Bolaligimdan qolgan yodgorlik
Har 4 yilda yangi o‘quvchilarni qabul qilganimda, ularni bolaligimdan esdalik, men uchun aziz, qimmatbaho kundaligim bilan tanishtiraman. O‘quvchilik davrimdagi yozuvlarimni, xulqimni, baholarimni, ustozlarimning, qolaversa, ota-onamning imzolarini ko‘rgan bolalarning ko‘zida hayrat, hayajonni ko‘rib, 34 yillik kundaligimni yanada asrab-avaylashni, bugungi kun yoshlari tarbiyasida asqotishi mumkinligini o‘ylayman.
Adashmasam, 1985-yili 5-sinfda o‘qib yurgan paytlarimdagi bu kundaligimga 34 yil to‘ldi. O‘quvchilarimga ta’lim-tarbiya jarayonida kundalik yuritishni o‘rgatayotgan daqiqada o‘zim tutgan kundalikni namuna qilib ko‘rsataman. Ayrim erinchoq, vaqtida kundaligini yuritib bormaydigan bolalar nuqul bir xil gapni qayta-qayta yozadi: “O‘qib kelish, aytib berish”. Xullas, nomigagina to‘ldiradi. Shunday bolalarga har bir fandan berilgan topshiriq aniq, ochiq yozilishi kerakligi, kundalik o‘quvchining qaydnomasi sifatida ham zarurligini ta’kidlayman. Avvalgi o‘quvchilarim olgan baholarimga qiziqardi. Hozirgi o‘quvchilarim ancha sergak, hushyor, barisini nazardan chetda qoldirmaydi. 4-sinflarga ayni kerak daqiqada kundalikni ko‘rsatganimda bir o‘quvchim: “Ustoz, sizning “5” bahongiz ustozingiznikiga juda o‘xshab ketarkan”, deganda, o‘zim ham bunga shu paytgacha sira e’tibor bermaganimni angladim. Qiziqib, yaxshilab taqqoslab, o‘quvchimning zehniga qoyil qoldim.
Yana bir quvnoq, sho‘x o‘quvchim Jasurbek: “Ustoz siz ham “2” baho olganmisiz?” deb savol berdi. Shunda kundaligimning 42-sahifasidagi matematika fanidan katta qilib qo‘yilgan “2” bahoni ko‘rsatdim. O‘quvchilarim umrida “2” bahoni ko‘rmagandek ko‘zlari katta-katta bo‘lib kundalikka yopisha ketishdi. Bir o‘quvchim “Vazifani tayyorlab kelmaganmidingiz, ustoz?”, desa, boshqasi yana savolga ko‘mib tashladi. Shunda men ularni tinchlantirib, matematika darsida yangi mavzuga quloq solmay she’r yozib turganim bois jazolanganligimni aytganimda, “Nega shu paytgacha bu “2” ni ko‘tarib yuribsiz, yirtib tashlasangiz ham bo‘lardi-ku”, deya bidirladi a’lochi Ruxshona.
Shunda o‘quvchilarimning boshini silab, “Inson hayotda rostgo‘y, kamchiligini tan ola biladigan, faqat yutuqlar bilan g‘ururlanish emas, xatolarini tushunib yetadigan bo‘lib ulg‘ayishi lozim. Bunday insoniy fazilat egasi bo‘lib kamolga yetganlar katta hayot ostonasida ham to‘siqlarni yengishga o‘zida kuch topa oladi. Chorasiz qolmaydi”, deya nasihat qildim. Agar “2” bahoni yirtganimda sizlar balki menga ishonmay qolishingiz mumkin edi. Chunki kundalik sahifasidan yirtilganini ayrim ziyrak bolalar darrov bilib oladi. O‘quvchilarimga bolaligimdagi “2” ham “5”larim qatori qadrdonligini, uning ortida aziz ustozimning imzosi qo‘yilganligini, bular men uchun nechog‘lik mo‘tabarligini uqtirib o‘tdim.
Darsim so‘ngida marhum ustozlarimni, ularning bejirim imzolarini, baholarini yodga olib, kundaligim haqida yozgan she’rimni o‘qib berdim.
Dilnoza RO‘ZIMUROD qizi