Dunyodagi eng noodatiy maktablar
Asrimizda davlatlarning rivojlanganlik darajasi nafaqat iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari, balki mamlakat ichidagi ta’lim sifati hamda fuqarolarning savodxonlik darajasi bilan baholanayotgani sir emas. So‘nggi statistik ma’lumotlarga qaraganda, aholining savodxonlik indeksi Estoniya, Kuba, Germaniya, Latviya davlatlarida 99,8%, Barbados, Sloveniya, Belorus, Litva, Ukraina, Armaniton 99,7%, Qozog‘iston va Tojikistonda 99,6%, Ozarboyjon, Turkmaniston, Rossiyada 99,5%, Vengriya, Qirg‘iziston, Polshada 99,4%,
Moldaviya va Tongo mamlakatlarida 99,2 foizni tashkil etmoqda. Har yili BMT rivojlanish dasturi taqdim etadigan zamonaviy ta’lim darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida esa ilk o‘ntalikni Avstraliya, Daniya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Germaniya, Irlandiya, Islandiya, AQSh, Niderlandiya va Buyuk Britaniya mamlakatlari egallab turibdi.
Ta’lim sifatining yuqoriligi tom ma’noda mamlakat taraqqiyotini belgilab beradi. Shu bois bugun jahonda o‘rta ta’lim sifatini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Zero, yaxshi maktabda o‘qish bolaning kelgusida nufuzli oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishiga keng yo‘l ochadi.
Dunyoda “eng yaxshi maktab” maqomiga munosib ta’lim maskanlari ko‘p. Masalan, o‘g‘il-qizlar orasidagi tenglik bilan ajralib turuvchi Finlandiya maktablari o‘quvchilari jahondagi eng o‘qimishli bolalar qatorida turadi. Shveytsariya maktablari esa o‘quvchilarni oliy o‘quv yurtlariga tayyorlash bo‘yicha yetakchilardan hisoblanadi. Singapurda ta’lim har bir o‘quvchining mustaqil o‘qib-o‘rganishi va o‘z ustida ishlab, muvaffaqiyatga erishishi bilan ahamiyatlidir. Niderlandiya maktablarida esa asosiy e’tibor o‘g‘il-qizlarning shaxsiy xususiyatlarini rivojlantirishga qaratiladi. Belgiya, Yangi Zelandiya, Irlandiya, Kanada, Qatar va Buyuk Britaniya davlatlari ham o‘rta ta’lim sifati bilan har qancha faxrlansa arziydi.
Eng yaxshi maktablar qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi haqida insonlar allaqachon tasavvurga ega. Ammo jahondagi eng noodatiy ta’lim maskanlari haqida bilish ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi, shubhasiz.
Eng qimmat maktab deya e’tirof etiladigan Institut Le Rosey — Shveytsariyadagi nomdor ilm maskanlaridan biri. Ispaniya qiroli Xuan Karlos I, Monako shahzodasi Renye III, Misr qiroli Ahmed Fuad II, shuningdek, mashhur qo‘shiqchi Jo Dassen va uning o‘g‘illari tahsil olgan bu dargoh “qirollar maktabi” deb ham ataladi. Bu joy ikkita qarorgohga ega dunyodagi yagona maktab sanaladi. O‘quvchilar bahor, yoz va kuz oylarida Jeneva ko‘li sohillaridagi o‘rta asrlarga oid qasrda yashab, tahsil olsa, qishda mashhur tog‘chang‘i kurorti — Gshtadga ko‘chib o‘tadi. Maktabda bolalar odatiy ta’limdan tashqari, o‘zlarini turli sohalarda sinab ko‘rishlari mumkin. Bu yerdagi zamonaviy kutubxona, 15 dan ziyod musiqa asboblari jamlangan musiqa sinfxonalari, rassomchilik studiyasi va kattagina teatr hamisha bolalar ixtiyorida. Mavjud 20 ta sport bo‘limida esa o‘g‘il-qizlar oddiy jismoniy mashg‘ulotlardan tortib, golf va chang‘i sport turlarigacha shug‘ullanishi mumkin. Maktab bosh oshpazi Yevropadagi eng nomdor oshpazlardan biri bo‘lib, har kuni o‘quvchilarni mazali va foydali taomlar bilan siylaydi. Barcha qulayliklarga ega, dunyodagi eng zamonaviy maktabda o‘qish arzonga tushmasa-da, farzandini “qirollar maktabi”da o‘qitish istagidagi ota-onalar ko‘plab topiladi. Aytgandek, maktabda tashkil etilgan xayriya jamg‘armasi har yili eng iqtidorli o‘quvchilar uchun stipendiyalar ajratadi. Bu o‘qish pulini to‘lashga sharoiti bo‘lmagan bolalar uchun yaxshi imkoniyat. Ammo stipendiyani qo‘lga kiritish oson emas. Chunki Institut Le Rosey maktabining hatto pullik tanlovida ishtirok etuvchi talabgorlar soni ham nihoyatda katta bo‘ladi.
