Bog‘lar quchog‘idagi maktab
Ona yurtimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami — Mustaqillik shodiyonalari yaqinlashayotgan bir paytda Bilimlar kuni, ya’ni o‘quv yilining boshlanishi har bir o‘quvchi qalbini cheksiz g‘ururga, zavq-u shavqqa to‘ldiradi. Yakkabog‘ tumanidagi 37-maktabda ham har yili Mustaqillik bayrami o‘zgacha nishonlanadi. Maktab direktori tashabbusi bilan barpo etilgan “Mustaqillik bog‘i”dagi sarxil mevalar ayni shu kunlarda yetilib pishadi. An’anaga ko‘ra, ushbu mevalardan maktab o‘quvchilariga ulashiladi.
Mana shunday obod ta’lim muassasasida, bag‘rikeng ustozlar qo‘lida ta’lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilar Vatanga sodiq, ustozlariga mehr-muhabbatli, bilimli bo‘lib yetishishi shubhasiz. Qashqadaryo viloyatida 1 240 ta umumta’lim muassasasi bo‘lib, 104 tasi Yakkabog‘ tumanida joylashgan. Ular orasida o‘quvchilarining bilim darajasi, pedagog kadrlarining salohiyati, muassasaning tutgan o‘rni va nufuzi jihatidan yaqqol ajralib turadiganlari talaygina. Shular qatorida tumandagi 37-maktabning ham o‘z o‘rni bor. 1961-yildan buyon faoliyat yuritayotgan ushbu maktab quvvati 665 o‘rinli bo‘lsa-da, 800 ga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Hozir maktabda 64 nafar pedagog xodim faoliyat yurityapti.
― 2007-yili maktabga ishga kelganimda atigi 6 dona daraxt bor edi, ― deydi maktab direktori Jumanazar Qurbonov. ― Maktabning umumiy yer maydoni 3,5 gektar. Dastlabki kunlardanoq mana shu katta yer maydonidan unumli foydalanishni maqsad qildim. 25 sotix yerga 150 tup tok, 20 sotix yerga yong‘oq, 20 sotix yerga esa olmaning turli navlari hamda nok ko‘chatini o‘tqazdik. Bir necha yilda mevali daraxtlarimiz hosilga kirdi. O‘simliklar obod maskanda yaxshi e’tibor bilan qaralsa, gurkirab o‘sar ekan. Bog‘imizning ilk mevalarini Mustaqillik bayrami tantanalari arafasida terib olishga muvaffaq bo‘ldik. Shuning uchun ham ushbu bog‘ga “Mustaqillik bog‘i” deya nom berdik. Keyin “Ustozlar xiyoboni”ni tashkil etdik. Unga o‘quvchilarga saboq bergan birinchi o‘qituvchining byusti o‘rnatildi. O‘sha davrlarda ishlagan o‘qituvchilarning nomlari marmarga o‘yib yozildi. Shu kunga qadar maktabda ishlab ketgan barcha o‘qituvchilarning suratlari bilan ham boyitildi. Bu xiyobonga kirgan inson hayotda o‘qituvchilarning o‘rni va ahamiyatini teran anglaganday bo‘ladi. O‘quvchilarimizda ham o‘tgan ustozlarga hurmat hissi paydo bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari chet tillarni o‘rganishga e’tiborni kuchaytirgan bir paytda biz ham jarayondan chetda qolmaslik uchun “Filologlar bog‘i”ni tashkil etdik. Bu bog‘ o‘quvchilarga yangi bilimlar beradi, til o‘rganishga undaydi. Uni uch tilga asoslangan lug‘at tarzida tashkil etdik. Uchga bo‘lingan bog‘da ona tili, ingliz va rus tili bo‘limlari mavjud. Har bir bo‘limda katta-katta bannerlarda turli mavzulardagi 1 600 ta yangi so‘z jamlangan. Bu o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bo‘limlarda uch davlat ramzi va tarixiy shaxslari haqida ham ma’lumotlar joylashtirilgan. Shu bilan to‘xtab qolmadik, bor imkoniyatlarni ishga solgan holda keyingi ishlarni rejalashtirdik. Yoshlar siyosati davlat darajasiga ko‘tarilgan bir paytda maktabda “Yoshlar bog‘i”ni tashkil etdik. E’tiborli jihati, aynan mana shu bog‘da maktabimiz joylashgan G‘urjob qishlog‘ining ramziy maketi qo‘yildi. Tarixda mana shu qishloq aholi uchun himoya qo‘rg‘oni bo‘lgan. G‘urjob so‘zi, aslida, “girdi ob”, ya’ni “atrofi suv” degan ma’noni anglatadi. Qadimda qishloq ahli dushmandan suv vositasida himoyalangan. Tepalik ustidagi qishloq tasvirini kichik maket tarzida aks ettirish orqali bolalarda vatanparvarlik hissini uyg‘otish, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i, ajdodlaridan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirishni maqsad qilganmiz. Unda qishloqning uchta darvozasi va suv keladigan buloqlari ham tasvirlangan. Sun’iy yo‘l bilan suv ham o‘tkazganmiz. Qolaversa, o‘tgan yili o‘quvchilarni kitobga oshno etish maqsadida “Kitobsevarlar bog‘i”ini ham yaratdik. Kitob o‘qish uchun daraxtlar ostida o‘rindiq qo‘yildi. Kelgusida “Vatanparvarlar” va “Kichkintoylar” bog‘ini tashkil etish niyatidamiz.
