O‘qituvchi ham har doim o‘qishi zarur
23-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surildi.
Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘qituvchilarning hurmatini joyiga qo‘yish, ish haqini ko‘tarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalarida ikki-uch yil ichida katta o‘zgarishlar qilindi.
Shu bilan birga, ta’lim-tarbiya sifatini ta’minlash, pedagoglarning nufuzini oshirish o‘qituvchilarning o‘z-o‘zini rivojlantirib borishi, kasbiga oid ilg‘or bilimlarni o‘zlashtirishi bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Ya’ni o‘quvchilar, ota-onalar, qo‘yingki, butun jamiyat oldida qadr-qimmatini ko‘tarish uchun o‘qituvchining o‘zi ham astoydil harakat qilishi kerak. Chunki bundan keyin o‘z ustida ishlaydigan, zamonaviy va ilg‘or bilimlarni puxta o‘zlashtiradigan pedagoglarning obro‘si baland bo‘ladi. Aksincha, yangiliklarga intilmaydigan, eski ko‘nikmalardan voz kecha olmaydigan o‘qituvchilar asta-sekin kasbiy hurmat-izzatini yo‘qotib boradi.
Bugungi kun o‘qituvchisi qanday bilimlarni puxta egallashi lozim? Shu savolga javob topish uchun bir necha yo‘nalishlarni ajratib ko‘rsatish mumkin.
Axborot bilan ishlash ko‘nikmasi. Axborotlarning globallashuvi va ma’lumot olish imkoniyatining yuqoriligini inobatga olsak, o‘qituvchilarda axborot bilan ishlash kompetensiyasi, ya’ni malakasini shakllantirish lozim. O‘quvchidan kam axborotga ega, fan va texnologiyaga doir yangiliklardan har kuni xabardor bo‘lmagan o‘qituvchi ta’lim oluvchilarning qiziqishi va ehtiyojlarini qondira olishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. O‘qituvchi o‘quvchining bilimlar zahirasini hisobga olgan holda, ularni boyitishga xizmat qiladigan amaliy ahamiyatga ega o‘quv materiallarini sinfxonasiga olib kirishi, ularni tushunarli va qiziqarli bayon etib berishi lozim.
Bilimni boyitish. Kognitiv (bilishga doir) kompetensiya, ya’ni o‘rganish ko‘nikmasini muntazam rivojlantirib bormaydigan o‘qituvchining o‘quvchi va ota-onalar oldida hurmati va obro‘si baland bo‘lmaydi. Bilimli ustoz o‘zining yuqori intellektual salohiyati bilan qadr topadi. Oliy ta’limda olingan bilimlar doimiy boyitib borilishi, sayqallanishi va takomillashuvi joiz.
Kirishuvchanlik malakasi. O‘quvchilar xushmuomala, bolaning yuragi va qalbini ulug‘laydigan, uning ko‘ngliga yo‘l topa oladigan o‘qituvchiga alohida mehr qo‘yishadi. Bu esa, o‘qituvchidan kommunikativ kompetensiya, ya’ni kirishuvchanlik malakasiga ega bo‘lishni taqozo etadi. Faqat muloqotmandlikning o‘zi yetarli emas. O‘qituvchidan o‘z ona tilida savodli yozish va gapirish malakalariga ega bo‘lish ham talab qilinadi. Og‘zaki va yozma nutqda xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslik, o‘quv materialini adabiy tilda bayon etish o‘z navbatida o‘quvchilarda ham ona tiliga mehr-muhabbatni shakllantiradi.
Innovatsiyali malaka. Innovatsion ta’lim haqida ko‘p gapiryapmiz. Biroq savol tug‘iladi: o‘qituvchilarimiz bunday malakaga egami? O‘z faniga doir yangiliklarni o‘quv jarayonida qo‘llagan, ulardan samarali foydalangan, yangilik yaratishga layoqatli o‘qituvchigina innovatsiyali malakaga ega bo‘ladi. Buning uchun malaka oshirish kurslarida uch yilda bir oy o‘qishing o‘zi yetarli emas, albatta. Innovatsion malaka mustaqil o‘qib-o‘rganishni, o‘z ustida tinimsiz ishlashni talab etadi.
Metodik malaka. Bugungi kunda nafaqat pedagogika oliy ta’lim muassasalari, balki boshqa yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ham pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Fanni chuqur bilish zarurligini yuqorida ta’kidladik, bu o‘ta muhim. Shu bilan birga, o‘quv materialini o‘quvchilarga yetkazish, ularning mustaqil bilim olishini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘qituvchi metodik kompetensiya, ya’ni yetkazib berish malakasiga ega bo‘lishi shart.
