“Lider”da lider o‘qituvchilar tayyorlandi
Yangi o‘quv yilidan boshlab Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlarida Prezident maktablari o‘z faoliyatini boshlaydi. Ushbu ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga ta’lim berishi kutilayotgan pedagoglar uchun maxsus trening-mashg‘ulot tashkil etildi.
28-29-avgust kunlari Yakkasaroy tumanidagi “Lider” nodavlat ta’lim muassasasida Prezident maktablariga ishga qabul qilingan o‘qituvchilar uchun “Cambridge” o‘quv dasturi asosida o‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Aytish joizki, maktablardan saralab olingan fan o‘qituvchilari ikki bosqichli sinovdan o‘tishdi. Ilk bosqichda Prezident maktablarida ishlashni istagan o‘qituvchilardan hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda nomzodlar o‘z fanlari bo‘yicha imtihon topshirdi.
Prezident maktablarida ta’lim “Cambridge” o‘quv dasturi asosida tashkil etiladi. Shu bois o‘ttiz nafar xorijiy va 80 nafarga yaqin mahalliy o‘qituvchi uchun “Cambridge International” mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan trening darslarda yangi o‘quv dasturini ta’lim jarayoniga tatbiq etishga tayyorlanishdi.
— Biz O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlik qilayotganimizdan va ta’lim tizimidagi milliy islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotganimizdan xursandmiz, — deydi Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Reychel Aylend o‘z intervyusida. — Prezident maktablarida bu yil 576 o‘quvchi bilim oladi. Besh kun davomida o‘qituvchilarning mahoratini oshirishi, yangi baholash tizimini o‘rganishi, punktual ishlashi, o‘quv dasturini sifatli rejalashtirishi uchun ma’lumotlar berdik.
Tadbir doirasida “Cambridge International” mutaxassislari tomonidan o‘qituvchilarga ta’lim resurslaridan qay tarzda foydalanish va yoshlarning berilayotgan bilimlarni samarali egallashi bo‘yicha to‘liq tavsiyalar berildi.
Shoira BOYMURODOVA