“Maktab ochgan odam bamisoli qamoqxonani yopgandek gap”
Yurtboshimizning xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektordagi nutqini tinglab, to‘lqinlanib ketdim. Yig‘ilishda o‘g‘il-qizlar ta’lim-tarbiyasi, o‘qituvchi obro‘si, ma’naviyat tushunchalari haqida bildirilgan fikrlar nafaqat har bir pedagog, balki mamlakatning har bir fuqarosi zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Ayni paytda biz, pedagoglar o‘z ustimizda ishlab, vatanparvar va bilimli yoshlarni tarbiyalashimiz har qachongidan-da muhim. Keyingi yillarda ta’lim tizimini rivojlantirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan 6 ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilindi. Bu me’yoriy hujjatlar o‘qituvchilar manfaatini himoya qilib, majburiy mehnat va jamoatchilik ishlariga jalb etilmasligimizni ta’minlayapti, erkak muallimlarning maktablarga qaytishiga erishilyapti.
Har gal o‘qituvchining xalq orasida hurmat qozonishi haqida so‘z yuritilganda, uch-to‘rt yil avval ro‘y bergan bir voqea esimga tushadi. O‘shanda men dars berayotgan sinfdagi bolalar yangi mavzuni odatdagidek jonquloq bo‘lib tinglashardi. Ular orasidagi sho‘x va erka o‘quvchi orqa qatordagi partada o‘tirgancha goh u yonga, goh bu tomonga qarab tartibsizlik qila boshladi.
Dastlab o‘zimni uning qiliqlarini payqamagandek tutdim va mashg‘ulotni yaxshi kayfiyatda davom ettirishga urindim. O‘zi darsga quloq tutmagan o‘quvchini atrofidagilarning ham diqqatini bo‘la boshlagandan keyin ogohlantirdim. Oradan besh-o‘n daqiqa o‘tgach esa uning tartibsizligi avjga chiqib, partani doira qilib chala boshladi. Unga biror joyi og‘riyotgan bo‘lsa yoki jim o‘tirishni istamasa, chiqib ketishini taklif qildim. Odatda o‘quvchilarim maktabdagi qattiqqo‘l sport murabbiyining bekorchi yurgan bolalarni jazolashini o‘ylab, mashg‘ulot payti maktab hovlisida ko‘rinish berishga cho‘chishardi. Shu bois o‘z axloqsizligini namoyish etayotgan bola sinfni tark etmadi, jahl bilan orqasiga o‘girilib, devordagi ko‘rgazmali plakatni tortib ag‘darvordi. “Mening amakim shunday kuchliki, xohlagancha xatti-harakat qilishim mumkin”, degani o‘lganning ustiga tepki bo‘lib, qon bosimimni oshirib yubordi. Bu holatga jim qarab turolmadim va maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda sinf rahbarini chaqirib, darhol chora ko‘rishni qat’iy talab qildim. Oxiri bolaning onasi maktabga yetib keldi. Uning o‘quv zalini boshiga ko‘tarib baqirishidan “qush uyasida ko‘rganini qilishi” ko‘nglimdan o‘tdi. Shu vaziyatda tuman hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi vakili yetib keldi. Kunning yarmi shu mojarolar muhokamasi bilan o‘tib ketdi. Pedagogik jamoamiz o‘sha ayolni tinchitish uchun menga ota-ona doim haq ekanini uqtirdi, huquq posbonlari esa mening vakolatimdan ko‘ra o‘quvchi va onasining daxlsizligining ustunligini aytishdi. Xullas, o‘quvchilarga jonini koyitib, saboq bergan o‘qituvchi butkul nohaq topildi. Bu mening hayotimda va xayolimda iz qoldirgan unutilmas ko‘ngilsizlik edi. Shunda pedagogik haq-huquqim va ustozlik maqomi himoya qilinishini juda-juda istagandim.
Hozir maktab darvozasidan kirib kelayotgan ota-onalarning qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib “jon ustozi”, deya murojaat qilishi, o‘quvchilarimning ustozlarga hurmatini ko‘rganimda g‘ururlanaman. Barchasi uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. Videoselektorda ham o‘qituvchilar davlatning faxri ekani ta’kidlanar ekan, fransuz adibi Viktor Hyugoning “Maktab ochgan odam bamisoli qamoqxonani yopgandek gap”, degan iborasi eslatilib, bu so‘zlar zamirida maktab, ta’lim-tarbiya bor joyda bolalar yomon yo‘lga kirmasligi, jinoyat sodir etilmasligiga e’tibor qaratildi. Nafaqat maktab ochgan, balki maktabda fidoyi bo‘lib ishlagan har bir o‘qituvchi, har bir ustoz ham ana shu sharafli maqomga loyiq ko‘rildi. Zero, biz ham buyuk kelajakning pishiq poydevorini qurishga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shaylik. Bu yo‘lda mehnat va izlanishdan tolmay, imkoniyatlardan unumli foydalanaylik.
Muhayyo BOYMURODOVA, Toshkent shahridagi 153-maktab o‘qituvchisi