O‘quvchi va o‘qituvchi hamkor bo‘lsin
Har qanday pedagogik texnologiyaning o‘quv-tarbiya jarayonida qo‘llanilishi shaxsiy xarakterdan kelib chiqqan holda o‘quvchini kim o‘qitayotgani va o‘qituvchi kimni o‘qitayotganiga bog‘liq.
Pedagogik texnologiya asosida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yoshlarning muhim hayotiy yutuq va muammolarga munosabat bildirishi, mustaqil fikrlab, o‘z nuqtayi nazarini asoslashiga imkoniyat yaratadi. Hozirgi innovatsion jarayonlarda ta’lim tizimi oldidagi muammolarni hal etish uchun yangi axborotni o‘zlashtiradigan va o‘zlashtirgan bilimini baholashga qodir, tezkor qarorlar qabul qiluvchi, mustaqil va erkin fikrlaydigan shaxslar kerak. Shuning uchun ham o‘quv-tarbiya jarayonida zamonaviy o‘qitish uslublarining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
O‘qitish jarayonida natijaga erishishda qo‘llaniladigan har bir ta’lim texnologiyasi o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishi lozim. Zamonaviy o‘quv jarayonida o‘quvchilar mustaqil fikrlab, ijodiy izlanishlar olib borib, mavzuni tahlil qila olishlari kerak. Ko‘r-ko‘rona yodlab olish, kitobdan konspekt qilib kelib baho olish — bu bilim egallash degani emas.
Har bir dars, mavzu o‘quv predmetining o‘ziga xos texnologiyasi bor. O‘quv jarayonidagi pedagogik texnologiya aniq ketma-ketlikdagi yaxlit jarayon bo‘lib, u o‘quvchining ehtiyojidan kelib chiqqan holda bir maqsadga yo‘naltirilgan, oldindan puxta loyihalashtirilgan va kafolatlangan natija berishga qaratilgan pedagogik jarayondir.
Pedagogik maqsadning amalga oshishi va kafolatlangan natijaga erishish o‘qituvchi va o‘quvchining hamkorlikdagi faoliyati, ular qo‘ygan maqsad, tanlagan mazmun, uslub, shakl, vosita, bir so‘z bilan aytganda, texnologiyaga bog‘liq.
O‘qituvchi va o‘quvchining maqsaddan natijaga erishishida qanday texnologiyani tanlashlari ular ixtiyorida, chunki har ikkala tomonning asosiy maqsadi aniq natijaga erishishga qaratilgan bo‘lib, bunda o‘quvchilarning bilim saviyasi, guruh xarakteri, sharoitga qarab ishlatiladigan texnologiya tanlanadi. Masalan, natijaga erishish uchun, balki kompyuter bilan ishlash lozimdir, balki film yoki tarqatma material, chizma va plakat, turli adabiyotlar kerak bo‘lar. Bularning hammasi dars ishtirokchilarining tanloviga bog‘liq.
Shu bilan birga, o‘quv jarayonini oldindan loyihalashtirish zarur. Bu jarayonda o‘qituvchi o‘quv predmetining o‘ziga xos tomonini, joy va sharoit, o‘quvchilarning imkoniyat va ehtiyoji-yu hamkorlikdagi faoliyatni tashkil eta olishini hisobga olishi kerak. Shundagina, kerakli kafolatlangan natijaga erishish mumkin.
Ulug‘oy XUDOYNAZAROVA, Oqqo‘rg‘on tumani agrosanoat va tadbirkorlik kasb-hunar kolleji direktori