“Ustozlar – kasaba uyushmalari e’zozida” tanlovining Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi
Poytaxtimizdagi 328-maktabda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi rayosatining qarori asosida tashkil etilgan “Ustozlar — kasaba uyushmalari e’zozida” respublika tanlovining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Xalq ta’limi tizimida kamida 20 yil, boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi sifatida esa kamida 10 yildan buyon muntazam faoliyat yuritib kelayotgan 31 nafar qo‘mita raisining taqdim etgan ishlari va hujjatlari ishchi guruh a’zolari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilarning har biri bilan alohida suhbat o‘tkazildi. Ularga tanlov doirasida savollar berilishi barobarida kasaba uyushmalarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ahamiyatini yanada oshirish borasidagi fikr-mulohazalari va takliflari bilan ham atroflicha tanishildi.
Suhbat jarayonida nomzodlarning pedagogik hamda kasaba uyushmalaridagi faoliyati aks ettirilgan hujjatlar va taqdimotlar haqqoniy, xolis, adolatli baholandi. Shu bilan birga, qo‘mita raisining bilimiga, fikrlashiga, o‘z sohasi va kasaba uyushmalari faoliyatini qay darajada bilishiga, topshirilgan vazifalarga qanday yondashuviga, tashabbuskorligi, izlanuvchanligi, tashkilotchilik, yetakchilik qobiliyatiga egaligiga, qo‘l ostidagilar va jamoadoshlarini qay darajada birlashtira olish xislatlariga ham ahamiyat qaratildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar bilan suhbat davomida ishchi guruh a’zolari ularga tegishli ko‘rsatmalar, yo‘l-yo‘riq va maslahatlar berdi. Nomzodlarga pedagogik va boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi sifatidagi faoliyatida yana ham shijoat, g‘ayrat bilan ishlashi kerakligi, kasaba uyushmalari faoliyati samaradorligini oshirish hamda bu orqali maktablarda yosh avlodni har tomonlama yetuk shaxs etib tarbiyalash uchun mehnat qilayotgan o‘qituvchilarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash va ularning haq-huquqlarini himoya qilishi lozimligi ta’kidlandi.
— Tanlovning shahar bosqichiga yetib kelgan ishtirokchilar ishlari matbuot nashrlari, xususan, “Ma’rifat” hamda “Ishonch” gazetalarida chop etilishi rejalashtirilgan, — deydi O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Toshkent shahri bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi, ishchi guruh a’zosi Abduxalil Rahmonov. — Tanlovda o‘z faoliyatini haqqoniy ko‘rsatib berolgan boshlang‘ich tashkilotlar raislarining tajribalarini ommalashtirish maqsadida alohida raislik kengashi, Toshkent shahar kasaba uyushma tashkilotlari birlashma kengashi va Respublika kengashining Rayosati qarorlarini qabul qilib, bitta boshlang‘ich tashkilot ishini hududiy boshlang‘ich tashkilotlarga tayanch, namuna sifatida ko‘rsatamiz. Bu hammamizga yana bir karra mas’uliyat yuklaydi.
Ishtirokchilar suhbat va ularning tanlovga taqdim etgan hujjati nizomiga ko‘ra muayyan mezonlar asosida baholandi. Unga ko‘ra, Yunusobod tumanidagi 96-maktabning boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Gulsara Saydaliyeva 1-, Shayxontohur tumanidagi 41-maktabning boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Umida Nurmatova 2-, Sergeli tumanidagi 47-maktabning boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Sayyora Ergasheva 3-o‘rinni egalladi va tanlovning respublika bosqichida ishirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
G‘oliblar tashkilotchilarning maxsus diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dilrux ISOMIDDINOVA,
O‘zJOKU talabasi