Qutlug‘ bayram sovg‘asi
Mustaqilligimizning 28 yillik shodiyonasi arafasida Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida zamonaviy maktablar soni yana bittaga ortdi. Kuni kecha yangi tashkil etilgan 35-umumta’lim maktabining foydalanishga topshirilgani ko‘plab o‘quvchilar ko‘nglini xushnud etdi.
Ta’lim maskanining tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi, viloyat hokimi o‘rinbosarlari va mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov yoshlarning zamonaviy ta’lim olishi va kasb-hunar sirlarini puxta egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga katta e’tibor qaratilayotgani, shuningdek, ta’lim sohasi vakillari oldida hali ko‘plab mas’uliyatli vazifalar, yangi maqsadlar turganini ta’kidladi.
Yangi maktab o‘zbek va boshqa xorijiy tillardagi zarur darslik va adabiyotlar bilan ta’minlangan. Sinfxonalar zamonaviy jihozlangan.
Ta’lim muassasasi binosini qurish va ta’mirlash ishlariga 6,185 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Zamonaviy sport zali, o‘quv va laboratoriya xonalari, kompyuter sinfi davlat ta’lim standartlari asosida tegishli jihozlar bilan ta’minlanib, o‘quvchilarning fanlarni puxta o‘zlashtirishi uchun zarur sharoit yaratildi.
Shuningdek, tumandagi 36- hamda 23-maktab filialining yangi binosi ham foydalanishga topshirildi. 315 o‘ringa mo‘ljallangan 36-maktab binosining qurilishi uchun 4,182 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, barcha sharoitlarga ega o‘quv hamda laboratoriya xonalari va sport zali barpo etildi.
MUXBIRIMIZ