Jaranglayver, birinchi qo‘ng‘iroq!
Maktabim, aziz koshonam! Orzularga boy qalblar yana sen tomon talpinmoqda. Muallimlar sabog‘idan qalbimiz zakiylik mevalarini teradi. Ha, sunbulaning salqin subhida qo‘shaloq shodiyona shukuhi ko‘ngillarni qamrab oladi. Shu tongda taralgan birinchi qo‘ng‘iroq bongi barcha ilm ahlini bilim cho‘qqilarini egallashga, o‘quv yili mobaynida ma’rifat tog‘larini zabt etishga chorlab turadi go‘yo.
Darhaqiqat, birinchi qo‘ng‘iroq ― ko‘ngillarni chog‘ aylaguvchi sado. Birinchi qo‘ng‘iroq jarangi har bir qalbga, ayniqsa, bilimlar xazinasi sari intilayotgan jajji bolajonlar ko‘ngliga quvonch baxsh etadi. Chunki uning zamirida samimiyat, jo‘shqinligi-u ajib bir dilafzo ruh yashirin. Yangi o‘quv yiliga shay etib qo‘yilgan bilim maskanlari yana jajji bolajonlarning beg‘ubor qiyqirig‘i-yu samimiy kulgilariga to‘ladi.
Men ham har yili Bilimlar kunidagi birinchi qo‘ng‘iroq jarangini intiqlik bilan kutaman. Ko‘nglimda ajib bir his tuyaman. Bu menga bolalik davrimdagi xazonrez faslining ilk salqin tongini, dalasiga shoshilayotgan bobodehqonning shirin tashvishlarini, chiroyli, ozoda maktab formalarini kiyib safda turgan, dunyo go‘zalligiga qarab to‘ymagan qizaloqning ichki hayajonini eslatadi.
Jarangla, qo‘ng‘irog‘im,
Berib yurtimga oro.
Jajji qalblar shodlansin,
Taronangdan tobora.
Qo‘ng‘irog‘im jarangi,
Taralsin samolarga.
Bizdan salom yetkazsin,
Ko‘kdagi humolarga.
Bugunning bolasi zukko va talabchan, hozirjavob va bilimdon. Bunday bolalarni tarbiyalaydigan o‘qituvchilar ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom, kuchli bilim sohibi, yangi pedagogik texnologiyalar asosida ish yurituvchi, darsda o‘quvchilarning faolligini oshira oladigan, ijodkorlikka chorlovchi o‘z kasbining bilimdoni bo‘lishi kerak.
Maktab ― tarbiya o‘chog‘i. Unda saboq oluvchilar o‘zida yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantira olgan, Vatanga cheksiz muhabbatli, el-u yurtini rozi qilish yo‘lida yonib yashaydigan, fidoyi farzandlar bo‘lib yetishishi lozim.
Vatan qadrini bizdan ko‘ra insoniylik huquqlari toptalgan ajdodlarimiz, Qodiriy asarlarini yashirib o‘qigan kitobxonlarimiz, yaqinlarining janozasida Qur’on tilovat eta olmagan ahli islom, daryo bo‘yida yashab suvga zor o‘tgan insonlar yaxshi bilishadi. Vatanni sevish faqatgina og‘izda emas, dilimizda, ong-u shuurimizda, qalb-u vujudimizda bo‘lsin. Negaki Vatan ― ostonamiz, biz to‘yib nafas olayotgan havo-yu o‘z ne’matlarini ayamayotgan tuproq. Vatan onamiz, Vatan bolamiz va ko‘nglimizdir. Uni asrash, sevish, ardoqlash, rivojiga hissa qo‘shish siz-u bizning muqaddas burchimizdir.
Qo‘shaloq shodlig-u tantanalar arafasida turgan barcha yurtdoshlarimiz, ustozlar, o‘qituvchi va murabbiylar, tarbiyachilarga omad, g‘ayrat va ijodiy barkamollik tilab qolaman.
Birinchi qo‘ng‘iroq ― Bilimlar kuni bahonasida yurakdagi kechinmalarimni bayon etdim. Qo‘shaloq tantanalar yurtimiz husniga tobora husn qo‘shsin. Ilk o‘quv kunidagi shodliklar, quvonchlar har bir bilim maskanini yil bo‘yi tark etmasin.
Lobar ERGASHEVA, Romitan tumanidagi 35-maktab o‘qituvchisi