Har kim ham o‘qituvchi bo‘lolmaydi
"Baribir o‘qituvchi bo‘lmayman". Bolaligimda otamga shu gapni ko‘p aytardim. Chunki u kishi pedagog bo‘lishimni xohlardi. Mening istagim esa tamoman boshqa edi: shifokor bo‘lishni orzu qilardim. Tezroq katta bo‘lsam, o‘qish-yozishni bilib olsam-u, egnimga oq xalat kiyib, odamlarni davolasam derdim. Shuning uchun maktabga borishga juda oshiqqanman.
Har kuni mahalladan sumka ko‘tarib o‘tayotgan yigit-qizlarni ko‘rganimda maktab qanday joy ekan o‘zi, deb qiziqardim. Nihoyat, yetti yoshga to‘ldim. Birinchi sinfga bordim. Bildimki, maktab aynan men xohlagan maskan ekan. O‘sha paytda devorlari nuragan, sovuq kunlarda pechkadagi ko‘mir taftidan arang iliydigan ko‘rimsiz sinf xonalar, eskirgan partalar, tez-tez siyohi tugab qoladigan, ba’zan yaxshi yozmay, ust-boshimni “bezab” qo‘yadigan peroli ruchka ham juda-juda qadrli edi menga.
"Qo‘rqqanim uchun yaxshi o‘qiganman". Men ancha payt shunday xulosa bilan yurdim. Maktabni shu o‘yda bitirdim, shu o‘y bilan institutga kirdim, tamomladim. Faqat ish boshlaganimdagina tushundimki, adashgan ekanman... Bu qo‘rquv emas, o‘z kasbining chinakam fidoyisi, haqiqiy bilimdoniga murg‘ak yuragimda uyg‘ongan kuchli havas, yuksak hurmat ekan aslida.
Gap shundaki, maktabda hamma fan o‘qituvchilarini yaxshi ko‘rardim, darslarni a’lo baholarga o‘zlashtirardim. Birgina ingliz tili o‘qituvchimiz Robiya Qahhorovadan negadir doim qo‘rqardim. Ustoz juda qattiqo‘l, talabchan edi. U kishidan tanbeh eshitishdan shu qadar cho‘chirdimki, hozir ham o‘sha paytlardagi yuragim gupur-gupurini, vujudim titrog‘ini his qila olaman. Shuning uchun ingliz tilidan astoydil dars tayyorlardim, o‘qituvchim o‘rgatganlarining har birini tushunib olishga, eslab qolishga astoydil tirishardim. Hayiqish bilan bir paytda men ustozning ingliz tilida ravon va chiroyli so‘zlashishiga astoydil havas qilardim. Dars o‘tish uslublari ham boshqalarnikidan ajralib turardi. Har bir o‘quvchi bilan alohida ishlardilar. Mavzularni xuddiki sahnalashtirilgan ko‘rinishda tushuntirib berardilar.
Ana shu inson orzularimni yangiladi. Ingliz tilini mukammal o‘rganib, styuardessa yoki tarjimon bo‘lish istagi tug‘ildi menda.
Maktabni tamomlagan paytim otam yana o‘sha gapni aytdi. “O‘qituvchi bo‘lasan!”. Bu safar rad etolmadim. U paytlar repetitor degan gap yo‘q edi. Lekin imtihonlarga puxta tayyorlangan abituriyent o‘qishga kira olishiga har doim ishonch bor edi. Xullas, darslardan so‘ng mustaqil o‘qidim, o‘rgandim. O‘sha paytdagi Buxoro davlat pedagogika institutining ingliz filologiyasi fakultetiga hujjat topshirdim. Shu dargohga birinchi o‘rinda qabul qilindim.