Bola ruhiyatiga kirish. O‘qituvchi o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini yaxshi bilishi lozim. Oliy ta’lim muassasalarida umumiy psixologiyani o‘rganish orqali bunga to‘liq erishib bo‘lmaydi. O‘qituvchi psixologik kompetentlik, ya’ni ruhiyatni o‘rganish malakasiga ega bo‘lishi uchun psixologik adabiyotlarni o‘qib-o‘rganishi, pedagogik jarayonda har bir o‘quvchini diqqat bilan kuzatib borishi, o‘zida tug‘ilgan savollarga javob izlashi lozim. Bola psixologiyasini chuqur bilmagan o‘qituvchi hech qachon bolaning qalbiga yo‘l topa olmaydi.
Nizoli vaziyatlarni bartaraf etish ko‘nikmasi. Jamiyatdagi ochiqlik va ta’lim sohasi demokratlashuvi sharoitida o‘z huquqini talab qilish istagi ayrim holatlarda noto‘g‘ri tushunilishi oqibatida o‘quvchi-o‘qituvchi, o‘qituvchi-ota-onalar o‘rtasida turli nizoli vaziyatlar ham sodir bo‘lib turibdi. Eng achinarlisi, o‘qituvchilarning nizoli vaziyatlarni bartaraf etish ko‘nikmasi, ya’ni konfliktologik kompetensiyaga ega emasligi, obro‘sining tushishi, o‘quvchilar oldida hurmati yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. O‘qituvchi bu masalada qay tarzda ko‘nikmaga ega bo‘lishi mumkin? Buning uchun analitik tafakkur keng bo‘lishi va mediatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirish lozim. Bu murakkab ish emas, mediatsiya usullarini o‘rganish uchun Internet tarmog‘ida yetarlicha mahorat darslari va ma’lumotlar mavjud.
Shaxsiy va kasbiy fazilatlar uyg‘unligi. O‘qituvchining obro‘si va nufuzi uning ma’naviyatiga, shaxsiy va kasbiy fazilatlariga bog‘liqdir. Ma’naviy komil o‘qituvchi o‘zining xulq-atvori, madaniyati, yurish-turishi bilan o‘quvchilar uchun axloqiy ideal bo‘lib xizmat qiladi. O‘qituvchilar orasida o‘quvchilari bilan munosabatlarni o‘rnatishda masofani saqlay bilmaydigan, hatto maishat qilishga moyil bo‘lganlarining uchrab turishi pedagoglik kasbiga nisbatan nomaqbul tasavvurlar avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin. Natijada bir-ikki o‘qituvchining kasriga butun pedagoglarga nisbatan salbiy munosabat yuzaga keladi. Shuning uchun o‘qituvchilarimiz pedagog vijdoni, adolati, burchi, sha’ni kabi tushunchalarni yuragining tub-tubida saqlashi va unga sadoqatli bo‘lishi muhim.
Hayotdan, kasbdan zavqlanish hissi. Jamiyatni rivojlantirishning yangi bosqichida o‘qituvchilarda g‘oyaviy-mafkuraviy kompetentlik, aytish mumkinki, ruhiy barqarorlikni rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu o‘qituvchining g‘oya va mafkura sohasida chuqur bilimga egaligi, kuchli kasbiy e’tiqodi shakllangani hamda bunyodkor g‘oyalarni kundalik faoliyatda qo‘llay olish layoqatidir. Yangi davrda milliy g‘oyaning asosini har bir insonning o‘zini baxtli sanay olishi tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida baxt, ya’ni hayotdan rozilikning sog‘lik, mehr-muravvat ko‘rsatish, bilimlilik, go‘zallikdan bahramandlik, e’tirof, obro‘-e’tibor qozonish kabi tarkibiy asoslarini ko‘rish mumkin. O‘qituvchi, avvalo, o‘zini eng baxtli inson deb hisoblashi, bundan chinakam g‘urur va iftixor tuyishi, o‘z-o‘zini va o‘quvchilarini baxtli qilishga intilishi lozim.
O‘qituvchi imiji. Odatda imij tushunchasini ko‘proq siyosatchilarga nisbatan, ya’ni “siyosiy imij” ko‘rinishida talqin qilamiz. Zamonaviy sharoitda o‘qituvchining imiji, ya’ni imijologik kompetensiyasi shakllangan bo‘lishi zarur. O‘qituvchi imiji — ta’lim oluvchilar, hamkasblar, ijtimoiy borliq, omma ongida o‘qituvchi obrazining hissiy-ifodaviy idrok etilishi. Imij atrofdagilar bilan munosabat o‘rnatishga yordamlashuvchi o‘ziga xos muhim insoniy vositadir. O‘qituvchi qanchalik kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lmasin, doimiy ravishda o‘z-o‘zini takomillashtirib borishi, o‘z imijini yaratishi lozim. Pedagog imijini shakllantirishda ta’lim oluvchilarning fikrlariga tayanish muhim.
