.
Bahriddin MARDONOV, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri:
― Hozirgi kunda maktablarimizda o‘quvchi-yoshlarning zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olishi, yetuk kadrlar bo‘lib yetishishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Maktablarning moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanmoqda.
Tumanimiz maktablarida ta’til davomida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus ijrosi bo‘yicha bir qator ishlar olib borildi. Jumladan, tasdiqlangan jadval asosida informatika, rus tili, ingliz tili, ona tili va adabiyot, kimyo, biologiya, fizika, matematika kabi fanlardan to‘garaklar tashkil qilindi. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga jiddiy e’tibor qaratildi. Ta’til davomida maktablar kutubxonalarining to‘liq faoliyat ko‘rsatishiga erishildi.
26- va 38-umumta’lim maktablarida kapital rekonstruksiya ishlari davom ettirildi. 2019-yil investitsiya dasturiga kiritilgan bu ikki maktab kapital ta’miri uchun 5,2 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. Boshqa o‘quv dargohlarida esa ta’mirlash ishlari sifatli amalga oshirilib, yangi o‘quv yiliga puxta hozirlik ko‘rib qo‘yildi.
Ta’lim muassasalari yangi o‘quv yilida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish borasida o‘z oldiga yangi maqsadlar qo‘yishgan.
Mamlakat RAVSHANOVA, 33-umumta’lim maktabi direktori:
― Ta’lim dargohimizda 1268 nafar o‘quvchi bo‘lib, ularga 84 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. O‘qituvchilarimizning 6 nafari oliy, 12 nafari birinchi, 33 nafari ikkinchi toifali hamda 33 nafari mutaxassislar hisoblanadi. Bu yil maktabga keladigan 159 nafar 1-sinf o‘quvchilari uchun Prezident sovg‘alariga buyurtma berildi, darsliklar to‘liq olindi. Ta’til davrida maktab hududini obodonlashtirish bo‘yicha kuzatuv kengashi hamkorligida bir qator ishlar bajarildi. Xususan, 3 000 m2 yo‘laklarga beton qoplamalari yotqizildi, 9 ta maysali maydonchalar va gulxonalar tashkil qilindi.
O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari Mayram Husenova va Mamlakat Murodovalar rahbarligida mavjud 9 ta uslubiy birlashma a’zolari ayni kunlarda yangi o‘quv yiliga qizg‘in tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Mazkur o‘quv yilida 3-, 4-, 8-, 9-sinflarning darsliklari yangilanayotganligi sababli o‘qituvchilar taqvim-mavzu rejalarini qaytadan ko‘rib chiqishyapti, mavzular asosida ko‘rgazmali va tarqatma materiallar, testlar bankini yaratishmoqda.
O‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Informatika xonasidagi kompyuterlar internet tarmog‘iga ulangan bo‘lib, o‘qituvchilar o‘zlariga kerakli bo‘lgan fan yangiliklari, uslubiy qo‘llanmalar bilan tanishish imkoniyatiga ega. Kompyuterlar xotirasiga barcha fanlardan 180 dan ziyod elektron darslik va multimediali dars ishlanmalari yuklangan. 2021-yildan boshlab O‘zbekiston PISA xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etishi munosabati bilan yangi o‘quv yiliga qadar barcha pedagog-xodimlarning ushbu tadqiqotlar yuzasidan malakasini oshirish bo‘yicha maktabda 10 kunlik o‘quv-seminar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Nilufar MAJIDOVA, 40-umumta’lim maktabi direktori:
― Maktabimizda 673 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. 2019-2020-o‘quv yili uchun bilim dargohimizda ta’mirlash ishlari sifatli amalga oshirildi. Sinfxonalar, kompyuter xonalari, multimedia va laboratoriya xonalari yangi o‘quv yiliga shay qilib qo‘yildi. Mustaqilligimizning 28 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
O‘tgan o‘quv yilida o‘quvchilarimiz bir qator yutuqlarga erishdi. Masalan 11-“A” sinf o‘quvchilari Sabrina Nabiyeva o‘zbek tili va adabiyoti, Feruza Rustamova tojik tili fanidan viloyat olimpiadasida birinchi o‘rinni egallab, respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.
Maktabimiz homiysi, tadbirkor Baxtiyor Odilov bizga katta ko‘mak berib kelayapti. U kishining sa’y-harakati tufayli sport maydonchasi va yana bir qator joylar ta’mirlandi. Yangi o‘quv yilida faollar zali ishga tushiriladi.
Abdurasul SATTOROV