“Konspektni qanday yozishimiz kerak?”
O‘qituvchining bilim va mahoratini ko‘p narsa belgilaydi. Aytaylik, uning o‘z fani bo‘yicha bilimi, mustaqil fikrlashi, dunyoqarashining kengligi, yozma savodxonligi, nutqi ravonligi, qo‘llagan metodikasiga qarab qanday ekaniga baho beramiz. Ammo xoh u tajribali, xoh yosh muallim bo‘lsin, har bir pedagog darsga kirishdan oldin ruhiy va metodik jihatdan taraddud ko‘rmas ekan, uning bilim va mahorati o‘z natijasini bermaydi. Ish reja va konspekt kabi o‘qituvchi uchun zaruriy hujjatlarning qanchalik muhimligi bugun pedagoglar o‘rtasida katta bahsga sabab bo‘lyapti. Xususan, “Ma’rifat” mushtariylari” “Telegram” guruhida o‘qituvchilar shunday fikrlarni bildirishdi.
Dilora JO‘RAYEVA, Yashnobod tumanidagi 255-maktab rahbari:
— Men “Telegram” guruhlarida bir-biri bilan tayyor ish rejani almashib, tayyor konspektlar to‘plami bilan “qurollanib” olayotgan o‘qituvchilarga hayron qolaman. Aslida, har bir ish reja o‘sha maktabning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib tuzilishi kerak. Shunday ekan birov tuzgani birovning sharoitiga to‘g‘ri kelmaydi. Ammo o‘qituvchilar ko‘chiraveradi. Bu ko‘r-ko‘rona ishlash, ko‘zbo‘yamachilik, xolos. Konspektlarni ham bir to‘plam qilib qo‘yadi-yu, ammo ularga bir marta bo‘lsin murojaat qilmaydi, chunki ular birovdan ko‘chirilgan.
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi:
— O‘qituvchilarimiz oxirgi yetti yillikda ish reja, konspektlarning tayyorini ko‘paytirib olishga o‘rganishdi. Tanqid qilsangiz, kompyuter zamoni, deydi. Ammo bu tayyor konspektlarning aksariyati shunchaki kitobdan ko‘chirilgan. “To‘garak mashg‘uloti va dars ishlanmalari bor”, deya e’lon bergan “biznesmen”lar necha-necha avlodni savodsiz qilayotganini, sotib olgan kishi esa kimningdir “sovuniga kir yuvayotgani”ni bilarmikan? Afsuski, maktab rahbariyati ham hujjatni tasdiqlaguncha bir marta bo‘lsa-da, nazar solmaydi, konspektda ko‘rsatilgan jihozlarni so‘ramaydi.
Madina BAXSHILLOYEVA, Romitan tumanidagi 23-IDUM o‘qituvchisi:
— Bizning maktabimiz ona tili faniga ixtisoslashtirilgan. Boshqa maktablarning o‘quv rejalari bizga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun dastur va darslik asosida yangi o‘quv rejani har yili o‘zimiz tuzamiz. Dars ishlanmalarini ham kompetensiya asosida yozamiz. Elektron shaklda tayyorlasak ham, uni ixtisoslashgan o‘quv reja asosida tayyorlaymiz. Har bir maktabning va har bir pedagogning ish reja va dars ishlanmalari bir-biridan farq qilishi kerak, deb o‘ylayman. Axir bitta dars ishlanmasi ham bitta ilmiy asardek gap.
Hafiza RASHIDOVA, Termiz shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Yangi o‘quv yilining ikkinchi haftasi boshlandi, lekin hanuz ustozlar ijtimoiy tarmoqda ish reja va dars ishlanma so‘rashyapti. Hayron qolaman, 4-sentabrdan buyon me’yoriy hujjatlarsiz qanday dars o‘tishyapti ekan? Hujjatlar avgust oyida tasdiqlangan bo‘lishi kerak-ku! Tayyor dars ishlanmani sotib olish, kasbiga xiyonat qilish bilan barobar, deb o‘ylayman. Dars ishlanmasini yozish jarayonida bilimimizni oshirib boraveramiz. Yangiliklar bilan boyitamiz, mavzuga moslab ko‘rgazma tayyorlaymiz. Ijtimoiy tarmoqda tashlangan dars ishlanmasini qiziqib ko‘rdim. Dars bosqichlaridagi maqsadlar va dars uslubi, jihozlar bir xil yozilgan. Bu juda kulgili nazarimda. Dars bosqichlarining mazmuni, jihoz va asbob-moslamalar mavzuga mos bo‘lishi kerak.