"Nega o‘qituvchi bo‘lolmas ekanman?!" Kun kelib, o‘zimga o‘zim shu savolni beraman deb sira o‘ylamagandim. Ishonasizmi, 4 yil o‘qib, erta-indin pedagoglik diplomini olish arafasida turib ham haligacha baribir o‘qituvchi bo‘lmayman degan xayolda edim chunki. Rostini aytsam, talabalikning beshinchi kursini deyarli o‘qimadim. Dekanimiz ruxsati bilan Buxorodagi Chorbakr manziliga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlarga tarjimonlik qildim. Ishga shu qadar berilib ketganimdan institutda o‘quv yili tugab bo‘lganiga qaramay, uyga qaytish xayolimga ham kelmasdi. Tarjimonlik shunchalik yoqib qolgandi-da.
Otamning Buxoroga kelishi bularning bariga nuqta qo‘ydi. Dadam meni uyga qaytarish uchun atay Navoiydan yetib kelgandi.
O‘zim tahsil olgan maskan Karmana tumanidagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga ishga joylashdim. Birinchi dars o‘tadigan kunim sira esimdan chiqmaydi. Ilk dars soatim 11-sinf o‘quvchilariga to‘g‘ri keldi. Shuning o‘ziyoq meni yanayam hayajonga solib qo‘ydi. Chunki kichik yoshdagi sinflar bo‘lsa, ularga gap uqtirish oson, ammo aqlini tanib, ancha-muncha sho‘xliklar qilib ulgurgan o‘quvchilarni yo‘lga solish baribir qiyin-da.
Qanday bo‘larkin? Nima qilaman? Shu savollar iskanjasida tavakkal sinfxonaga kirib bordim. Qo‘rqanimcha bor ekan. O‘quvchilar menga quloq solishmadi. Bunday holat ko‘p takrorlandi. Har kun uyga kelib yig‘lardim, o‘qituvchilik qo‘limdan kelmaydi derdim. Bir kun o‘zimga savol berdim: Nega o‘qituvchi bo‘lolmas ekanman?! Nima qilsam, o‘quvchilar meni eshitadi, darsimga qiziqadi? Ularning hurmatini, ishonchini qozonish kerak. Buning uchun doim bir xil qolipda – salomlashish, davomatni bilish, o‘tilgan mavzu bo‘yicha o‘quvchilarni baholash, yangi mavzuni tushuntirish jarayonlari bilan o‘tiladigan darslarga yangilik olib kirish haqida o‘yladim. Ustozim Robiya Qahharova shunday yo‘l bilan bizni o‘ziga rom etganini esladim. Qarang, shu yerda ham o‘qituvchim menga o‘rnak bo‘ldi.
Xullas, yangi ruh, yaxshi kayfiyatda ishga kirishdim. Til o‘rganishda avvalo, uni sevishdan muhimi yo‘q. Bu muhabbatni uyg‘otishga mas’ul, ta’bir joiz bo‘lsa, qodir inson – muallim. Shuning uchun ham men dastlab o‘quvchilarga til bilishning ahamiyati, ingliz tilining imkoniyatlari haqida taniqli olimlar, mashhur insonlar hayotidan misollar keltirdim.
Dars boshlashdan avval o‘quvchilardan yurtimiz va xorijdagi eng muhim yangilik, xabarlarni ingliz tilida qisqacha so‘zlab berishini so‘radim. Bu usul bilan o‘quvchilar ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan boxabar bo‘lardi. Shu bilan birga voqelikni o‘z nutqida tushuntirib berish jarayonida so‘z boyligini orttirishga erishardi.
Barcha o‘quvchiga birday to‘g‘ri keladigan til o‘rgatish usuli mavjud emas. Shuning uchun o‘qituvchi har bir mavzuga yangi bir yondashuv olib kira olishi kerak. Ingliz tili ayniqsa, shunisi bilan murakkabki, birgina harf turli o‘rinda har hil talaffuz qilinadi. Bir harfni qisqa yoki cho‘zib talaffuz qilish ham tamoman boshqa ma’nodagi ikkinchi so‘zni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois o‘quvchilarga ko‘proq to‘g‘ri talaffuzni o‘rgatdim. Har kuni, ba’zan tonggacha ko‘rgazmali vositalar tayyorladim. Sa’y-harakatlarim zoye ketmadi. Darslarimga o‘quvchilarning qiziqish, e’tibor bilan yondashayotganini ko‘rib, o‘zimning ham ishimga mehrim ortib boraverdi. Fan olimpiadalarida o‘quvchilarim faxrli o‘rinlarni olganda, ota-onalar ayniqsa, o‘quvchilarimning tilidan rahmat eshitganimda men amin bo‘ldim: o‘qituvchilik – mening taqdirim, mening baxtim va faxrim. Bir paytlardagi kabi afsuslarga endi umuman o‘rin yo‘q hayotimda.
