Baho kerakmi?
Manbalarga ko‘ra, baho XVIII asrda Yevropada o‘ylab topilgan, ammo muallifi noma’lum. Unga qadar baholash deyarli bo‘lmagan. Bobokalonlarimiz matematika va boshqa fanlarni yaratgan davrda ham baho yo‘q edi. Amir Temur bobomizning xotiralarida “Ustozlarim mulla Alibek yoki Abdulla Qutb bugun menga “5” baho qo‘ydi”, degan joyi yo‘q! Oldinlari ustozlar “5” baho olgan bolaga sen samolyotga minding, “4” baho olgan bolaga sen poyezdga minding, “3” baho olganlarga sen bugun otga minding, deyishardi. Samolyot, poyezd, ot reyting tizimining bobosi, ibtidoiy ko‘rinishi bo‘lgan. Hozir 1-sinfda alifbodan chiqqunga qadar baho qo‘yilmaydi. Nega endi 1-sinfda baho qo‘ymaymiz-u, keyin baholashga o‘tib ketamiz?
Aslida baho faqat shuning uchun o‘qiydigan o‘quvchilarga, xo‘jako‘rsinga ishlaydigan o‘qituvchilarga, tekshiruvchilarning “ko‘zini bo‘yash” uchun rahbarlarga kerak. Haqiqiy bilim olib, fan sirlarini mukammal egallab, kelajakda yurtimizga, xalqimizga sodiq o‘g‘il-qiz bo‘lish uchun intilayotgan o‘quvchilarga baho emas, pirovard natija zarur. Balki baho bir paytlar progressiv usul sifatida o‘zini oqlagandir, ammo bizning davrimizga kelib, u o‘z umrini yashab bo‘ldi. Uning o‘rnini test sinovlari to‘liq egallab bormoqda.
Baho o‘zi nima? U o‘quvchiga o‘zlashtirishi, olgan bilimi uchun o‘qituvchi tomonidan qo‘yilgan nisbiy xulosa. O‘quvchini qo‘rquv va iskanjada tutib turuvchi vosita.
Baho ― boshqarishning hayot inkor etib kelayotgan ma’muriy buyruqbozlik uslubi, qoldig‘i, sarqiti.
Baho ― o‘quvchi uchun o‘qituvchini chalg‘itish, aldash vositasi.
Baho ― o‘quv maskanida demokratiya, insonparvarlik, oshkoralik, fikrlar xilma-xilligi tamoyillarini to‘xtatib turgan to‘siq, g‘ov.
Baho ― o‘quv-tarbiya ishlarining “oyog‘idan tortib turuvchi”, bilimsizlikni xaspo‘shlash uchun kerak bo‘lgan vosita.
Baho ― o‘qituvchi bilan o‘quvchining “yashinmachoq” o‘yini.
Baho ― o‘qituvchini ham, o‘quvchini ham yalqovlashtirib qo‘yadigan omil.
Baho ― ota-onani g‘aflatda, armonda qoldiruvchi zahar.
Baho ― puch yong‘oq.
Baho ― o‘quvchining qiziqishi va intilishlarini to‘xtatib turuvchi tormozdir.
Va nihoyat, baho o‘quvchilar oyog‘iga taqilgan kishandir. Undan chiqib ketish o‘ta mushkul, ammo mumkin.
U yoki bu fandan bir darsda baho olgan bola hafta-o‘n kun shu fandan berilgan uyga vazifani tayyorlamaydi. Chunki muallim bir darsda nari borsa 4-5 boladan o‘tilgan mavzuni so‘rab ulguradi. Sinfda esa 30―35 bola o‘qiydi. Demak, unga navbat yana 3 haftadan keyin keladi.
Maktabda bolaga “5” baho qo‘yib, qo‘ltig‘ini puch yong‘oqqa to‘ldirib yuboramiz. Keyin u oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihonidan “yiqilib” keladi. Olti oy repetitorga qatnab, (repetitor baho qo‘ymaydi), oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiradi. Mana bahoning nisbiyligi.
To‘g‘ri, haqiqatga ancha yaqin, foydali jihatlari ham ko‘p. O‘z ustida muntazam ishlab, xalq ta’limini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan o‘qituvchilarimiz barcha tuman, shaharlarda ko‘plab topiladi. Biz ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring. Hakim “3” bahoga o‘qishi mumkinmi? Undan qanday shifokor chiqadi?! U bemorni chala davolaydi, xolos. Yoki doktorlik dissertatsiyasini “3”, “4”, “5” bahoga yoqlabdi, deb eshitganmisiz?! Yo‘q! Bunaqasi hali bo‘lmagan. Falonchi odam doktorlik dissertatsiyasini yoqlabdi yoki yoqlamabdi, deb eshitib turamiz.
O‘quvchilar o‘qituvchilarni ikki toifaga: bahosi qimmat va bahosi arzonga bo‘lib olishgan. Darvoqe, sinfda o‘qiyotgan 30―35 nafar o‘quvchining hammasiga “3” yoki “4” baho qo‘yib bo‘lmaydi. Demak, istalgan sinfdagi o‘quvchilarning taxminan, 10―15 foiziga “5” baho, 40―50 foiziga “4” va qolgan 30―35 foiziga “3” baho qo‘yiladi. Bu standartga, qolipga aylanib qolgan. Qishloq maktabida ham, shahar maktabida ham shu standart. Mabodo, o‘zlashtirish bundan past bo‘lsa, quyi bo‘g‘indagi kattalar yuqoridagi rahbarlar tomonidan “do‘pposlanishi”, “tayoqning tagida” qolishi aniq. Shu bois ham baho oshirib qo‘yiladi. Bu isbotlab bo‘lmaydigan aksiomaga aylanib ulgurgan! Necha yillardan buyon birorta ham maktabda biror o‘quvchi sinfdan sinfga qoldirilmayotgani fikrimiz dalilidir.
Tumanlardan biridagi maktabda ishlaydigan o‘qituvchi savollarga javob berolmay qolgan o‘quvchiga: “O‘tir, bahong “1”, der, choraklik bahosini chiqarish payti o‘sha mash’um, kichkinagina tayoqchani “3”, “4” ga mahorat bilan aylantirib qo‘yar ekan. Ana sizga ko‘zbo‘yamachilig-u, qo‘shib yozish!
Baho ― ilmning kushandasi. U bor joyda haqiqiy ilm bo‘lmaydi. Baho uchun emas, ilm uchun o‘qimoq kerak! Undan qancha tez voz kechsak, shuncha tez fan cho‘qqilarini mustahkam egallab, dunyoga chiqamiz va fan bobida yana bir karra dunyo ahlini lol qoldiramiz. Buning uchun reyting tizimiga o‘tishimiz shart!
Eson MARDON