AQSh ta’limidan olgan taassurotlarim
Joriy yilning iyun-iyul oylarida AQSh davlat ta’limiy va madaniy ishlar bo‘limi tomonidan tashkil qilingan SUSI dasturi (The Study of the U.S. Institutes for Secondary Educators — O‘rta ta’lim beruvchilar uchun AQSh ta’lim institutlari) bo‘yicha 5 haftalik o‘quv kursini tamomlab qaytdim. Mazkur o‘quv dasturi davomida bizga hamroh bo‘lgan 18 davlat o‘qituvchilari bilan AQSh jamiyati, madaniyati, qadriyatlari va ta’lim muassasalarini o‘rganish maqsadida Montana, Shimoliy Karolina, Kolumbiya shtatlarida bo‘ldik.
Meni ko‘proq AQSh ta’lim tizimi qiziqtirdi. Har qanday o‘qituvchi uchun, shubhasiz, bu eng qiziq masala bo‘lsa kerak. Rivojlangan va ko‘p yillik tarixga ega bo‘lgan mamlakatga qilgan safarim chog‘ida u yerning ta’lim tajribasidan, metodlaridan misqolcha bo‘lsa-da, o‘rganib, yurtimga olib ketishni maqsad qildim.
O‘quv-mashg‘ulotlar davomida Amerikadagi o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib, u yerdagi ish jarayonini kuzatdik. Bundan tashqari, amerikaliklar oilasida 2 kun yashab, Amerika oilasi va ta’limi o‘rtasida chambarchas bog‘liqlik borligini angladim.
Davlatning eng muhim tayanchi — ta’lim Amerikaliklar davlatning eng muhim tayanch nuqtasi ta’lim tizimi ekanini allaqachon tushunib yetgan, shuning uchun ta’lim tizimiga juda katta e’tibor qaratishadi. Shunga qaramay, tizimda bir qator muammolar ham yo‘q emas.
AQSh ta’lim tizimi maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, o‘rta va oliy ta’lim bosqichlariga bo‘linadi va u 3 organ tomonidan nazorat qilinadi va moliyalashtiriladi: federal, davlat va mahalliy hokimiyat.
Maktablarda tartib, sharoit, muhit, jarayon turlicha. Sababi, AQShdagi 50 ta shtatning har biri o‘ziga xos ta’lim tizimiga ko‘ra faoliyat yuritadi. Davlat maktablaridagi o‘quvchilar yil davomida o‘zlari yoqtirgan fanlarni tanlash va aynan o‘sha fanlardan chuqurroq ta’lim olish imkoniyatiga ega. Masalan, jismoniy tarbiya fanidan o‘quvchi o‘zi uchun qiziq bo‘lgan sport turini tanlaydi va maktabda tashkil qilingan jamoa a’zosiga aylanadi. Yuqori sinfda ham o‘quvchi o‘zi o‘rganishi uchun fanlarni tanlay oladi, lekin unga tanlash uchun ko‘proq fanlar taqdim etiladi. Baho qo‘yish masalasida esa amerikalik o‘quvchilar A, B, C, D ko‘rinishida baholanar ekan. O‘qituvchilar o‘quvchilarning baholarini barchaning oldida e’lon qilmaydi. Ota-onalarga farzandlarining natijalari bir o‘quv yilida 4 marotaba tabelda ko‘rsatiladi. Olingan baholar hisoblanib, u o‘sha ball asosida institutga imtihon topshirishi mumkin.
Safarimiz chog‘ida 6 ta maktabda bo‘ldik. Kuzatishimcha, AQShda ota-onalar maktab tashkiliy ishlarida faol ishtirok etadilar. O‘quvchi darslardan so‘ng, asosan, sport mashg‘ulotlariga jalb qilinadi.
Formadan ham muhim masala bor!
Yurtimizda o‘tgan bir yil davomida o‘quvchilar formasi masalasi anchagina bahslar markazida bo‘ldi. Umuman, bizda o‘quvchining darsga maktab kiyimida kelishini qat’iy nazoratga olishga katta e’tibor qaratiladi. AQShdagi men borgan maktablarda o‘quvchilar maktab formasini umuman kiyishmas ekan.