Dunyoda eng chekka hududlarda joylashgan va ularga notekis, xavfli yo‘llar orqali boriladigan maktablar ko‘plab topiladi. Ammo Xitoydagi Gula tog‘ qishlog‘ida joylashgan maktabga olib boradigan yo‘l hammasidan qiyinroq. Eng borish qiyin bo‘lgan maktab, deb yuritiladigan ta’lim muassasasigacha yetib olish uchun bolalar 5 soat yo‘l yurishlari kerak. Ushbu qiyinchilik sabab o‘quvchilar maktabda yashab, ta’lim oladilar va faqat dam olish kunlarigina uylariga kelishadi. Bolalar bu yo‘ldan haftada ikki marotaba o‘tsa-da, yo‘l mashaqqatidan bezor bo‘lgan. Jarliklar, qoyalar va 7 ta omonat osma ko‘priklar orqali o‘tiladigan kengligi atigi 1 metr bo‘lgan so‘qmoq yo‘l kattalarni-da vahimaga soladi. Ko‘pchilik ota-onalar yo‘lning uzoqligiga qaramay, maktabdagi ta’lim sifati yuqoriligi bois farzandini shu yerga o‘qishga beradi. Aytishlaricha, maktabga 1980-yillarning oxirlarida Shen siszyun ismli kishi asos solgan va u hozirgacha yashab kelayotgan yagona o‘qituvchi hisoblanadi. Avvallari maktabda na elektr, na vodoprovod bo‘lgan. Hatto hojatxona ham mahalliy aholi ko‘magida qurilgan. Ammo hozir maktab barcha sharoitlarga ega zamonaviy maskanga aylantirilgan. Unda hatto basketbol maydonchasi ham bor. Ammo u tog‘lar tepasida joylashgani bois basketbol o‘ynayotganda o‘quvchilardan ehtiyotkor bo‘lish talab etiladi.
Ukrainadagi THINK Global maktabi dunyodagi eng sayohatbop ta’lim maskani sanaladi. Boisi bu yerda o‘quvchilar har semestrda yangi joyga yuboriladi. O‘qishning uch yilidayoq o‘g‘il-qizlar bir nechta mamlakatlar, xususan, Peru, Marokash va Kanadada bo‘lishga ulguradi. Maktabda faqat yuqori 10—12-sinflar o‘qitiladi. Ushbu xususiy ta’lim muassasasiga har yili yer sharining barcha burchaklaridan tanlov asosida o‘rtacha 45 nafar o‘g‘il-qiz o‘qishga qabul qilinadi. Fanlar asosan ingliz tilida o‘tiladi, ammo dars jadvaliga xitoy va ispan tili mashg‘ulotlari ham kiritilgan. Chunki o‘quvchilar o‘qish davrida boriladigan mamlakatlar tilini ham oz bo‘lsada bilishi lozim. Maktabda o‘quvchilar an’anaviy dastur asosida o‘qitiladi. Ammo uni turli tadqiqotlar, shaxsiy loyihalar bilan boyitishga ruxsat etiladi.