Sevara OTABOYEVA, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi:
— Dars ishlanmani har bir o‘qituvchi o‘zi xohlagandek, o‘ziga qulay qilib yozsa yaxshi bo‘lardi. Shunda u faqatgina tasdiqlanishi shart bo‘lgan hujjat emas, balki darsni mazmunli tashkil etishga xizmat qiluvchi dasturilamalga aylana oladi. Shunda hech kim sotib olishni o‘ylamay o‘ziga kerakli qaydlarni yozib, tejagan vaqtini dars uchun materiallar tayyorlashga sarflar edi. Angliyada malaka oshirishda bo‘lganimda maktablarga ham bordik. U yerdagi o‘qituvchilardan dars ishlanmasi haqida ham so‘radim. Ular shaxsiy yon-daftarlariga darsda nimalar qilish maqsadini qayd etib qo‘yisharkan.
Oybek O‘RUNOV, Denov tumanidagi 27-maktab o‘qituvchisi:
— Har bir o‘qituvchi ish rejani o‘zi xohlaganidek tuzolmaydi. O‘quv yili boshlanishi oldidan har bir fan bo‘yicha o‘quv dasturi tasdiqlanib, xalq ta’limi bo‘limlariga yetkaziladi. O‘quv dasturida darslikdagi qaysi mavzuga necha soat ajratilganligi belgilab qo‘yiladi. Maktab pedagogik kengashi qarori bilan o‘qituvchi tomonidan o‘quv dasturi 15 foizgacha o‘zgartirilishi mumkin!
Shohida HAMROYEVA, Romitan tumanidagi 33-maktab o‘qituvchisi:
— O‘tgan o‘quv yilida barcha dars ishlanmalarimni internetdan tayyor olgan edim. Hujjatlarim “Bormi? Bor!” qabilida turardi. Borgan sari har darsim natijasiz o‘tayotganini anglay boshladim. Yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rdim, ta’til davomida o‘z ustimda ishladim. Mana, darslar boshlanganidan buyon har bir darsim uchun konspektni qo‘lda yozib, ko‘proq ijodiy darslar tashkil etishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Darsimga barcha o‘quvchi birdek quloq solib, mavzuni oson tushunib olayotganini sezyapman. Konspektlarimiz qo‘lyozma yoki kompyuter variantda bo‘lishidan qat’i nazar, u o‘z ijodimiz bo‘lishi kerak.
Nasiba TOJIYEVA, Uchquduq tumani XTB metodisti:
— Hozir “Telegram” tarmog‘idagi o‘qituvchilar guruhlarining barchasida o‘qituvchilar bir-biridan konspektlarning elektron variantini so‘raydilar. Ammo o‘sha tayyor dars ishlanmalardagi metodlar, ko‘rgazmali qurollar hammaga ham mos keladimi, qolaversa, sinf o‘quvchilarining bilim darajasiga moslab yozilganmi, buni hisobga olmaydigan o‘qituvchilar ko‘p.
Dilnoza NARZULLAYEVA, Vobkent tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi:
— Dars konspektlarini tayyor sotib olayotganlarga e’tirozim bor. O‘sha “tayyornoma”larda ayrim o‘qituvchilarga hali ma’lum bo‘lmagan yangi metodlardan foydalanilgan. Agar ustozlar konspektning ichini ochib qarab, yangi usulni o‘rganib olsa, nur ustiga nur.
Dilfuza SUVONOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi:
— Har konspektimizda darsning maqsadini har xil yozsak ham, aslida, tub mohiyati bir xil: mustaqil fikrlaydigan, bilimli, salohiyatli yoshlarni tarbiyalash. Konspektga dars davomida qaralmaydi. Yo‘q, deyishga shoshilmang, o‘ylab ko‘ring. Va yana dars o‘tayotganimizda birdan yangi fikrlar tug‘iladi, yaratgan asarimizdan biroz chetlashamiz. Bolalarning darsdagi ishtirokiga qaraymiz-ku! Bir kun oldin yozgan konspektidan dars davomida chetlashmaydigan o‘qituvchi bormi o‘zi? Yana bir gap, repetitorlar konspekt yozishmaydi. Ular shunchaki qisqa reja qilishadi. Har kungi darsiga uch xil maqsadni yozib o‘tirmaydilar. Ammo yutuq ular tarafda. Siz va biz mahorat bilan uch-to‘rt varaq san’at asari yozayotganimizda, ular bolalarimizga bilimni ko‘proq berib qo‘yishyapti. Tan olaylik — bu ayni haqiqat. Fikrimcha, biz ham bir necha betli konspekt yozmasdan, reja qilib dars o‘tsak, o‘quvchilarimiz ko‘proq bilim olardi.
Zilola MADATOVA tayyorladi.