Shunday bo‘lar ekanki, maktab o‘qituvchining uyiga, jamoa oilasiga, o‘quvchilar farzandiga aylanib qolarkan. Men bunga ishonmasdim, o‘zimdan bunday munosabatni kutgan ham emasdim.
Seni ustoz deb atashganda ko‘nglingda sharaf bilan birga katta mas’uliyat ham uyg‘onarkan. Men shu maqomga munosibmanmi degan savolni ko‘ndalang qo‘yuvchi mas’uliyat bo‘larkan bu. Umrining 35 yilini ta’lim-tarbiyaga bag‘ishlagan inson sifatida haligacha shu savol, shu o‘y men bilan birga.
Bugun qizim ham yosh pedagog. Unga qarab o‘zimning ilk faoliyat davrimni eslayman. Tajribalarimdan olgan xulosalarim, tavsiyalarimni hamisha unga o‘rgataman. O‘ylaymanki, hozir aytmoqchi bo‘lganlarim boshqa yosh hamkasblarimga ham qo‘l keladi.
O‘quvchi o‘zlashtirishda qiynalayaptimi, demak, ayb o‘qituvchida. Ha, xuddi shunday. Chunki muallim o‘quvchilarni hamma vaqt tushuna olishi lozim. Uning kechinmalari, hissiyotlari, muammolariga befarq qarab bo‘lmaydi. Faqat shu yo‘l bilan bolani qiziqtirish, salohiyatini ko‘rsatish va uning imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, iste’dodini kashf etish mumkin. Bu borada buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoyning ushbu fikrlari hech bir izohga hojat qoldirmaydi: “O‘qituvchi faqat o‘z kasbiga mehr qo‘ygan bo‘lsa – u yaxshi o‘qituvchidir. Agar o‘qituvchi faqat o‘quvchisiga mehr qo‘yib, uni xuddi ota-onasi kabi yaxshi ko‘rsa – u barcha kitoblarni o‘qigan, bilimli, lekin kasbi va o‘quvchilarga mehri bo‘lmagan o‘qituvchidan ko‘ra, albatta yaxshiroqdir. O‘zida ham kasbiga, ham o‘quvchiga nisbatan mehrni jamlagan o‘qituvchi esa – komil ustozdir”.
Saboq berish – mahorat, dars o‘tish – san’at. Men shunday o‘ylayman. Yaxshi pedagog bo‘lish uchun o‘z fanini chuqur bilishning o‘zi yetarli emas. Masalan, mening turmush o‘rtog‘im ximiya fanini juda yaxshi biladi. Lekin uni boshqalarga o‘rgata olmaydi. Chunki buning uchun metodikani bilish kerak. Shuning uchun hamma bilimdonlar ham ustozlik qilolmaydi.
O‘qituvchilik serqirra faoliyat aslida. U deyarli har bir fan bo‘yicha hech bo‘lmaganda umumiy bilimlarni egallashi, yaxshi notiq, malakali psixolog, o‘rni kelganda mahoratli aktyor ham bo‘lishi kerak.