Maktab direktorining so‘zlarini eshitib, maktabdagi ishlarni ko‘rib,
uning ishbilarmon, tadbirkor, fidoyi, har taraflama qobiliyatli, jonkuyar inson ekaniga guvoh bo‘ldik. U so‘zlay turib, bir gapni yodga oldi. “Yaxshi kishidan uch narsa qoladi: yaxshi farzand, mustahkam imorat va obod bog‘”. Ushbu jumlalar Jumanazar Qurbonovning hayotiy shioriga aylangan. “Bir kun harakatdan to‘xtasam, shu kun umrimni bekor o‘tdi, deb hisoblayman. O‘quvchilarimiz bundan-da yaxshi sharoitlarda ta’lim olishga loyiq. Bilagimizda kuchimiz bor ekan, buning uchun tinimsiz harakat qilishimiz kerak”, deydi u.
Maktabda shuncha ishlar nimaning hisobiga bajarilganiga qiziqayotgandirsiz? Albatta, bu ishlar uchun yaxshigina mablag‘ kerak. Uzoqni ko‘radigan, tadbirkor rahbar maktabning har bir qarich yeridan unumli foydalanib, mevali va manzarali daraxtlar hisobiga qo‘shimcha mablag‘ topmoqda. Bundan tashqari, ota-onalar, mahalla fuqarolari, sobiq bitiruvchilar, tadbirkorlar homiyligida ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili ota-onalar homiyligi asosida kam ta’minlangan oilalarning 16 nafar farzandi bepul ijara darsliklari bilan ta’minlandi. Yangi o‘quv yili arafasida homiylar soni bir qadar oshdi.
Ham bilimda, ham sportda peshqadam
37-maktab o‘quvchilari har jabhada faolligi bilan ajralib turadi. Har yili ushbu maktab o‘quvchilari tuman, viloyat, hatto respublika miqyosidagi fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvi va boshqa ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etadi. Masalan, 2017-yili 10-sinf o‘quvchisi Shohbek Mahmudov matematika fani bo‘yicha Tailandda bo‘lib o‘tgan xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘lib qaytdi. Hozir u Qarshi shahridagi 14-maktab o‘quvchisi Valijon Ahmadjonov bilan hamkorlikda matematika yo‘nalishida izlanish olib bormoqda. Mana shunday qobiliyatli o‘quvchilari borligidan maktab jamoasi doim faxrlanadi.
Shuningdek, muassasada barcha fan to‘garaklari muntazam ishlamoqda. Bu to‘garaklarga 400 dan ortiq o‘quvchi jalb qilinadi. Ayniqsa, tasviriy san’at, to‘qish, tikish, rasm kabi to‘garaklardan o‘quvchilarning izi uzilmaydi. Shu bilan birga maktabda sport ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, tumanda boshqa hech bir maktabda bo‘lmagan tennis maydonining poydevori yaqinda qurilib, deyarli tayyor holatga keltirildi. Bundan tashqari, tashqi sport maydonchasi, milliy sport o‘yinlari maydonchalari homiylik yordami asosida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Sportning o‘quvchilar qiziqishi yuqori bo‘lgan turlari: kurash, futbol, voleybol va boshqalar bilan 230 nafarga yaqin bola shug‘ullanmoqda. Maktabda mana shu sport ishlarining samarali natijalariga ko‘ra, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Abdurasul Bo‘riyev “Sog‘lom avlod” ordeni bilan taqdirlandi. Uning murabbiyligida kurash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tagan Dilshod Choriyev Jahon chempioni, Yashnar Bo‘riyev Osiyo chempioni, Muhriddin Tilavov ikki marta O‘zbekiston chempioni hamda Maqsud Xo‘shimov va Otabek Kenjayev viloyat chempionligiga erishdi.
Ta’lim nashrlari — asosiy hamkorimiz
Ziyolilarning faoliyatini matbuot nashrlarisiz tasavvur qilish qiyin. Ushbu maktab o‘qituvchilari ta’lim nashrlari bilan hamnafas yashaydi. Eng qiziq jihati shundaki, jamoadagi pedagog-o‘qituvchilar “Ma’rifat” gazetasining haqiqiy ixlosmandlari sanaladi. 64 nafar o‘qituvchining teng yarmi o‘zi uchun alohida ushbu nashrga obuna bo‘lgan. Gazetaning har bir sonini qo‘ldan qo‘ymay o‘qishadi.