Moskvadagi “Yuksalish” elita maktabi bolalarga o‘yin shaklidagi o‘qishni taklif qiladi. Eng interaktiv maktab sifatida nom chiqargan ushbu ta’lim maskanida barcha fanlar bitta kursga jamlanadi-da, so‘ng maktab o‘quvchilari uchun turli qiziqarli o‘yinlar o‘ylab topiladi. Masalan, o‘quvchilar dastur bo‘yicha Yaponiya madaniyati va tarixini o‘rgansa, demak, bolalar dars jarayonida yaponlarga xos tarzda choy ichib, tayoqchalarda ovqatlanadi. Agar mavzu o‘rta asrlarga oid bo‘lsa, u holda bolalar darveshlardek kiyinib, oddiy qalamlarda qog‘oz qoralaydi. Bundan tashqari, o‘quvchilar yilda bir marta shahar tashqarisiga olib chiqiladi va bir necha kun davomida dehqon, savdogar, hunarmandlardek yashab, ularning hayot tarzini o‘rganadi. Nazariya bilan amaliyot uyg‘un tarzda olib boriladigan ushbu maktabga o‘g‘il-qizlar 5-sinfdan qabul qilinadi va bir sinfda 10 nafardan ziyod o‘quvchi bo‘lmaydi.
Sarguzashtlarni xush ko‘ruvchi bolalar uchun AQShning Men shtatida joylashgan Watershed amerika maktabi ayni muddao. Boisi, bu yerda bolalar sinfxonalarda diqqinafas bo‘lib, qo‘ng‘iroq chalinishini kutib o‘tirmaydi. Ular darslarni maktab ma’muriyati yuboradigan mahalliy fermalardan birida o‘tadi. O‘quvchilar bu yerda bir necha yil yashash jarayonida fermerlik ishi va sir-sinoatlarini o‘rganadi. Bir qarashda zerikarlidek tuyuladigan bu holat aksariyat bolalar uchun uzoq muddatli sarguzashtning o‘zginasi. O‘quvchilar bu yerda odatdagidek matematika, ingliz tili va boshqa fanlarni o‘rganadi, faqat amaliy mashg‘ulotlar ekspeditsiya shaklida o‘tiladi. O‘g‘il-qizlar arxitektura fanida ustozlari bilan birgalikda shahar ko‘chalarini kezsa, biologiya fanida mahalliy qo‘riqxonalar, geografiya fanida esa daryo bo‘ylari va o‘rmonga sayohat qiladi. Bolalar yanada chiniqishi uchun an’anaviy jismoniy tarbiya mashg‘ulotlaridan tashqari yoga, frisbi va tog‘ velosipedi kabi sport turlariga jalb etiladi. Shuningdek, Watershed o‘quvchilari ferma sharoitida zamonaviy hayotdan uzilib qolmasliklari uchun o‘qituvchilari yordamida musiqa va teatr guruhlari tashkil etilib, videoo‘yinlar uchun senariylar o‘ylab topiladi.
Gonkongdagi Sing In maktabi hududida joylashgan quyosh batareyalari, shamol parraklari, yashil tomlar va tabiiy yorug‘lik nurlari ta’lim muassasasining chinakam faxri sanaladi. Bu maskan eng ekologik maktab sifatida mashhur. 2013- yili Amerika ekoqurilmalar ittifoqi uni “sayyoramizdagi eng yashil maktab” deb e’lon qilgan. E’tiborlisi, bularning barchasi arzimas mablag‘ evaziga barpo qilingan. Zamonaviy texnologiyalarning aksariyati dars mashg‘ulotlari jarayonida o‘qituvchilar va o‘quvchilar tomonidan o‘z qo‘llari bilan yaratilgan.