Formasiz yurishni nafaqat o‘quvchilarda, balki o‘qituvchilarda ham kuzatdim. Ammo bu ta’lim sifatiga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini, darslarni, o‘quvchi va o‘qituvchilar salohiyatini kuzatgach, anglab yetdim. Shu o‘rinda biz ham hadeb forma haqida bahs yuritish, o‘quvchini oq ko‘ylak kiymagani uchungina darsga kirgizmaslikdan voz kechib, asosiy e’tiborni sifatli bilim berishga qaratish vaqti yetganligini tushunishimiz kerak.
Tekshiruvlardan xoli maktablar
Meni “Amerika maktablariga ham tekshiruvchi (komissiya) keladimi?”, “Maktablarni tekshiruvchi tashkilotlar qaysilar?” degan savollar ham qiziqtirdi. Ammo bu savollarimga javob olgach, hayratim oshdi. Sababi Amerika maktablarini tekshirish, nazorat qilish uchun komissiya deyarli kelmas ekan. Ular bu masalaning ham zamonaviy, hech kimga xalal bermaydigan, o‘qituvchilarni ishdan, o‘quvchilarni darslardan chalg‘itmaydigan usulini joriy qilishgan ekan. Ya’ni maktab o‘quvchilarining bilimini tekshirishga mo‘ljallangan maxsus bo‘lim bo‘lib, u har semestrda o‘quvchilarga test jo‘natadi. Olingan test natijalari esa davlat ta’lim bo‘limiga taqdim etiladi. Eng past reyting olgan maktabga maxsus tekshiruv jo‘natilib, o‘sha maktabdagi muammo o‘rganib chiqiladi va muassasaga amaliy yordam ko‘rsatiladi. Eng muhimi, bu kabi tekshiruv usuli faqat maktab va o‘quvchilarga yordam berish uchun amalga oshirilar ekan.
O‘quvchilar nega bunchalik erkin?
Montana shtatining Mizzula shahrida joylashgan “The big high school” maktabida ayrim fanlardan dars jarayonini kuzatdik. Geografiya darsida biz turli davlat vakillari sifatida qatnashdik va 6 ta partaga bo‘lindik. O‘quvchilar guruhlarga bo‘lingan holda navbatma-navbat bizning oldimizda o‘tirib, davlatimiz poytaxti, dini, madaniyati, aholisi haqida savollar bera boshladilar. Olingan ma’lumotlarga qarab, guruhlar biz yashaydigan davlatni topishlari lozim edi. Dars jarayonida har bir o‘quvchining erkin muloqot qila olishi meni hayron qoldirdi. O‘quvchining o‘z fikrini keng yoritib berishi, oldidagi notanish odam bilan kulib, bamaylixotir munosabatga kirishishiga erishish sirini bilmoqchi bo‘lib, darsni olib borgan o‘qituvchini savolga tutdim. Buning uchun darslarda o‘quvchilarga erkinlik va mustaqil fikrini tushuntirib berishiga sharoit yaratib berish lozim, deya ta’kidladi pedagog.
Shuningdek, amerikaliklar oilasida yashab bildimki, ota-ona farzandiga go‘daklik davridan boshlab xuddi kattalardek munosabatda bo‘lar ekan. Bu esa bolaning har qanday muloqotda o‘zini erkin tutishining yana bir omilidir. Menga mezbonlik qilgan amerikalik oila boshliqlarining aytishicha, ular o‘z farzandlarini turli xil oilaviy bazmlarga, kecha va dasturlarga olib borib, u yerdagi odamlar bilan muloqot qildirar ekan. Natijada bolada ko‘pchilik orasida bemalol o‘z fikrini bayon eta olish, notanish insonlar bilan til topishib ketish, shaxsiy pozitsiyasiga ega bo‘lish kabi ko‘nikmalar shakllanadi.
Volontyorlik — maktab va ota-onalar o‘rtasidagi hamkorlik
“Men jamiyat a’zosiman, jamiyatga kerakman va ozgina bo‘lsa-da, shu jamiyatning gullab-yashnashiga hissa qo‘shishim kerak”, degan tushuncha hozirgi kunda ko‘pgina amerikalik o‘quvchilarning ongiga singdirilgan. Bolalar kichikligidan boshlab jamoat ishlariga ko‘ngilli sifatida jalb etiladi. Jamoat ishlariga bolalarni nafaqat maktab, balki ota-ona ham targ‘ib qiladi. Ota-onalar farzandining jamoat ishlarida faolligini ta’minlaydi, hatto o‘zlari ham qo‘llaridan kelgancha maktabning takliflariga xayrixoh bo‘lishadi va lozim bo‘lsa, moliyaviy tomondan ham ko‘mak beradi. Masalan, qaysidir maktab o‘quvchilari o‘zlari xohlagan holda xayriya ishiga borib, u yerda birgalikda mehnat qiladilar.