― Maktabimiz pedagog xodimlari o‘z xohishlari bilan ta’lim nashrlariga obuna bo‘lgan, ― deydi maktab direktori. ― Bir yilda 20 million so‘mdan ko‘proq miqdorda maosh oladigan o‘qituvchi nahotki shundan atigi 200 ming so‘mini o‘qish, yangi bilim olish uchun ajrata olmasa! Bunday o‘qituvchilardan nimani kutishimiz mumkin, axir. Mana shunday o‘qituvchilar borligidan kuyunaman.
Bundan tashqari, pedagoglar o‘z fanlari doirasidagi turli metodik qo‘llanmalarni ham doim kuzatib borishadi va amaliyotda unumli foydalanishadi. Maktab kutubxonasida turli ko‘ngilochar nashrlar va sohaga oid jurnallarini ham uchratasiz. O‘tgan yil mobaynida o‘qituvchilarda obuna madaniyati ancha susayib ketganiga guvoh bo‘lgan edik. Ammo 37-maktab jamoasini ko‘rib, “uyg‘oq” muallimlarimiz hali bisyor ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik.
― Ta’lim muassasamizda kadrlar masalasiga ham qat’iy qaraladi. Jamoamiz har taraflama havas qiladigan pedagog kadrlardan iborat. Eng muhimi, jipslik, uyushqoqlik bilan ishlab kelmoqdamiz, — deydi direktor o‘rinbosari Mavluda Qurbonova. — 60 nafar o‘qituvchimizning 10 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli edi. O‘tgan yili 5 nafar o‘qituvchi maxsus sirtqi bo‘limga o‘qishga kirdi. Qolgan 5 nafari ham joriy yilda hujjat topshirdi. Pedagog xodimlar ichida “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Shuningdek, maktabimizda ustoz-shogird an’anasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ilg‘or tajribaga ega o‘qituvchilarga 9 nafardan yosh o‘qituvchi biriktirib qo‘yilgan. Yoshlar mahoratli, ko‘p yillik tajribaga ega ustozlardan mahorat sirlarini o‘rganib borishadi. PISA xalqaro baholash dasturiga tayyorlash bo‘yicha tuman tayanch maktabi sifatida tavsiya etildik. Hozir mana shu jarayonlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Kuzatuv kengashi — maktabimiz yuzi
Maktab rahbari J.Qurbonov tashabbusi bilan maktabda sog‘lom muhitni mustahkamlash, pedagog kadrlar mas’uliyatini yanada oshirish, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olayotganini baholash maqsadida kuzatuv kengashi uchun alohida burchak tashkil etilgan. Kuzatuv kengashi faoliyati to‘liq aks etgan banner tayyorlanib, unda kengash nizomi, boshqarma qarori, ish rejalari, kengash a’zolari to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar, hatto ularning telefon raqamlari ham keltirilgan, ― deydi kengash raisi Xayrulla Qarshiyev. ― G‘urjob qishlog‘idagi 9 ta mahallaning har biridan 1 nafar ziyoli, ta’limdan xabari bo‘lgan insonlar tanlab olingan. Ota-onalarda biror masalada tushunmovchilik yoki norozilik paydo bo‘lsa, maktab rahbariyati aralashuvisiz, kuzatuv kengashi a’zolari bilan hal qilish imkoni mavjud. Bu, albatta, oshkoralikni ta’minlaydi. Bir yil davomida amaliy jarayon bilan ko‘proq shug‘ullandik. Tashkil etilgan bog‘ va xiyobonlarni obod qilishga direktor bilan bamaslahat homiylarni jalb qildik. Ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ham o‘qituvchilar o‘rtasida monitoring olib bordik. Rahbariyat va o‘qituvchilar o‘rtasidagi munosabat va boshqa masalalar yuzasidan o‘qituvchilarning fikrlari o‘rganildi. Natijalardan qoniqdik, kamchiliklarni rahbariyat bilan kelishgan holda bartaraf qilishga erishdik. Bundan tashqari, o‘quvchilar o‘rtasida ham so‘rovnomalar o‘tkazdik.
— Qaysi soha bo‘lmasin, avvalo, xalq ishonchi juda muhim. Bir soat dars behuda o‘tsa, bu o‘quvchilar haqiga xiyonat bo‘ladi. Buni doim jamoamga uqtirib kelaman. Bizda hamma yagona maqsad yo‘lida ishlab kelmoqda, — deydi maktab direktori.
Niginabonu SHUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Ushbu maqola gazetamizning 28-avgust kungi 67-sonida chop etilgan.