Bolaga o‘rgatmang, o‘rganishga istak uyg‘oting! Nega deysizmi? Bolaning o‘zida o‘qishga xohish-istak va buni eplay olishga ishonch uyg‘otilmaskan ekan, o‘qituvchining barcha sa’y-harakatlari havoga sovuriladi. Bu borada amerikalik yozuvchi, faylasuf Elbert Xabbart shunday degan: “Bolani o‘qitishdan maqsad – o‘qituvchisiz rivojlanishni davom ettirish imkoniyatini berish”. Haq gap. Agar o‘quvchi faqat dars jarayonida savollarga javob berolsa, buni bilim deyishga shoshilmagan ma’qul. Haqiqiy bilim mashg‘ulotlardagina emas, hayotda, amalda o‘z kuchini ko‘rsatishi kerak. Buning uchun o‘qituvchi o‘quvchining qiziqish va imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olishi kerak. Bunda rag‘batlantirish usuli nihoyatda muhim.
Navoiy shahridagi 11-maktabda uzoq yil mobaynida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida mehnat qilgan paytlarim jamoamiz bilan aynan shu jihatga alohida e’tibor qaratdik. O‘quvchilarni faxriy yorliq, maqtov yorliqlari, turli kitoblar bilan taqdirlab, ularning izlanish va intilishlarini imkon qadar qo‘llab-quvvatlashga harakat qildik. Bunda hech bir o‘quvchi nazardan chetda qolgan emas.
Бу ularning darslarni o‘zlashtirishiga o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazmay qolmagan. Qadrdon maktabimizda bu an’ana hozir ham bor. Shuning uchun ham mazkur maskan ta’lim sifati bo‘yicha respublika miqyosida doim yetakchilar safida bo‘lib kelayapti.
Ta’limda jo‘n va oddiy narsaning o‘zi yo‘q. Bunga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Masalan, o‘qituvchi foydalanadigan oddiygina qizil ruchka ham bolaning kelajagini hal qilishi mumkin. Ajablanmang. Bundan xabar topgan paytim men ham dastlab hayron bo‘lgandim. Bu haqda internetda o‘qigandim. Tajribali psixoterapevt aytishicha, o‘qituvchi tomonidan o‘quvchining daftaridagi qizil ruchkada ajratib ko‘rsatilgan xatolar uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Chunki qizil ruchkada belgilangan xatolar o‘quvchining ko‘ruv xotirasi (fotoxotira) orqali ong ostida saqlanib qolarkan. U aynan qizilda ajratib ko‘rsatilgan xatolarnigina eslab qolarkan, to‘g‘ri yozilgan harflarni yoki to‘g‘ri yechilgan misollarni emas. Bu bilan o‘qituvchi o‘zi anglamagan holda o‘quvchisida o‘zidan qoniqmaslik, o‘zidan norozi bo‘lish, o‘ziga ishonmaslik tuyg‘usini shakllantirib qo‘yarkan. U ulg‘ayganda ham ko‘proq negativ tuyg‘ular bilan yasharkan. Demak, o‘quvchinining to‘g‘ri bajargan amallari alohida ajratib, ko‘rsatib berilsa, unda o‘zidan qoniqish hissi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi. Psixotrapevt bunda yashil ruchkadan foydalanishni tavsiya qilgan.
Ko‘ryapsizmi, birgina ruchka ham o‘quvchining hayoti, kelajagi, butun umriga qanchalik daxl qilayapti. Yana bir narsa: maktabda ta’lim berishning o‘zi kifoya emas. Ta’lim har doim tarbiya bilan uyg‘un olib borilishi kerak. Bola asosiy vaqtini maktabda o‘tkazadi. O‘z-o‘zidan uning tarbiyasi ko‘proq ustoz-murabbiylar zimmasiga yuklanadi. Tarbiyada quruq pand-nasihat bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Birinchi navbatda, o‘qituvchi bu borada o‘quvchiga ibrat, o‘rnak bo‘lishi lozim. Negaki, odatda ko‘pchilik o‘quvchi ustozini mukammal, ideal shaxs sifatida qabul qiladi. Unga taqlid qiladi. O‘qituvchining soch turmagidan tortib, har bir so‘zi, xatti-harakati doim o‘quvchining e’tiborida bo‘ladi.