Bugun ota-onalar farzandi atrofini virtual olam qurshab olganidan tashvishga tushayotgan bir paytda Nyu-Yorkdagi Quest to Learn maktabi oddiy ta’limni to‘laligicha videoo‘yinlarga o‘zgartirganidan afsusda emas. Albatta, bu yerda o‘quvchilar kun davomida sevimli kompyuter o‘yinlarini o‘ynash bilan band bo‘lmaydi. Ular barcha fanlarni o‘rganadi, faqat o‘yinlar, geym-dizayn va dasturlash yordamida. Zamonaviy texnologiyalar “dahosi” Bill Geyts ko‘magida tashkil etilgan ushbu kvest-maktabda an’anaviy kitoblarni deyarli uchratmaysiz. Bu yerda hamma narsa elektron tarzda amalga oshiriladi. Bolalar hatto bahoni ham kompyuter texnologiyalarida bajargan topshiriqlari asosida oladi. Hozircha ushbu ta’lim dasturining samaradorligi haqida biror narsa deyish qiyin. Ammo shunisi aniqki, bu yerda o‘quvchilar davomati hamisha 100 foiz bo‘ladi.
Maktab-lotereya haqida eshitganmisiz? Gap shundaki, Amerikadagi Mountain Mahogany maktabi o‘quvchisiga aylanish uchun lotereya o‘ynashga to‘g‘ri keladi. Jarayonda omadli ishtirokchilargina maktabga qabul qilinadi. Bu yerda o‘quv jarayoni ham noodatiy. Albatta, barcha maktablar kabi bu yerda ham fizika, biologiya va boshqa fanlar o‘tiladi, ammo birinchi galda, o‘quvchilarga o‘zlari uchun foydali bo‘lgan tikish-bichish, oshpazlik kabi kasb-hunarlar o‘rgatiladi. Maktab bog‘idagi mevalarni o‘quvchilarning o‘zlari yetishtiradi. Bu yerda asosiy e’tibor bolalarning ruhiy rivojlanishiga qaratiladi. Maktab rahbariyati o‘g‘il-qizlarning sifatli ta’lim olishi uchun, avvalo, muassasada ijobiy va yengil muhit yaratish zarur deb hisoblaydi.
Bruklin maktabida o‘quvchilarga sira xush yoqmaydigan baholash tizimi, uy vazifalari-yu, dars jadvali yo‘q. Hatto o‘tiladigan fanlarni ham o‘quvchilarning o‘zi tanlash huquqiga ega. Ushbu “itoatsiz” maktabda bolalar uchun oddiygina — serial ko‘rib, uni muhokama qilish yoki pishloqlarni tatib ko‘rib, ularning turlarini aniqlash mashg‘ulotlari ham bor. O‘taketgan dangasalar esa maktab yo‘laklari bo‘ylab shunchaki aylanib yurishlari mumkin. Buning uchun ularni hech kim urishmaydi. Chunki muassasa direktorining fikricha, maktab har bir o‘quvchining o‘z yo‘lini topishiga yordam berishi kerak. Ammo ayrim mutaxassislar maktabdagi bunday cheksiz erkinlik bolalarni real hayotga tayyorlay olmaydi, degan fikrda.
2019-yil Irkutskda ochilgan Aqlli maktabda mamlakatdagi eng yaxshi ta’lim dargohlaridan biriga aylanish uchun barcha sharoit mavjud. Chertugeyev ko‘rfazi sohillarining 31 ming kv.m maydonida nafaqat maktab, balki bolalar bog‘chasi, sport kompleksi hamda qabul uchun kelgan oilalarning yashashi uchun kichik qishloqcha tashkil etilgan. Maktabga minglab talabgorlar orasidan 150 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Bu yerda ta’lim jarayoni innovatsion tarzda olib boriladi. Darslar odatda sinfxonalarda o‘tiladi. Aytishlaricha, maktab binosi loyihasi Irkutsdagi arxitektorlar tomonidan loyihalashtirilgan. Ammo maktab bog‘ini yaratishda daniyalik muhandislarga murojaat qilingan. Ular bog‘ni chiroyli va zamonaviy qilish bilan birga, Sibir qishining izg‘iriniga moslashtirishga harakat qilgan.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.