O‘z-o‘zini rivojlantirish. O‘qituvchining o‘zini-o‘zi rivojlantirishi, ya’ni akmeologik kompetensiyasiga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Inson umri davomida o‘zini-o‘zi anglashga harakat qiladi. Agar shunday bo‘lmasa, biz qay tarzda o‘zimiz haqimizda yaxshi bilishimiz mumkin? O‘qituvchi o‘zini-o‘zi takomillashtirishni shaxsiy va kasbiy muammolarini o‘rganishdan boshlashi kerak. O‘zini-o‘zi tashxis etish metod va usullarini tanlashda yordam olish uchun psixolog-mutaxassis katta rol o‘ynaydi. Pedagog o‘zi haqidagi dastlabki tasavvurlarni turli pedagogik-psixologik metodikalarni o‘tkazish orqali bilib olishi mumkin.
O‘qituvchining faol fuqarolik pozitsiyasi. O‘quvchilarda vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalash uchun o‘qituvchi faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishi talab etiladi. Ya’ni o‘qituvchi jamiyat hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlarni, tashabbuslarni teran tushunishi, ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishi, daxldorlik va fidoyilik tuyg‘ularini his qilishi va amalda namoyish etishi zarur. Har bir fan o‘qituvchisi dars jarayonining kirish qismida fani bilan bog‘liqlikda jamiyat hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berishi, munosabat bildirishi, shu asosda o‘quvchilarning fanga qiziqishini oshirib borishi joiz. Interfaol ta’lim darsning tarbiyaviy vazifasini hech qachon inkor etmaydi. “Maqsadim faqat fanimni o‘tish”, deb hisoblaydigan o‘qituvchilar katta xatoga yo‘l qo‘yishadi. Vatanparvarlik va fuqarolik tarbiyasi orqali berilgan ta’lim natijali, ishonchli, mustahkam bo‘ladi.
Sog‘lom fikrlash zaruriyati. O‘quvchilarda sog‘lom e’tiqodni tarbiyalash uchun o‘qituvchining o‘zi to‘g‘ri e’tiqod sohibi bo‘lishi, ya’ni sanogen (sog‘lom) fikrlash malakasini o‘zlashtirishi zarur. Sog‘lom fikrlash nafaqat o‘qituvchi fikrlarining teranlashuvi, balki uning to‘g‘riligini saqlash mezoni bo‘lib xizmat qiladi. Abdurauf Fitrat o‘zining “Najot yo‘li” asarida Olloh bergan ne’matlarning eng ulug‘i aql ekanini ta’kidlab, quyidagi fikrlarni bildirgan: “Olloh insonga eng buyuk va eng qimmat qurolni bergan. Inson shu orqali olamni mag‘lub qilib shikastlashi mumkin. Bu qurol nimadan iborat? U aqldir. Odamzod chorasizligidan tang qolib, aqlni ishlatishga majbur bo‘ldi, uning soyasida asta-sekin manfaatlarni qo‘lga kiritib, ko‘rgan zararlarni daf qildi: uy qurdi, tabiat ofatlaridan qutuldi”. Shuningdek, olim aqlning ikki turini alohida ajratib ko‘rsatgan: aqli fitriy (individ ongi) va aqli kasbiy (ilm olish va tajriba orttirish). Sog‘lom fikrlash xarakter uyg‘unligi, o‘zidan va atrof-muhitdan rozilik, yomon odatlardan saqlanish, hissiyotlarini boshqarish, ehtiyojlarini nazorat qilishda namoyon bo‘ladi.
Badiiy-estetik madaniyat. O‘qituvchilarning badiiy-estetik (Art) ko‘nikmasi rivojlanishi juda muhim masaladir. Umumiy o‘rta ta’limda STEAM ta’lim (STEAM education) usuliga alohida e’tibor qaratilayotgan ekan, ishni o‘qituvchilarni san’at vositasida fanlarni o‘qitishga o‘rgatishdan boshlash lozim. Pedagogning badiiy-estetik bilim va ko‘nikmalari, ularni dars jarayonida qo‘llay olish qobiliyati qator omillarga bog‘liq. Buning uchun pedagogika oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak o‘qituvchilarda badiiy-estetik faoliyatga ehtiyoj va qiziqishni shakllantirish, pedagoglik kasbiga ishtiyoqni rivojlantirish, o‘quvchilarda badiiy-estetik bilimni o‘stirish zaruratini tushuntirish, ta’lim jarayonida badiiy-estetik g‘oyalarni ishlab chiqish va qo‘llash qobiliyatini o‘stirish masalalariga e’tiborni kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, maktablar motivatsiya, imkoniyatlar va shaxsiy muvaffaqiyatga intilish dargohiga aylanishi uchun ta’limni o‘quvchining o‘z-o‘zini kashf etish vositasiga aylantirish lozim. Bu esa eng birinchi navbatda, millat ko‘zgusi — muallimlarning bilim va innovatsion salohiyatiga bog‘liqdir.
Ulug‘bek INOYATOV,
pedagogika fanlari doktori