O‘qituvchi va murabbiylar ahvoliga havas qilib bo‘lmasdi. Ha, shunday... edi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchisidan kelajakda qaysi kasbni tanlash haqida so‘ralsa, aksariyati “o‘qituvchi bo‘laman”, deya javob beradi. Nima uchun bu kasbni tanlamoqchi ekanini bilishga urinsangiz muallimini yaxshi ko‘rgani, uning ko‘p narsa bilishiga havas qilgani uchunligini aytadi. Ammo vaqt o‘tib, bolalikdagi maqsadga kimdir sodiq qoladi, yana kimdir esa yo‘q. Buning ko‘p sabablari bor.
Uzoqqa bormaylik, yaqin-yaqingacha kunda-kunora o‘qituvchi majburiy mehnatga – paxta, dala ishlari, ko‘cha tozalash, metallolom yig‘ish, maktab hovlisini supurish va hokazolarga jalb etilardi. Bosh ko‘tarolmaydigan darajada qog‘ozlarga ko‘mib tashlangandi. Kamiga ota-onalarning dag‘dag‘asiga duch keladiganlari ham bo‘lgani rost. Shunday hokisor ustozlarni ko‘rib, ko‘plarning bolalikdagi havasi havas, orzusi orzu bo‘lib qolib ketgani bor gap. Yashiradigan joyi yo‘q, maosh masalasi ham og‘riqli edi.
Tasavvur qiling, bunday vaziyatda o‘qituvchi navbatdagi darsga qanday tayyorgarlik ko‘radi? Bir yoqda oila, bola-chaqa, ro‘zg‘or tashvishlarini ham chetga surib bo‘lmasa... Bu savollarga shunchaki javob yo‘q edi.
Pedagogika yo‘nalishida 4 yil o‘qib, bolalarga saboq berish sirlarini o‘rganib, biroq o‘qituvchi bo‘lib ishlamagan yaxshi kadrlar yon-atrofimizda bor bo‘lgani ham haqiqat.
Ha, o‘qituvchi va murabbiylarning ahvoliga havas qilib bo‘lmaydigan davrlar ham o‘tdi boshimizdan. Tizimda muammolar to‘planib qolgandi. Bugun ularning ko‘pi hal bo‘layotgani kishini quvontiradi. O‘qituvchining obro‘-e’tibori, hurmati ko‘tarilyapti, maoshi oshayapti, shart-sharoitlari tobora yaxshilanayapti. Bundan suyunmay bo‘ladimi!?
Saboq berish – buyuk ish. Men bunga ishonaman. Inson qanday og‘ir sharoitda, qanchalik qiyinchilikda o‘qigan bo‘lmasin, sevimli ustozini umr bo‘yi esdan chiqarmaydi. Oradan 20-30 yil o‘tsa ham qadrli o‘qituvchisining hatto soch turmagidan tortib, ko‘ylagining guligacha ko‘z oldida kechagiday gavdalanaveradi. Sobiq o‘quvchilarim, shogirdlarim har gal yo‘qlab kelganda, ular bilan xotiralarni eslaganimizda bunga ko‘p bor amin bo‘lganman. Hozir nafaqadaman. Lekin endi farzandimni ham o‘zingiz o‘qitib bering, deb uyimga bolasini yetaklab kelayotgan shogirdlarim ko‘p. Bu kimlar uchun oddiy ish, shunchaki yumush bo‘lib tuyulishi mumkin. Aslida saboq berish – ezgu amal, buyuk ish. Necha-necha daholar ham, dunyoni lol qoldirgulik ixtiro va kashfiyotlar ham aynan o‘rgatuvchining o‘rganuvchiga ko‘rsatgan yo‘l-yo‘rig‘i, turtkisi bilan yaratilgan. Shuning uchun hamkasblarim, izdoshlarim o‘zidan har qancha faxrlansa, shunga munosib.
Nazira RAJABOVA, faxriy o‘qituvchi
Manba: www.uza.uz