Bolalar kichik yoshligidan boshlab volontyor sifatida faollasha boshlaydi. Safar davomida bizni muhtojlar uchun tashkil qilingan “Foodbank” nomli katta do‘konga olib borishdi. U yerda turli yoshdagi odamlar muhtojlar uchun ovqat tayyorlayotgan edi. Bu manzara kishini zavqlantiradi. Hatto ikki nafar bog‘cha yoshidagi bolakayning plastik idishlarga mevalarni joylab, xayriya ishlariga o‘z ulushini qo‘shayotgani juda ham ibratli manzara. Hayot tashvishlari, kundalik ish, o‘qish, majburiyatlardan vaqt orttirib bunday tadbirlarda ota-onalar va farzandlarning chin ko‘ngildan ishtirok etishi, oila a’zolarini bir-biriga yaqinlashtirish va ko‘ngilda insonparvarlik tuyg‘ularining yanada ulg‘ayishiga turtki beradi.
Maktab ichki dizayni va kutubxona
AQSh maktablari bilan O‘zbekiston maktablarini solishtirmoqchi emasman. Lekin xorijiy ta’lim muassasalaridagi shart-sharoitlar har qanday o‘qituvchini qiziqtirishi tabiiy. Amerika maktablari devorlarida faqat maktab va o‘quvchilar ijodi bilan bog‘liq qiziqarli materiallarni topishingiz mumkin. Masalan, maktabni eng yaxshi baholarga bitirgan, maktab faxriga aylangan o‘quvchilar, maktab bayrog‘i, maktab shiori, maktab logotipi, o‘quvchilar yaratgan loyihalar shular jumlasidan.
Maktab kutubxonalari ham maktab hayotida muhim ahamiyatga ega. Kutubxona xodimlarining o‘quvchilarni kitob o‘qishga qiziqtirish uchun olib borayotgan sa’y-harakatlari meni lol qoldirdi. Masalan, kutubxona xodimlari o‘quvchilarning kitoblarga diqqatini tortish uchun kitob javonlarining yuqorisiga eng ommabop va qiziqarli adabiyotlarni namoyish qilib qo‘yishadi. Yoki kitoblarni ro‘yxatdan o‘tkazish stolida katta jumboqli mashqlarni topishingiz mumkin. Kutubxonaga kelgan bola, albatta, bu jumboqli mashqlar oldidan bee’tibor o‘tib ketolmaydi va 500—1000 bo‘lakchalardan iborat jumboqni o‘zi istaganicha davom ettirib, ulardan katta shakl chiqarishga harakat qiladi. Yana bir qiziq holat shuki, kutubxonada ota-onalar yoki boshqa xayriya jamg‘armalari tomonidan tashkil qilingan maxsus kitoblar javoni bo‘lib, unda xayriya tariqasida maktabga sovg‘a qilingan kitoblar o‘quvchilar tomonidan o‘z shaxsiy kutubxonalari uchun olib ketilishi mumkin ekan.
O‘sishdan to‘xtamaylik!
Albatta, har bir millatda o‘ziga xos yutuq va kamchiliklar bo‘lgani kabi, har bir davlatning ta’lim tizimida ham yutuq va muammolar yetarlicha topiladi. Muhimi, tajriba almashish chog‘ida o‘sha yutuqlar omilini o‘rganib, tajriba orttirish, muammolarini tahlil qilib, xulosa chiqarishdir. Biz AQSh ta’lim tizimini o‘zimiz uchun to‘liq o‘zlashtirib ololmaymiz. Sababi, AQSh davlat tarkibi va tuzilishi jihatidan bizning davlatimizdan har taraflama farq qiladi. Lekin xorijiy davlatlarning ta’lim sohasidagi samarali usullarni, yuqori natijaga eltuvchi ijobiy jihatlarini o‘rgansak, o‘sishdan to‘xtab qolmaymiz.
Nasim SODIQOV, Jizzax viloyatidagi “Umid” IDUMIning ingliz tili fani o‘qituvchisi