Tadbirkor Namangan shahridagi 80-maktabga 25 ta televizor sovg‘a qildi
Prezidentimiz tomonidan ta’limga, kelajak avlod kamoliga yuksak e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining xayrli tashabbusi ko‘plab hamyurtlarimizni ham ezgu ishlarga undamoqda.
Buning ifodasini Namangan shahridagi 80-umumta’lim maktabi hayotida ham ko‘rish mumkin. Mazkur ilm maskanida saboq olib, bugun jamiyatda munosib o‘rnini topgan, el-yurt ravnaqi yo‘lida faoliyat olib borayotgan tadbirkor maktabdagi barcha 24 ta sinf hamda ma’naviyat xonasiga jami 25 ta zamonaviy televizor sovg‘a qildi. Bu haqda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
1138 nafar o‘quvchiga ta’lim berayotgan 66 nafar ustoz-muallim darsda kompyuter, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari va multimedia vositalaridan oqilona foydalanib kelmoqda.
Himmatpesha tadbirkor o‘z ismini oshkor etishni zarur deb bilmadi. Uning tuhfasidan maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilar hamda pedagogik jamoaning barchasi birdek mamnun.