O‘qituvchining mahorati izlanishda
Bu ta’lim maskanida o‘quvchilar geografiya fanini doimo intiqlik bilan kutishga odatlangan. Har bir dars jarayonida muallima qandaydir yangilik tatbiq etadi, xarita va globusdagi O‘zbekiston deb atalgan zaminni doimo ardoqlashni, uni sevishni o‘rgatadi.
Qirq besh daqiqada o‘quvchilarga o‘z fanim bo‘yicha yana nimalar taqdim etishim kerak? Ularni qiziqtirish uchun qanday uslublardan foydalansa bo‘ladi?
Farg‘onalik o‘qituvchi Dilfuza Izbayeva qadrdon maktabi ostonasiga qadam qo‘yar ekan, xayolini shunday o‘ylar chulg‘ab oladi. Tajribali yosh pedagog mana o‘n besh yildirki, Farg‘ona shahridagi viloyat 4-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida ertamiz davomchilariga geografiya fanidan saboq beradi.
Yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish, ularni barkamol voyaga yetkazishda ustoz-murabbiyning o‘rnini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Zahmatkash kasb egalari o‘g‘il-qizlarimizning dunyoni anglashiga ko‘mak berish, ularni ilm-u fan olamiga olib kirishdek ulug‘ vazifani sharaf bilan ado etib kelmoqda. Dilfuza Izbayeva ham mahoratli, o‘z ustida tinmay izlanishda bo‘lgan o‘qituvchilardan biri. Unda muallimlikka ishtiyoq bolalikdan paydo bo‘lgan. Bu – oilada onasi Havasxon opaning o‘qituvchilik kasbini tanlab, el o‘rtasida hurmat-e’tibor qozonganiga havas tufayli bo‘lsa, ikkinchi tomondan, maktabdagi ustozi Qodirali Yo‘ldoshev uning uchun eng fidoyi inson sifatida qalbida o‘qituvchilikka mehr uyg‘ota olganida.
Maktabdagi boshqa ustozlari ham aniq maqsadlar bilan yashash, hayotda o‘z yo‘lini tanlashga katta yordam bergan. Negadir u boshqa fanlardan ko‘ra geografiya faniga o‘zgacha mehr qo‘ydi. Fan olimpiadalarida doimiy ravishda qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Qo‘qon davlat pedagogika institutining kimyo-geografiya fakultetida tajribali ustozlar, yuqori malakali professor-o‘qituvchilardan saboq olib, fanga qiziqishi yanada oshdi.
D.Izbayeva institutda faoliyat ko‘rsatishi, ilmiy izlanishlarini davom ettirishi mumkin edi. Ustozlarining ham niyati shunday bo‘lgan. Lekin Dilfuzaning bolalikdagi orzulari ustun kelib, maktabda o‘quvchilarga saboq berishga qaror qildi. Shundan buyon Farg‘ona shahridagi viloyat 4-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida o‘quvchilarga geografiya fanidan saboq bermoqda. Darvoqe, Dilfuzaning o‘zi ham o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2016 yilda “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida uchinchi o‘rinni egalladi. Uning bir qator namunali metodik dars ishlanmalari viloyat va respublika miqyosida ommalashtirildi. Xususan, o‘tgan yilda yaratgan “Fan oyligini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar” nomli uslubiy qo‘llanmasi alohida e’tirof etildi.
Joriy yilning 22-26 aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Xalqaro baholash dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish – ta’lim sifatini oshirishning muhim omili” mavzusidagi o‘quv-seminarda ishtirok etdi. Mazkur mavzu bo‘yicha viloyatda tashkil etilgan o‘quv seminarlarida trenerlik faoliyatini olib bordi.
Shuningdek, D.Izbayeva ilmiy va ijtimoiy mavzulardagi maqolalari bilan xalqaro konferensiyalar, ilmiy jurnallarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining tabiiy fanlar kafedrasi bilan o‘quv yili davomida doimiy aloqada bo‘lib, ochiq darslar tashkil etmoqda. Ayni kunlarda u 2021 yilda O‘zbekiston qatnashishi kutilayotgan PISA xalqaro tadqiqot dasturiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida fan to‘garaklarida o‘quvchilar bilan amaliy mashg‘ulotlarni olib bormoqda.
Aslida, qobiliyatsiz bola bo‘lmaydi. Hamma gap ana shu iqtidorni vaqtida ilg‘ab, to‘g‘ri yo‘naltira bilishda. Quvonarlisi, O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi Dilfuza Izbayevaning fidoyi mehnati, mahorati tufayli maktab-internatda geografiyaga ayricha mehr qo‘yib, fanni chuqur o‘zlashtirishga intilayotgan yoshlar ko‘payib borayapti. Qarang, o‘tgan qisqa muddatda shogirdlarining 5 nafari Bilimlar bellashuvi va fan olimpiadalarining shahar va viloyat bosqichlarida g‘oliblikka erishgan.
– Aytish kerakki, o‘qish va o‘qitish ishlarini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish borasidagi sa’y-harakatlarning avvalida o‘qituvchi-murabbiyning kasbiga mehri hamda sadoqati, bilim va tajribasi turadi, – deydi D.Izbayeva. – Zero, o‘quvchisini o‘z faniga qiziqtira olmagan, shogirdiga yetarli saboq berolmagan muallimning mehnatidan naf kutish befoyda. Shundan kelib chiqib, o‘z ustimda muntazam ishlashni faoliyatim mezoniga aylantirganman. Geografiyani o‘rgatishning yangi va eng samarali usullarini qo‘llash orqali o‘quvchilarni bu fan bo‘yicha bilimlarni jadal o‘zlashtirishiga erishayapman.
Ha, Dilfuza Izbayeva kabi fidoyi o‘qituvchilarimiz sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lida samarali mehnat qilmoqda.
Ma’sudjon SULAYMONOV
Manba:uza.uz